9 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Koʻp qirrali Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada rivojlantirish va kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Yetakchilar mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi hamda Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasidagi strategik sheriklikning 20 yilligi bilan bir-birini samimiy qutladilar.
2019 yil dekabr oyida Tokio shahrida oʻtgan sammit va oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqib, ularni amaliy mazmun bilan boyitgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzaro savdo hajmi ortib bormoqda – joriy yil boshidan tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari ikki barobarga oshdi. Yaponiya yetakchi kompaniyalarining iqtisodiyotimizga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari koʻpaymoqda, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarida koʻplab yangi qoʻshma korxonalar tashkil etilmoqda. Energetika quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, sanoatda, shu jumladan mashinasozlik va kimyo tarmoqlarida zamonaviy ishlab chiqarishlarni yaratish, mehmonxonalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha birgalikda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimizda oʻzaro hamkorlikda ilk bor tashkil etilgan Yaponiya Raqamli universiteti faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari Yaponiya Bosh vaziri va Hukumatiga Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Yaponiyaning JICA agentligi va Xalqaro hamkorlik banki – JBIC doirasida koʻrsatilgan moliyaviy va moliyaviy-texnik koʻmak hajmi 7 milliard dollardan oshgani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, hukumat delegatsiyalarining joriy yilda oʻtkazilgan sermahsul uchrashuv va muzokaralarining natijalari yuqori baholandi.
Yetakchilar innovatsiyalar, «yashil» iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, fan va taʼlim sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari va parlamentlararo muloqotni davom ettirish muhimligini qayd etdilar.
Osaka shahrida oʻtkaziladigan «EKSPO-2025» butunjahon koʻrgazmasida Oʻzbekistonning keng miqyosli ekspozitsiyasini tashkil etishga kelishib olindi.
Muloqot chogʻida xalqaro kun tartibidagi masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi.
Yaponiya Bosh vaziri mamlakat BMT Xavfsizlik kengashiga doimiy aʼzo boʻlishi, Koreya yarim orolini yadroviy quroldan xoli hududga aylantirish va oʻgʻirlangan yapon fuqarolarini qaytarish masalalarida Oʻzbekiston muttasil qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Oʻzbekiston Prezidenti Yaponiya tomonini Kumamoto shahrida Suv sammiti muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi hamda Yaponiya Hukumati rahbari tomonidan keng mintaqamizda barqaror taraqqiyot va ravnaqqa erishish maqsadida ilgari surilgan Osiyoda amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Bosh vazir Fumio Kisida, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va keng koʻlamli sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi tashabbuslarini hamda Afgʻonistonda bardavom tinchlik va iqtisodiy tiklanishni taʼminlashga koʻrsatayotgan koʻmagini yuksak baholadi.
«Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikning butun salohiyatini ishga solishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.
Suhbat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Fumio Kisidani mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Oʻzbekiston va Yaponiya yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, doʻstona va ishchan ruhda oʻtdi.