24 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Suhbat boshida Davlatimiz Rahbari Rejep Tayyip Erdogʻanni Turkiya Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangani munosabati bilan samimiy tabriklab, unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Oʻzbekiston-Turkiya koʻp asrlik doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlari bugungi kunda yuqori surʼatlar bilan rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan alohida qayd etildi.
Davlatlar rahbarlari, shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng qamrovli va koʻp qirrali hamkorligi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Muloqot soʻngida Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi Prezidentlari barcha sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor bildirdilar.