Oʻzbekiston va Vengriya yetakchilari amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdilar

0
35
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahriga kelgach, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bosh vazir davlatimiz rahbariga Vengriyaning milliy bayrami – avliyo Ishtvan kuniga bagʻishlangan tadbirlarda hamda shu kunlarda Vengriya poytaxtida oʻtayotgan yengil atletika boʻyicha jahon chempionatining erkaklar oʻrtasidagi yugurish musobaqalari finalida shaxsan ishtirok etayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston yetakchisi, oʻz navbatida, Vengriya Hukumati va doʻst xalqini milliy ayyom bilan dildan qutladi. Budapeshtda oʻtkazilayotgan jahon birinchiligi ushbu mamlakat sport sohasida boy anʼanalarga egaligi va keyingi yillarda bu borada yuksak muvaffaqiyatlarga erishayotganining dalolati ekanini alohida taʼkidladi.

Oʻzbekiston bilan Vengriya oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Amaliy hamkorlik barcha yoʻnalishlarda izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Oliy darajadagi kelishuvlar samarali amalga oshirilmoqda, parlamentlar, hukumatlar, idoralar va hududiy maʼmuriyatlar oʻrtasida sermahsul aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻzaro savdo hajmi ortib bormoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yetakchi korxonalar kooperatsiyasi kuchaymoqda.

Vengriyaning OTP banki Oʻzbekiston bank-moliya bozoriga kirib kelgani strategik ahamiyatga ega ekani hamda Yevropa biznesi uchun muhim ishora boʻlgani eʼtirof etildi.

Bundan tashqari, Vengriyaning Bonafarm, Gedeon Richter, Meditop, Wizz Air kabi yirik kompaniyalari Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarida faol qatnashmoqda.

Madaniy-gumanitar sohadagi qoʻshma dasturlarni yanada ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Joriy yil 20 avgust kunidan boshlab Toshkent va Budapesht oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va sayyohlar oqimini koʻpaytirishga xizmat qiladigan muhim voqea boʻlishi taʼkidlandi.

Mintaqaviy, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin va konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.