Koʻksaroy qarorgohida Turkmaniston Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.
Marosimdan soʻng Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov tor doirada uchrashuv oʻtkazdilar.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston yetakchisini samimiy qutlab, 27 sentyabr kuni nishonlangan bayram – ushbu mamlakat mustaqilligining 30 yilligi bilan yana bir bor muborakbod etdi hamda birodar turkman xalqiga tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladi.
– Har bir uchrashuvimiz tarixiy ahamiyatga ega muhim voqeadir. Barcha erishilgan kelishuvlar hayotga tatbiq etildi va xalqlarimizga xizmat qilmoqda. Bugun sherikligimizning dolzarb masalalarini batafsil muhokama qilish va uzoq muddatli istiqbolga yangi “oʻsish nuqtalarini” belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat boʻladi. Sizning tashrifingiz mintaqaviy va xalqaro maydonda hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi, — deb taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Turkmaniston Prezidenti mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar yuksak darajaga yetganini qayd etdi.
– Oʻzbekiston – bizning yaqin qoʻshnimiz va strategik sherigimiz. Keyingi yillarda hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Bu siyosatda ham, savdo-iqtisodiy sohada ham, madaniy-gumanitar sohada ham oʻz aksini topmoqda. Mintaqaviy va xalqaro masalalarda bir-birimizni qoʻllab-quvvatlayapmiz. Chunki maqsadlarimiz hamohang, — dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.
Uchrashuvda davlat rahbarlari koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik, oʻzaro ishonch va qoʻllab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning bugungi darajasini yuksak baholadilar. Yetakchilar Oʻzbekiston-Turkmaniston koʻp qirrali hamkorligida mavjud masalalarning butun doirasini muhokama qilib, konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdilar.
Keyingi toʻrt yilda oʻzaro savdo hajmi uch barobarga koʻpayib, 400 million dollardan oshdi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash yana 25 foizga ortdi.
Joriy yil 14 sentyabr kuni boʻlib oʻtgan Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 16-yigʻilishi hamda 4 oktyabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Turkmaniston iqtisodiy forumi natijalari oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Ikki mamlakatning, ayniqsa chegaradosh hududlari oʻrtasidagi hamkorlikning salohiyati ulkan ekani alohida taʼkidlandi. Turkmanistonning Lebap va Doshogʻuz viloyatlari rahbarlarining shu yil 22 sentyabr kuni Oʻzbekistonning Buxoro va Xorazm viloyatlariga doʻstlik tashriflari bunga misoldir. Prezidentlar bunday muntazam uchrashuvlar ikki mamlakat va xalq oʻrtasida oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Suv xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikka yuqori baho berildi. Tomonlar 13 sentyabr kuni Toshkentda Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Mintaqa va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini muntazam oʻtkazish hamda joriy yil 6 avgust kuni Avazada oʻtkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekani taʼkidlandi.
Toshkentdagi muzokaralar mamlakatlarimiz va xalqlarimizning oʻzaro anglashuvi va jipsligining — bugungi kunda roʻy berayotgan voqealar fonida ayniqsa muhim boʻlgan jihatning navbatdagi tasdigʻi boʻldi.