Oʻzbekiston va XXR yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

0
123
marta koʻrilgan.

Bugun, 29 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari boʻlajak muhim sanalar munosabati bilan bir-birini samimiy tabriklab, ezgu tilaklar bildirdilar. Joriy yilda XXRda Xitoy Kommunistik partiyasi tashkil topganining 100 yilligi, mamlakatimizda esa Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi keng nishonlamoqda. Yetakchilar doʻst xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Muloqotda ikki tomonlama va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston-Xitoy doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

XXR Raisi Oʻzbekistonda aholi turmush darajasi va sifatini yuksaltirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va yangilanishlarni yuqori baholadi va ularni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha Xitoyda toʻplangan katta tajribani chuqur oʻrganish masalasida yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda koʻrsatilgan amaliy yordam uchun XXR yetakchisiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston va Xitoyning vakolatli idora va tashkilotlari sogʻliqni saqlash sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlab, aholini ommaviy emlash boʻyicha birgalikdagi samarali ishlarni kengaytiradilar.

Oʻzbekiston Prezidenti “Yagona Xitoy” siyosatini hamda “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarni doimo qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor taʼkidladi.

“Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi samarali muloqot, shu jumladan mintaqada muhim infratuzilmaviy loyihalarni, ular qatorida “XXR – Qirgʻiziston — Xitoy” avtomobil va temir yoʻllarini qurish loyihasini ilgari surish ishlari davom etayotgani qayd etildi. Oʻzbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash boʻyicha taklifi qoʻllab-quvvatlandi.

Yetakchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida toʻxtaldilar.

Murakkab sharoitlarga qaramasdan, pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish va joriy yil boshidan oʻzaro savdoning 33 foizga oʻsishini taʼminlashga erishilgani taʼkidlandi. Muhim qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda. Mamlakatlarimiz yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish, shuningdek, eksport va import koʻrsatkichlarining mutanosibligini taʼminlash sari muvaffaqiyatli harakat qilmoqdalar. Oʻzbekiston Shanxay shahrida oʻtadigan navbatdagi Import mahsulotlari Xitoy xalqaro koʻrgazmasida faol ishtirok etadi.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Xitoy yetakchi korxonalarining turli tarmoqlardagi kooperatsiyasini kuchaytirish, shuningdek, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlaridagi loyihalarni ilgari surishda oʻzaro koʻmaklashish zarurligini qayd etdilar. Keng koʻlamli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik boʻyicha oʻrta muddatli qoʻshma dasturni tayyorlash va qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Mamlakatimiz yetakchi bank-moliya institutlarining Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki, Ipak yoʻli fondi bilan hamda xalqaro moliyaviy tashkilotlar doirasidagi sherikligining bugungi darajasi yuksak baholandi.

Yetakchilar Oʻzbekiston-Hitoy hukumatlarararo qoʻmitasi faoliyatini kuchaytirish va yaqin fursatda uning navbatdagi majlisini oʻtkazish topshirigʻini berdilar.

Parlamentlararo aloqalarni davom ettirish, ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi faol almashinuvlarni qayta tiklash, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik dasturlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Suhbat chogʻida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan “Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi koʻp tomonlama munosabatlar va amaliy hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimizda ushbu tashkilotning sammitini oʻtkazish masalalari muhokama qilindi. ShHT Muloqot guruhining Afgʻonistondagi tinchlik jarayoniga koʻmaklashish va ushbu mamlakatni iqtisodiy tiklashdagi muhim oʻrni qayd etildi.

Yetakchilar boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini koʻrib chiqdilar hamda rejadagi XXR Raisining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifiga keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirish, koʻp asrlik mustahkam doʻstlik rishtalari va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda muhim tarixiy ahamiyat kasb etadigan voqea sifatida puxta tayyorgarlik koʻrish muhim ekanini qayd etdilar.

Oʻzbekiston Prezidenti va XXR Raisining telefon orqali muloqoti har doimgidek, ochiq, doʻstona va oʻzaro ishonch ruhida oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.