Oʻzbekiston va Xitoy yetakchilari har tomonlama strategik sheriklikni kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldilar

0
60
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi 18 may kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan ikki tomonlama muzokaralardan boshlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uchrashuv ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida Sian shahridagi “Shensi” qarorgohida oʻtdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin dastlab davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, mamlakatimizda Konstitutsiyani yangilash boʻyicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan dildan tabrikladi va Oʻzbekistonda boʻlajak Prezident saylovida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, oʻz navbatida, Xitoyga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va koʻrsatilayotgan iliq mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi. Xitoy rahbarini muhim siyosiy tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazilgani hamda oliy davlat lavozimlariga qayta saylangani bilan samimiy tabrikladi.

Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining yangi davrida dolzarb boʻlgan masalalar batafsil muhokama qilindi.

Erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani, barcha darajalardagi oʻzaro aloqalar jadal tus olgani, siyosiy muloqot mustahkamlanib borayotgani va muhim masalalarda tomonlar bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Kambagʻallikni qisqartirish, shu jumladan qishloq xoʻjaligi, yerdan foydalanish, kichik va oʻrta biznes, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va professional taʼlim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda samarali tajriba almashish va amaliy choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy sohada oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari batafsil koʻrib chiqildi. Bu, eng avvalo, zamonaviy sanoat quvvatlarini barpo etish, investitsiyaviy va yuqori texnologik korxonaalarni tashkil etish borasidagi qoʻshma loyihalarni nazarda tutadi.

Kuni kecha oʻtkazilgan biznes-forum yakunida umumiy qiymati 25 milliard dollarlik istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha bitimlar imzolandi va kelishuvlarga erishildi.

Muqobil energetikani rivojlantirish boʻyicha quyosh, shamol va suv elektr stansiyalarini barpo etish, quyosh panellari, elektr uskunalar, transformatorlar, akkumulyatorlar ishlab chiqarish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish va mutaxassislarni tayyorlash borasidagi loyihalardan iborat investitsiyaviy-texnologik hamkorlik dasturini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yangi avlod avtomobillarini ishlab chiqarish sohasidagi kooperatsiyani kengaytirish – elektr va gibrid avtotransport vositalarini yigʻish boʻyicha zamonaviy zavodlarni ishga tushirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Turdosh tarmoqlardagi loyihalarni ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi. Xususan, mis, litiy, nodir metallarni chuqur qayta ishlash asosida elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yuqori texnologik klasterni barpo etish shular jumlasidan.

Bundan tashqari, plastmassalar, kimyoviy mahsulotlar, metall buyumlar, oziq-ovqat, qurilish materiallari, tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, biotexnologiyalar klasterini tashkil etishda hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishdan mamlakatlarimiz manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Xitoyning yetakchi banklari va “Ipak yoʻli” fondi, shuningdek, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki banki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlikning bugungi darajasi yuksak baholandi.

Ikki mamlakat hududlarining hamkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, shu jumladan Sirdaryo viloyatini “Ilgʻor texnologiyalar hududi”ga aylantirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar belgilab olindi.

Faol muloqotlar va aviaqatnovlar qayta tiklanishini hisobga olib, joriy yilda Oʻzbekistonda ikki mamlakat shahar va hududlarining birinchi forumini oʻtkazish masalasi oʻrganiladi.

Keyingi yillarda ikki baravarga koʻpaygan oʻzaro tovar ayirboshlashni oshirish uchun maqsadli koʻrsatkichlar va tovarlar tarkibi belgilab olindi.

“Xitoy – Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish boʻyicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligi qayd etildi.

Gumanitar soha muhokama qilinar ekan, taʼlim va turizmda hamkorlikni faollashtirish, oʻzaro madaniyat, sanʼat va kino kunlarini oʻtkazish, anʼanaviy tibbiyot, koʻz va boshqa turdagi kasalliklarni davolash, vaksina va farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi dasturlarni amalga oshirish zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi.

Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va doʻstlik ruhida oʻtdi. Oʻzbekiston yetakchisi Xitoy rahbarini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Taklif minnatdorlik bilan qabul qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.