Oʻzbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva vafoti munosabati bilan hamdardlik

0
173
marta koʻrilgan.

Oʻzbek adabiyoti ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekiston xalq shoiri, taniqli ijodkor, jamoat arbobi Oydin Hojiyeva 81 yoshida vafot etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oydin Hojiyeva 1942 yil 22 aprelda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Boʻston qishlogʻida tugʻildi. Ushbu tumandagi oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetida tahsil oldi. “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, boʻlim mudiri, keyinchalik “Gulxan” jurnalida bosh muharrir vazifasida xizmat qildi.

Oydin Hojiyeva mashhur Zulfiyaxonimning munosib izdoshi sifatida Oʻzbekiston xotin-qizlarining “Saodat” jurnalida samarali ishlab, koʻp yillar unga bosh muharrirlik qildi. Bu davrda ushbu nashr mamlakatimiz xotin-qizlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan, opa-singillarimizning hayoti, orzu-intilishlarini haqqoniy aks ettiradigan nufuzli soʻz minbariga aylandi.

O.Hojiyeva el-yurtimizning yuksak eʼtirofi va mehriga sazovor boʻlgan ustoz ijodkorlardan biri edi. Uning “Shabnam” deb nomlangan dastlabki  sheʼriy kitobi 1970 yilda nashr qilindi. Oʻzining qariyb oltmish yillik ijodiy faoliyati davomida sheʼriyat va publitsistika janrlarida “Manzillar”, “Men sevgan qoʻshiq”, “Navo”, “Xushxabar”, “Mushfiq onajon”, “Chashmalarni izlayman”, “Tanlangan asarlar” nomli va boshqa oʻnlab betakror asarlar yaratib, Vatanga muhabbat va sadoqat, onaga, ayol zotiga yuksak ehtirom, qadrdon zaminga beqiyos mehr kabi tuygʻularni oʻzbek shoiralariga xos yuksak nazokat va yoniq qalb bilan kuylab oʻtdi.

Uning asarlari dunyoning oʻnlab tillarida nashr etilgan edi.

Oʻz navbatida Oydin Hojiyeva koʻplab jahon va qardosh xalqlar adabiyoti yetuk namoyandalarining sheʼriy asarlarini oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining faol aʼzosi sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini aholi oʻrtasida keng targʻib etish, adabiy jarayonlarni yangi bosqichga koʻtarish, yosh isteʼdod egalari, ayniqsa, ijodkor qizlarni tarbiyalash borasida ham ibrat koʻrsatdi.

Oydin Hojiyevaning milliy adabiyotimizni rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Taniqli ijodkor, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Oydin Hojiyevaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, Z.Mahkamova, S.Saidov

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.