Oʻzbekiston va Vengriya yetakchilari ikki mamlakat hamkorligidagi ilmiy markazni borib koʻrdi

0
119
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Viktor Orban Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markaziga tashrif buyurdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ushbu ilmiy muassasa Vengriya qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar universiteti bilan hamkorlikda Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi negizida tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari bu tarmoqqa alohida eʼtibor qaratgani bejiz emas. Kartoshka aholining kundalik isteʼmol mahsulotlaridan biridir. Uning sifatli va arzon boʻlishi har bir oila farovonligiga taʼsir qiladi.

Kartoshkaga boʻlgan ichki bozor talabini qondirish uchun katta miqdorda urugʻlik zarur. Xususan, yurtimizga isteʼmol uchun 200-300 ming tonna, urugʻlik uchun 17 ming tonna kartoshka chetdan keltiriladi.

Endi yangi markaz Vengriyadan keltirilgan navlarni sinovdan oʻtkazish va urugʻlik kartoshka ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Bu yerda mahalliy va xorijiy navlarni chatishtirish orqali kartoshka yetishtirishning barcha bosqichlarida sifatni taʼminlashga qaratilgan kompleks tizim ishlab chiqiladi. 50 dan ortiq navlar mahalliylashtirilib, kartoshkachilik genofondi yaxshilanadi.

Innovitsion usullar samarasida 2021-2023 yillarda hosildorlikni 30-50 foizgacha oshirish moʻljallangan. 2024 yilga borib, 21 ming tonna urugʻlik kartoshka yetishtirish, bu boradagi import oʻrnini toʻliq qoplash maqsad qilingan.

Shavkat Mirziyoyev va Viktor Orban bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ilmiy markazda «in vitro», oʻsimliklar patologiyasi, kartoshkani saqlash fiziologiyasi, sifat nazorati boʻyicha laboratoriyalar tashkil etilgan. Namunalar tayyorlash, yetishtirish va saqlash xonalari zamonaviy jihozlangan. Markaz faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun Vengriyadan 4 nafar ilmiy xodim kelgan.

Davlatimiz rahbari mutaxassis va mutasaddilar bilan muloqot qildi. Kadrlar tayyorlashni kengaytirish, dehqon va fermerlarni bu yerda oʻqitib, sohadagi yutuqlarni barcha hududlarga yetkazish zarurligini taʼkidladi.

Mehmonlar fermerlar uchun tashkil etilgan agroxizmatlar markazi, yurtimiz qishloq xoʻjaligida qoʻllanilayotgan texnika va texnologiyalarni ham koʻzdan kechirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.