Oʻzbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova vafoti munosabati bilan hamdardlik

0
125
marta koʻrilgan.

Oʻzbek adabiyoti va madaniyati ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati aʼzosi Enaxon Siddiqova shu yil 13 yanvar kuni 68 yoshida vafot etdi.

Enaxon Siddiqova 1954 yil 28 avgustda Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida tugʻildi. 1976 yilda Fargʻona davlat pedagogika instituti (hozirgi Fargʻona davlat universiteti)ning filologiya fakultetini tamomladi.

Mehnat faoliyatini 1976 yilda oʻqituvchilikdan boshlab, Oltiariq va Fargʻona tumanlaridagi maktablarda oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi, maktab direktori boʻlib ishladi. Qator yillar Fargʻona tumani va Fargʻona viloyati hokimliklarida masʼul vazifalarda ishlab, xotin-qizlarning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oila, onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilish, barkamol avlod tarbiyasi yoʻlida faollik koʻrsatdi.

Ayni vaqtda isteʼdodli shoira, jonkuyar jamoatchi sifatida tanildi. Uning koʻp yillik ijodiy izlanishlari mahsuli boʻlgan, el-yurtimizga, azaliy  qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuygʻusi mahorat bilan tarannum etilgan “Qorakoʻz turnalar”, “Koʻnglim ufqlari”, “Soʻz ustidagi dunyo”, “Eʼzozli ayollar”, “Ona haqida qoʻshiq”, “Barxanlarda ungan gul” singari oʻnlab asarlari kitobxonlar qalbidan munosib joy egalladi.   

Enaxon Siddiqova 2001 yildan hozirgi vaqtga qadar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari sifatida qizgʻin mehnat qildi. U viloyatda adabiyot, madaniyat va sanʼatni rivojlantirish, joylarda ilm-fan va kitobxonlikni keng targʻib qilish orqali xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish borasida samarali xizmat qildi. Yuzlab yoshlarga ustozlik qilib, ularning salohiyatini roʻyobga chiqarishda tashabbuskor boʻldi.

Ayniqsa, Fargʻona viloyatida Oʻzbekiston Qahramoni, ulugʻ oʻzbek shoiri Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabini tashkil etish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyishda chinakam jonbozlik koʻrsatib xizmat qildi.

U 2015 yildan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzosi sifatida mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirish, ijtimoiy va maʼnaviy taraqqiyotimiz uchun zarur boʻlgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga katta hissa qoʻshdi.

Enaxon Siddiqovaning oʻzbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” va “Doʻstlik” ordenlari bilan taqdirlangan edi.

Taniqli ijodkor, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Enaxon Siddiqovaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, S.Saidov, X.Bozorov

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.