Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining muzokaralari boʻlib oʻtdi

0
159
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning taklifiga binoan 19 fevral kuni tashrif bilan Turkiyaga keldi. 

«Esonbugʻa» xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Turkiya hukumati aʼzolari, Anqara muzofoti va shahri rahbariyati, boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Anqara shahridagi Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Mustafo Kamol Otaturk qabriga gulchambar qoʻydi. Mustafo Kamol turk xalqining atoqli farzandi, buyuk davlat arbobidir. U Birinchi jahon urushidan keyin parchalanib, okkupatsiyada qolgan mamlakatni ozod etgan. 1923 yilda mustaqillik eʼlon qilib, hozirgi Turkiya Respublikasiga asos solgan hamda uning birinchi Prezidenti boʻlgan. Mamlakatning bugungi taraqqiyotini belgilab bergan siyosiy, ijtimoiy va madaniy islohotlarni amalga oshirgan. 1934 yilda parlament qonuni bilan unga Otaturk nomi berilgan. U dafn etilgan Anitkabir majmuasi xalq uchun juda qadrli maskanga aylangan.

Davlatimiz rahbari muzey bilan ham tanishdi, majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.  

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdogʻan shohsupaga koʻtarildilar. Oʻzbekiston va Turkiyaning davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan oʻtdilar. 

Shundan soʻng davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

 Oʻzaro manfaatli imkoniyatlarni ishga solish, yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya yigʻilishlarini muntazam oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.

Transport sohasidagi aloqalarni kengaytirish, Turkiya orqali Yevropaga multimodal xalqaro tashuvlarni yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi. 

Intensiv bogʻdorchilik, baliqchilik, chorvachilik, naslchilik yoʻnalishlarida Turkiyaning ilgʻor tajribasini oʻzlashtirish, universitetlar va ilmiy markazlar bilan qoʻshma tadqiqotlar olib borish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Oʻzbekistonda zamonaviy qoʻshma klinikalar va diagnostika markazlari tashkil etish, kichik biznes, toʻqimachilik kabi yoʻnalishlarda qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish taklifi koʻrib chiqildi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda ikki tomonlama siyosiy muloqot va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga intilish qatʼiy ekani yana bir bor tasdiqlandi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.