Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
139
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Turkmaniston Prezidentini tugʻilgan kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va yangi zafarlar tiladi.  

Bugungi Turkmaniston erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlar, uning xalqaro nufuzi izchil yuksalib borayotgani Gurbanguli Berdimuhamedov rahbarligida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar va yangilanishlarning, ijobiy betaraflik siyosatining amaliy natijalari ekani alohida taʼkidlandi. 

Turkmaniston Prezidentining Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, transport yoʻlaklari va energetik infratuzilmani rivojlantirish, suvdan oqilona foydalanish, sportni ommalashtirish borasida va boshqa yoʻnalishlardagi xalqaro miqyosdagi tashabbuslariga yuksak baho berildi.

Oliy darajadagi muntazam muloqot va uchrashuvlar qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga, shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirishga xizmat qilayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Turkmaniston Prezidentining joriy yil aprel oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan samarali davlat tashrifi hamda uning yakunida erishilgan muhim kelishuvlar va bitimlar koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkmaniston hamkorligiga yangi surʼat baxsh etib, uni amaliy mazmun bilan boyitgani taʼkidlandi.

Suhbat chogʻida savdo, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, energetika sohalari, samarali transport va tranzit kommunikatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar yoʻnalish boʻyicha hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Turkmaniston Prezidenti samimiy tabrik va tilaklar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda Oʻzbekiston Prezidentini joriy yil avgust oyida Ashxobodda boʻlib oʻtadigan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlarining sammitida ishtirok etishga taklif qildi.  

Muloqot soʻngida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasidagi strategik sheriklik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashda intilishi qatʼiy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.