Oʻzbekiston va Xitoy yetakchilari koʻp qirrali va har tomonlama strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini koʻrib chiqdilar

0
56
marta koʻrilgan.

24 yanvar kuni Pekin shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uchrashuv avvalida Prezidentimiz Xitoy yetakchisiga tashrif bilan kelish taklifi va koʻrsatilayotgan iliq mehmondoʻstlik hamda Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning yuksak eʼtirofi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbarlari keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar rivojida kuchli surʼatga erishilganini taʼkidladilar.

Barcha darajalarda aloqalar faollashib, siyosiy muloqot mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlarimiz muhim masalalar yuzasidan bir-birini qoʻllab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻtgan yil noyabr oyida Pekin shahrida Tashqi ishlar vazirlari strategik muloqotining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Parlamentlararo hamkorlik faollashdi.

Prezidentimiz XXR Raisiga kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikka shaxsan eʼtibor qarayotgani va qoʻllab-quvvatlayotgani uchun tashakkur bildirdi.

Tomonlar Oʻzbekistonda Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” professional taʼlim tizimini joriy qilish boʻyicha pilot loyiha boshlanganini olqishladilar.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Oʻtgan yil yakunlari boʻyicha tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetdi. Yaqin istiqbolda buni 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi toʻgʻrisida yakdil fikr bildirildi.

Keyingi yillarda Xitoydan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar hajmi besh barobar, qoʻshma korxonalar soni esa uch barobar oshdi.

Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi va “yashil” energetikada texnologiyalar transferi sohalarida hamkorlik dasturlarini tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.

Shu maʼnoda, oʻtgan yil oxirida Oʻzbekistonda Xitoy kompaniyalari ishtirokida quvvati 1000 megavattlik ikkita yangi quyosh elektr stansiyalari foydalanishga topshirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xitoyning yetakchi banklari, “Ipak yoʻli” fondi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlikning bugungi darajasi yuqori baholandi.

Davlatimiz rahbari investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlashning moliyaviy vositalarini kengaytirish, jumladan, qoʻshma platforma yaratish borasida kelishuvlarga erishilganini, shuningdek, Xitoy Eksimbankining Toshkent shahrida Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ofis ochish qarorini olqishladi.

Prezidentimiz xitoylik sheriklarni Oʻzbekistondagi davlat korxonalari va banklarini xususiylashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Yetakchilar hududlararo almashinuvlar faollashganiga mamnuniyat bildirdilar. Bu boradagi hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun Oʻzbekiston va Xitoy hududlari kengashini tuzishga kelishib oldilar.

“Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida Transmintaqaviy transport va tranzit koʻprigining muhim tarkibiy qismi boʻladigan “Xitoy – Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish boʻyicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhim ekani taʼkidlandi.

Kuni kecha Pekinda birinchi taʼlim forumi, Shanxayda Oʻzbekistonning turizm imkoniyatlari koʻrgazmasi muvaffaqiyatli oʻtgani qayd etildi. Shu kunlarda oʻtayotgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar Xitoy poytaxti aholisi va mehmonlarida katta qiziqish uygʻotdi.

Taʼlim va turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, oʻzaro madaniyat kunlarini oʻtkazish amaliyotini davom ettirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Qoʻshma Yoshlar innovatsiya forumini oʻtkazish taklif qilindi.

Rejalashtirilgan barcha tadbirlar va ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida tomonlar Hukumatlararo qoʻmita va uning barcha kichik qoʻmitalari yigʻilishlarini joriy yilning birinchi yarmida oʻtkazishga ahdlashib oldi.

Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

“Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiya oʻzgarmas ekani tasdiqlandi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston yetakchisi XXR rahbarini tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif qildi hamda doʻst Xitoy xalqining yaqinlashib kelayotgan xitoycha Yangi yil – “Chun Sze” bayrami bilan tabrikladi.

Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va doʻstlik ruhida oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.