5 fevral kuni Pekin shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy uchrashuvi Xitoy poytaxtidagi Butunxitoy xalq vakillari kengashi uyida boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar avvalida Rais Si Szinpin davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, unga qishki Olimpiadaning ochilish marosimida shaxsan ishtirok etgani uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.
Oʻzbekiston Prezidenti, oʻz navbatida, taklif va samimiy qabul uchun tashakkur bildirib, Xitoy rahbariyati va doʻst xalqini Olimpiya oʻyinlarining ochilishi juda yuksak saviyada oʻtkazilgani, tadbir bugungi Xitoyning ulkan muvaffaqiyat va yutuqlarini namoyish etgani bilan tabrikladi.
Yetakchilar Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki tomonlama koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashdilar.
Yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va oʻzaro manfaat prinsiplariga asoslangan davlatlararo munosabatlarning bugun yuksak darajaga koʻtarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama aloqalarning faollashishiga xizmat qildi.
2021 yil yakuniga koʻra tovar ayirboshlash rekord koʻrsatkichga yetdi, Xitoydan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 9 milliard dollarni tashkil etdi.
Xitoyning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida sanoat, kimyo tarmogʻi, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda yuqori texnologik loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Yashil” iqtisodiyot, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish va elektron savdo sohalaridagi hamkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
“Ipak yoʻli” jamgʻarmasi bilan uzoq muddatli hamkorlik boʻyicha amaliy sheriklikning strategik loyihalarini ilgari surishga qaratilgan yangi “yoʻl xaritasi” shakllantirilmoqda. Moliyaviy-texnik koʻmak dasturi kengaytirilmoqda.
Uchrashuvda ushbu tashrif doirasida imzolangan besh yillik Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturini keng koʻlamda amalga oshirish muhim ekani qayd etildi.
Mutanosib tovar ayirboshlashga erishish, samarali hududlararo almashinuvlarni qayta tiklash va samarali transport yoʻlaklarini rivojlantirish boʻyicha birgalikda chora koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.
Kambagʻallikka va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Xitoy tajribasini oʻrganish va joriy qilish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Sogʻliqni saqlash, anʼanaviy tibbiyot, turizm, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalaridagi hamkorlik dasturini kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Muhim iqtisodiy va gumanitar loyihalarni ilgari surish maqsadida qoʻshma Xukumatlararo qoʻmita va uning sohalar boʻyicha kichik qoʻmitalarining navbatdagi majlislarini oʻtkazish masalalari kelishib olindi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Afgʻonistonda tez fursatda tinchlik oʻrnatilishiga va iqtisodiy tiklanishga koʻmaklashish koʻrib chiqildi.
Rais Si Szinpin Oʻzbekistonning joriy yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatidagi faoliyatini qoʻllab-quvvatladi.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy yetakchisi va xalqini oy taqvimi boʻyicha kirib kelgan Yangi yil bilan tabrikladi va qishki Olimpiada muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.
Oʻzbekiston va Xitoy rahbarlarining uchrashuvi ochiq, samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.