Oʻzbekiston va Vengriya — strategik sherik davlatlar

0
149
marta koʻrilgan.

Muzokaralar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Viktor Orban Oʻzbekiston Respublikasi bilan Vengriya oʻrtasidagi strategik sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyani imzoladilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Shuningdek, tashrif doirasida koʻp qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjat imzolandi. Ular Hududlararo hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo bitim, Tashqi ishlar idoralari oʻrtasida 2021-2023 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi oʻrtasida anglashuv memorandumi, Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim, Atom energetikasi sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik toʻgʻrisida, Innovatsiyalar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida anglashuv memorandumlari, Madaniyat sohasida hamkorlik dasturi, Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlari va chorvachilik sohalaridagi hamkorlik rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”, Suv xoʻjaligi sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi hadli bitimlardir.

Marosimda ikki mamlakat vazirlikliklari rahbarlari imzolangan hujjatlarni almashdilar.

Tashrif doirasida Oʻzbekistonda Debretsen universitetining taʼlim dasturlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitim ham imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻnggi yillarda Vengriya bilan munosabatlar faol rivojlanib, sifat jihatidan yuqori bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi.

– Bugun ochiq va amaliy ruhda boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston-Vengriya munosabatlarining deyarli barcha yoʻnalishlarini atroflicha muhokama qildik. Birinchi navbatda iqtisodiy hamkorlik masalalariga jiddiy eʼtibor qaratdik. Soʻnggi toʻrt yilda tovar ayirboshlashni deyarli uch barobarga oʻsgan. Bu koʻrsatkichni kelgusida bir necha barobarga oshirish niyatidamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun ikki mamlakat bozorlariga mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingani aytildi.

Tashrif doirasida ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishi samarali oʻtgani, koʻplab bitim va shartnomalar imzolangani qayd etildi.

Ikki mamlakatning barcha hududlarini faol jalb etgan holda, har yili Mintaqalar forumini oʻtkazishga qaror qilingani taʼkidlandi.

Bosh vazir Viktor Orban Oʻzbekiston Prezidenti saʼy-harakatlari tufayli ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotganini qayd etdi.

– Vengriya bilan Oʻzbekiston hamkorligiga asos bor edi. Lekin biz savdo aylanmasini juda past darajadan boshlagan edik. Oqilona siyosat va qatʼiyat evaziga tovar ayirboshlashda oʻsishga erishilmoqda. Prezident Mirziyoyevning tashabbuslari bilan hamkorlikning yangi yoʻnalishlari ochilmoqda. Bir nechta “flagman” loyihalar samarali amalga oshirilgani uchun ishbilarmonlar erkinlik va ishonchni his etib, harakat qilmoqda, – dedi Viktor Orban.

Shuningdek, mehmon oʻtgan yili koronavirus bilan bogʻliq qiyin epidemiologik vaziyatda Vengriyaga koʻrsatgan yordami uchun xalqimizga minnatdorlik izhor etdi.

Xalqaro va mintaqaviy masalalar boʻyicha ikki mamlakatning qarash va yondashuvlari oʻxshash hamda yaqin ekani yana bir bor eʼtirof etildi. Vengriya tomoni Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish rejalarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, taʼlim sohasida aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Fan, madaniyat va sport sohalaridagi aloqalarni faollashtirishga ham kelishib olingani maʼlum qilindi.

Oʻzbek olimi Isoq Ibrohim vengriyalik mashhur Herman Vamberining doʻsti va shogirdi boʻlgan, salkam oʻttiz yil Budapeshtda yashab, ilmiy faoliyat olib borgan. U mashhur venger yozuvchisi Yanosh Aronning “Ajoyib ohuning hikoyati” asarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Ushbu asar yaqinda davlatimiz rahbarining soʻzboshisi bilan Toshkentda nashr etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzbek va venger xalqlari oʻrtasidagi tarixiy doʻstlikning yorqin ifodasi boʻlgan ushbu kitobni Vengriya Bosh vaziri Orbanga taqdim etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.