Ostona shahriga amaliy tashrif doirasida 3 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning muzokaralari boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy Raisiga Oʻzbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni qatʼiy qoʻllab-quvvatlayotgani hamda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Yetakchilar keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida ulkan yutuqlarga erishilganini taʼkidladilar.
Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Hukumatlar, parlamentlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi.
Yil yakuniga qadar Tashqi ishlar vazirlari strategik muloqotining ikkinchi yigʻilishini Toshkent shahrida oʻtkazish rejalashtirilgan. Yaqin kunlarda Xitoy parlamentining yuqori darajadagi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi kutilmoqda.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
Oʻtgan yili tovar ayirboshlash hajmi 14 milliard dollarga yetdi. Yaqin istiqbolda bu koʻrsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari qayd etildi.
Investitsiya loyihalarining joriy portfeli 50 milliard dollardan oshgan. Shu yil boshidan buyon mamlakatimizda 3 milliard dollardan ziyod Xitoy sarmoyasi oʻzlashtirilib, 500 dan ortiq yangi qoʻshma korxona tashkil etildi.
Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi va «yashil» energetika sohalarida strategik hamkorlik dasturlarini qabul qilishni jadallashtirishga kelishib olindi.
Yaqinda Jizzax viloyatida Oʻzbekiston-Xitoy texnoparki ishga tushirilgani va mintaqamizda birinchi boʻlib «BYD» elektromobillari ishlab chiqarila boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Xitoyning yetakchi moliyaviy tuzilmalari bilan hamkorlik kengaymoqda. Xususan, «Ipak yoʻli» jamgʻarmasi bilan investitsiya platformasi yaratildi, Xitoy Eksimbanki koʻmagida poytaxtimizda Olimpiya shaharchasi qurilishi yakunlanmoqda. Ushbu bankning Toshkent shahrida hududiy filiali ochilishi kutilmoqda.
Hududlararo almashinuvlar faollashgani yuqori baholandi. Yil boshidan buyon mamlakatimizning barcha hududlari rahbarlari bir necha bor Xitoyga tashrif buyurdi, Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni, Anxoy, Szyansi, Szyansu, Chjeszyan, Shandun, Shensi va Shanxay muzofotlari delegatsiyalari Oʻzbekistonda boʻldi. Pekin, Urumchi va boshqa bir qator shaharlarda savdo uylari ochildi.
Kelgusi yilda ikkinchi Hududlar forumi oʻtkazilishi belgilab olindi.
Prezidentimiz XXR Raisini kambagʻallikka qarshi kurashish sohasida amaliy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlayotganini alohida taʼkidladi. Bu muhim yoʻnalishda tajriba almashish boʻyicha uzoq muddatli dastur qabul qilish taklifi bildirildi.
«Bir makon, bir yoʻl» tashabbusi doirasida transport bogʻliqligini mustahkamlash va mintaqani rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega boʻlgan Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish boʻyicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligi taʼkidlandi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Oʻzbekiston tomonining «yagona Xitoy» siyosatini qoʻllab-quvvatlash va «uch yovuz kuch»ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiyasi oʻzgarmas ekani tasdiqlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, «Markaziy Osiyo — Xitoy» formati va boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi yaqin hamkorlik davom ettiriladi.
Davlatimiz rahbari XXR yetakchisiga ShHTga raislik davrida katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Turizm, ilm-fan, taʼlim, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini oʻrganish sohalarida hamkorlikni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Yaqinda Toshkentda Markaziy Osiyodagi Konfutsiy institutlari forumi boʻlib oʻtadi. Mamlakatimizda XXR oliy oʻquv yurtlari filiallarini ochish, Xitoyning professional taʼlim tizimi — «Lu Ban ustaxonasi»ni keng joriy etish rejalari belgilandi. Ikkinchi Taʼlim forumini kelgusi yilda oʻtkazish taklifi bildirildi.
Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Prezidenti XXR Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Uchrashuv har doimgidek oʻzaro ishonch, ochiqlik va doʻstlik ruhida oʻtdi.