Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan tor doirada muzokaralar oʻtkazdi.
Yetakchilar Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, doʻstlik va ishonchga asoslangan koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor strategik sheriklik munosabatlar darajasini yuksaltirish, ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga qaratildi.
Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Hukumatlar, vazirlik va idoralar, hududlar darajasida doimiy muloqotlar yoʻlga qoʻyilgan. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdogʻan kooperatsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish orqali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish Oʻzbekiston va Turkiya hamkorligining muhim yoʻnalishi ekanini qayd etdilar.
Shu maʼnoda, mamlakatlarimizning katta salohiyati va imkoniyatlarini, shu jumladan Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya mexanizmidan faol foydalanish orqali roʻyobga chiqarish zarurligi taʼkidlandi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashar ekanlar, mamlakatlarimizning pozitsiyalari oʻxshash ekanini qayd etdilar. Koʻp tomonlama xalqaro institutlar doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.