Oʻzbek adabiyoti ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev shu yil 22 mart kuni 88 yoshida vafot etdi.
Xudoyberdi Toʻxtaboyev 1932 yili 17 dekabrda Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida tugʻildi. 1955 yili Toshkent davlat universitetini tamomladi.
U oʻzining mehnat faoliyatini 1955 yilda oʻrta maktabda oʻqituvchi sifatida boshladi. Keyinchalik “Toshkent haqiqati”, “Sovet Oʻzbekistoni” (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”) gazetalarida adabiy xodim, “Sharq yulduzi” jurnalida bosh muharrir oʻrinbosari, respublika yoshlar nashriyoti, “Gulxan” va “Yosh kuch” jurnallarida bosh muharrir lavozimlarida samarali mehnat qilib, milliy adabiyotimiz va matbuotimiz ravnaqiga salmoqli hissa qoʻshdi. Keyinchalik respublika “Isteʼdod” jamgʻarmasi hamda “Oltin meros” xalqaro xayriya fondining rahbari vazifalarida faoliyat olib bordi.
Katta bilim va tajribaga ega murabbiy adib sifatida uzoq yillar Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining bolalarga moʻljallangan “Oʻyla, izla, top!” dasturiga boshchilik qildi.
Xudoyberdi Toʻxtaboyev oʻzining chuqur tarbiyaviy ahamiyatga ega badiiy yuksak ijodi bilan oʻzbek bolalar adabiyotining zabardast namoyandasiga aylandi.
Isteʼdodli adib oltmish yildan ziyod davom etgan ijodiy faoliyati mobaynida “Shoshqaloq”, “Soʻqmoqlar”, “Muhabbat qoʻshigʻi”, “Jonginam, shartingni ayt” singari hikoyalar toʻplamlari, “Sir ochildi”, “Omonboy bilan Davronboy sarguzashti” qissalari hamda “Sariq devni minib”, “Sariq devning oʻlimi”, “Besh bolali yigitcha”, “Qasoskorning oltin boshi”, “Yillar va yoʻllar”, “Shirin qovunlar mamlakati”, “Mungli koʻzlar”, “Jannati odamlar”, “Qiz talashgan oʻsmirlar”, “Quyonlar saltanati”, “Qiz bolaga tosh otmang” romanlarini yaratdi.
Ayniqsa, yozuvchining “Sariq devni minib” romani yurtimiz va dunyo miqyosida juda katta shuhrat qozondi. Mazkur asar qirqdan ziyod xorijiy tillarga tarjima qilinib, millionlab nusxalarda chop etilgan.
Mustaqillik yillarda adibning ijodiy va ijtimoiy faoliyati yanada yorqin namoyon boʻldi. U yosh avlod vakillarini yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan asarlar yaratish bilan bir qatorda, jamiyatimizda adabiyot va kitobxonlikni keng targʻib qilishga ham munosib hissa qoʻshdi.
U tajribali ijodkor, jonkuyar tashkilotchi sifatida koʻplab yosh isteʼdod egalariga ustozlik qildi.
Xudoyberdi Toʻxtaboyevning oʻzbek adabiyoti va sanʼatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi”, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan edi.
Atoqli yozuvchi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Xudoyberdi Toʻxtaboyevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Narbayeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, S.Saidov, I.Gʻafurov