Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
92
marta koʻrilgan.

Bugun, 16 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon dunyosi uchun shodlik va shukronalik, xayr-saxovat ayyomi boʻlgan qutlugʻ Ramazon hayiti munosabati bilan oʻzaro tabrik almashdilar.

Turkiya Prezidenti ushbu muborak kunlarda Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga tamal toshi qoʻyilganini yuqori baholadi va ushbu markaz maʼrifiy islomni rivojlantirish hamda buyuk ajdodlarimizning boy merosini dunyo hamjamiyatiga yetkazishga xizmat qilishini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Tomonlar oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar yaxshi anʼanaga aylanib borayotganini, ikki mamlakat oʻrtasida abadiy doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlari kun sayin mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladilar.

Shu yil 29 aprel – 1 may kunlari Turkiya Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga amalga oshirgan ilk tarixiy davlat tashrifi doirasidagi samarali uchrashuv va muzokaralar, oʻzaro manfaatli hamkorlikning keng yoʻnalishlari boʻyicha erishilgan aniq kelishuvlar, imzolangan muhim shartnoma va bitimlar mamlakatlarimiz va xalqlarimizning ravnaqi hamda farovonligiga xizmat qilishi chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muloqot davomida ikki davlat rahbarlari savdo, investitsiya, bank-moliya, transport, turizm, infratuzilma va boshqa muhim sohalardagi hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

Shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha fikr almashildi.

Suhbat soʻngida davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi azaliy doʻstlik, qardoshlik va bir-biriga hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlarni hamda qoʻp qirrali oʻzaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.
 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.