Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
69
marta koʻrilgan.

Bugun 7 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Suhbat chogʻida ikki davlat rahbarlari tomonidan 2017 yil oktyabr oyida Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi samarali tashrif koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli oʻzbek-turk hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanligi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ushbu tarixiy tashrif yakunlari boʻyicha erishilgan aniq kelishuv va imzolangan bitimlarning bajarilishi, jumladan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, bank-moliya, transport, turizm va boshqa muhim sohalardagi yirik qoʻshma loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Mazkur kelishuvlarni hayotga toʻliq va muddatida tatbiq etish, muhim loyihalarni jadallashtirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida muntazam ravishda muloqotlar olib borilishi va uchrashuvlar oʻtkazilishi yuzasidan kelishib olindi.

Shu oʻrinda Rejep Tayyip Erdogʻan Oʻzbekistonda Turkiya fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy etish boʻyicha qaror qabul qilinganini yuqori baholab, davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorligini bildirdi.

Oʻzbekiston Prezidenti mazkur qaror oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi ekanini alohida qayd etdi. Bunday qarorning qabul qilinishi savdo-iqtisodiy, investitsiya va turizm sohalarida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi va eng asosiysi, qardosh xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlab, turk fuqarolarining Oʻzbekistonga tashrif buyurishlari uchun keng yoʻl ochib berishi taʼkidlandi.

Suhbat davomida xalqaro va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari mintaqada tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash maqsadida joriy yil mart oyida Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Afgʻonistonda tinchlikka erishish boʻyicha xalqaro konferensiyaga Turkiya Respublikasining delegatsiyasini taklif etdi.

Oʻz navbatida, Rejep Tayyip Erdogʻan ushbu tashabbusni yuksak baholab, uni amalga oshirishni toʻliq qoʻllab-quvvatlashi hamda mazkur tadbirda Turkiyadan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishini bildirdi.

Muloqot soʻngida ikki davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va qardoshlik aloqalari hamda anʼanaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga taklif etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.