Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining katta konsertlar zalida shu yilning 12 fevral kuni “Oʻzbekiston XDPning eng faol ayoli” koʻrik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi, Toshkent shahar kengashi masʼul xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzXDP fraksiyasi aʼzolari, partiyaning tuman kengashlari masʼul xodimlari, hamkor tashkilotlar, partiya faollari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tanlovni oʻtkazishdan maqsad – mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda xotin-qizlarning faol ishtirokini taʼminlash, xotin-qizlarda qatʼiy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini hamda oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishlariga koʻmaklashishdan iboratdir. Shuningdek, Oʻzbekiston XDP Ustavi, Saylovoldi dasturi hamda Harakat dasturida belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etishda partiya safidagi xotin-qizlar salohiyatidan samarali foydalanish, yuksak siyosiy bilim va tashkilotchilik qobiliyatiga ega boʻlgan xotin-qizlarni aniqlash koʻzda tutilgan. Ularning siyosiy bilim va koʻnikmalarini oshirish, partiya safiga jalb etish orqali ijtimoiy faolligini taʼminlash uch bosqichda tashkil etilgan koʻrik-tanlovning asosiy mohiyatini tashkil etdi.
Tadbirda alohida eʼtirof etildiki, mamlakatimiz Prezedenti rahbarligida xotin-qizlarning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-madaniy taraqqiyotida faol ishtirok etishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, ularning iqtidor va isteʼdodlarini, aql-zakovati va intellektual qobiliyatini toʻla namoyon etishlariga koʻmaklashish va ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Davlat boshqaruvini demokratlashtirish va yanada liberallashtirishga yoʻnaltirilgan islohotlar jarayonida ayollarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, siyosiy ong va madaniyatini rivojlantirish orqali demokratik qadriyatlarning turmushimizga chuqurroq kirib kelishi taʼminlanmoqda.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash masalasi avvalo, Konstitutsiya va qonunlarimizda mustahkamlandi. Jumladan, xotin-qizlarning siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini taʼminlash maqsadida Saylov toʻgʻrisidagi qonunchilikda siyosiy partiyalardan deputatlikka koʻrsatiladigan nomzodlar orasida xotin-qizlar 30 foizdan kam boʻlmasligi belgilab qoʻyildi. Bu meʼyor Mustaqil davlatlar xamdoʻstligi mamlakatlari ichida birinchi boʻlib joriy etildi.
Yaratilgan shunday imkoniyatlar natijasida parlamentimizda xotin-qizlar soni va hissasi tobora ortib bormoqda. Shuningdek, mahalliy kengashlarga Xalq demokratik partiyasidan saylangan 400 nafardan ortiq deputat ayollar partiya elektorati manfaatlarini vakillik organlari orqali himoya qilmoqdalar.
Koʻrik-tanlov ishtirokchilari “Xotin-qizlar muammosini hal etishning eng samarali yoʻli”, “Siyosiy hozirjavoblik” kabi inson bilim va tafakkurini boyitishga, huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiluvchi shartlar bilan birga yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, maishiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, ishlab chiqarishni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan oʻz loyihalarini namoyish etishdi. Ular taqdim etgan aholi bandligini taʼminlash, ishlab chiqarishni rivojlantirish va xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan yangi gʻoyalarni oʻzida mujassam etgan loyihalar Oʻzbekiston XDP Saylovoldi dasturida belgilangan mehnatga layoqatli aholini ish bilan taʼminlash, turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan maqsad va vazifalarni qamrab olganligi bilan ahamiyatlidir. Shu jihatlarni inobatga olgan holda hakamlar hayʼati gʻoliblarni aniqlashdi.
Tanlovda partiyaning Bektemir tumani kengashi vakili D.Kapabayeva “Oʻzbekiston XDPning eng faol ayoli” koʻrik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi gʻolibi deb topildi va tanlovning Respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. 2-oʻrinni Mirzo Ulugʻbek tuman kengashi vakili Sh.Oripova qoʻlga kiritgan boʻlsa, Yashnabod tuman kengashidan D.Qoraboyeva 3-oʻrinni egalladilar. Shuningdek, nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlanib, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashining maxsus diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Tadbir soʻngida, tanlovning 2 sharti boʻyicha ishtirokchilar tomonidan taklif etilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan Oʻzbekiston XDP Toshkent shahar kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan amaliy yordamlar koʻrsatilishi va chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilab olindi.
N.Gafurova,
Oʻzbekiston XDP Toshkent
shahar kengashi