Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

0
17
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov 5 dekabr kuni boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqotda Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Turkman xalqining milliy yetakchisi davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalari tomonlarning eʼtibor markazida boʻldi.

Oʻzaro muloqot va almashinuvlar sezilarli faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻtgan oyda Turkmanistonda Hududlar forumi, sanoat koʻrgazmasi va Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Bundan tashqari, Ashxobod shahrida atoqli mutafakkir va shoir Maxtumquli Firogʻiy asarlarining oʻzbek tilidagi toʻplami taqdimoti va hamda unga bagʻishlab birgalikda suratga olingan badiiy film namoyishi boʻlib oʻtdi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Yuk tashishlar, shu jumladan Turkmanboshi porti orqali koʻpaymoqda. «Shovot — Toshovuz» chegaraoldi zonasi qurilishi davom etmoqda. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa yoʻnalishlarda kooperatsiya kengaymoqda.

Energetika va suvdan foydalanish sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Joriy xalqaro vaziyat va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Suhbat chogʻida davlatimiz rahbari Turkmaniston yetakchisini yaqinlashib kelayotgan bayram — Betaraflik kuni bilan samimiy tabriklab, birodar turkman xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.