Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar

0
134
marta koʻrilgan.

15 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va saylangan Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqotlari boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston tomonini gʻoyatda muhim siyosiy tadbir – Prezident saylovi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani, unda Serdar Berdimuhamedov ishonchli gʻalaba qozongani bilan samimiy tabriklab, qardosh Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashga qaratilgan birgalikdagi ishlar davom ettirilishiga ishonch bildirildi.

Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik ijobiy surʼat bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻtgan yil yakunlari boʻyicha oʻzaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari sezilarli darajada oshdi. Chegaradosh hududlar va yetakchi korxonalar darajasida yaqin aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida aniq kooperatsiya loyihalari ilgari surilmoqda.

Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari parlamentlar oʻrtasidagi faol muloqotni, shu jumladan xalqaro tashkilotlar doirasida davom ettirish muhimligini taʼkidladilar.

Boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.