Oʻzbekiston va Yaponiya strategik sherikligida yangi davr

0
214
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi asosiy tadbirlari 19 dekabr kuni Tokioda boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Kantey qarorgohida rasmiy kutib olish marosimi boʻldi. Davlatimiz rahbarini Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe kutib oldi. Ular davlat bayroqlari oldida qoʻl berib koʻrishdi.

Davlat madhiyalari yangradi. Shavkat Mirziyoyev va Sindzo Abe oliy martabali mehmon sharafiga saf tortgan faxriy qorovul oldidan oʻtdi. Ularga delegatsiyalar tanishtirildi.

Yaponiya hukumati rahbari Prezidentimizni samimiy qutlar ekan, ushbu tashrif «Reyva» («Goʻzal uygʻunlik») davrining birinchi yilida oʻtayotganini alohida taʼkidladi.
Tokio mamlakatimiz bilan doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratayotgani qayd etildi.

Sindzo Abe Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuksak baholadi va ularni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Davlatimiz Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni jonlantirishga faol hissa qoʻshayotgani taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, oʻz navbatida, Yaponiya hukumati rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, yapon xalqini «Reyva» davri boshlangani bilan tabrikladi.

Mamlakatimiz yetakchisi ikki tomonlama koʻp qirrali sheriklikni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish borasidagi intilishi qatʼiy ekanini taʼkidladi.

Yaponiya hukumatiga Oʻzbekistondagi islohotlar va iqtisodiy modernizatsiyani qoʻllab-quvvatlayotgani, shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga koʻmaklashayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.

Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish yoʻnalishlari koʻrib chiqildi. Dolzarb xalqaro ahamiyatga molik masalalar boʻyicha tomonlarning yondashuvlari yaqinligi qayd etildi.

Parlamentlararo aloqalar, jumladan, Yaponiya parlamentidagi Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasining faol ishtiroki doirasida jonlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Asosiy eʼtibor mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratildi.

Ikki mamlakat yetakchilari oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish, investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirishni taklif etdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga tashrif doirasida boʻlib oʻtgan ishbilarmonlik tadbirlarining natijalari katta mamnuniyat bilan tilga olindi.

Energetika, qazib olish tarmogʻi, mashinasozlik, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, turizm va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda, avvalo, Yaponiya yetakchi kompaniya va banklarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini jalb qilgan holda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maʼqullandi.

Delegatsiyalar rahbarlari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi orqali moliyaviy va moliyaviy-texnik sheriklik kengayib borayotganini olqishladilar.

Bundan tashqari, hududlararo aloqalarni, tartibli mehnat migratsiyasi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniy almashinuv sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Asosiy yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni muvofiqlashtirish va ilgari surishning institutsional mexanizmlari kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muzokara natijalaridan mamnun ekanlarini bildirdilar, doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarining yangi davrini boshlash borasida qatʼiy ekanlarini taʼkidladilar.

Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻzi uchun qulay vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelish taklifini minnatdorlik bilan qabul qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.