Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi

0
16
marta koʻrilgan.

Qadrli vatandoshlar!

Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni, ona tilimizning barcha ixlosmandlarini bugungi ulugʻ ayyom – Oʻzbek tili bayrami hamda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Maʼlumki, milliy til har bir madaniy xalqning tarixi va oʻzligini, ruhiy-maʼnaviy dunyosini oʻzida aks ettiradigan tengsiz boylikdir. Qadimiy tariximizning eng ogʻir va sinovli davrlarida ham bizni yagona xalq sifatida birlashtirib, azaliy qadriyatlarimizni asrlar osha bezavol saqlab kelayotgan ona tilimizni har qancha ardoqlasak, ulugʻlasak arziydi.

Bugungi kunda yurtimizda davlat tilini rivojlantirish, uning nufuzi va mavqeini oshirish, xalqaro miqyosda keng targʻib etishga qaratilgan katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, keyingi yillarda koʻplab idoraviy hujjatlar davlat tiliga oʻtkazildi, 100 mingdan ortiq geografik obyektning nomi davlat reestriga kiritildi, hududlardagi 150 mingdan ziyod tashqi yozuvlar davlat tili va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirildi.

Yangi paydo boʻlayotgan zamonaviy tushunchalarga nom berish, soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritishni tizimli yoʻlga qoʻyish uchun Atamalar komissiyasining faoliyati tubdan takomillashtirildi, bu borada aniq ilmiy mezonlar ishlab chiqildi. 

Oʻtgan yildan eʼtiboran meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tizimi yaratilgani tegishli hujjatlarning davlat tili talablariga mos va uslubiy jihatdan puxta tayyorlanishiga xizmat qilmoqda.

Rahbarlik lavozimlariga nomzodlarning oʻzbek tili boʻyicha bilim darajasini aniqlash maqsadida milliy test tizimi joriy etilib, qisqa vaqt ichida 3 mingdan ziyod talabgorning qariyb 1 ming 500 nafariga davlat tilini bilish boʻyicha sertifikatlar berildi.

Davlat tili asoslarini chuqur va atroflicha oʻrganishni taʼminlash uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan 58 nomdagi qomus, lugʻat va qoʻllanmalar koʻp ming nusxalarda chop etildi.

Ayniqsa, keyingi yillarda oʻzbek tilini raqamlashtirish borasida jiddiy natijalarga erishilmoqda. Oʻzbekcha matnlarni sunʼiy intellekt yordamida qayta ishlash va oʻzbek tilida muloqot qilishga moʻljallangan “aqlli” dastur ishlab chiqilib, “Oʻzbek tili izohli lugʻati”ning veb-sayti yaratildi.

Ayni paytda oʻzbek tilidagi matnlarni tahrir qilish, ularni lotin va kirill yozuviga oʻgirish va soʻzlarning lugʻaviy maʼnosini koʻrsatishga moʻljallangan elektron dasturlar ham amaliyotda faol qoʻllanmoqda.

2025 yil 1 yanvardan boshlab umumtaʼlim maktablarida milliy sertifikatga ega boʻlgan oʻzbek tili oʻqituvchilariga maoshining 50 foizi miqdorida oylik ustama haq toʻlanishi ona tilimiz fidoyilarining sharafli mehnatini ragʻbatlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Barchamizga ayonki, badiiy tarjima til taraqqiyotida ulkan ahamiyatga ega. Yaqinda mamlakatimizda badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilgani ham, ishonamizki, oʻzbek tili va adabiyotini yanada boyitish va dunyoga keng targʻib etishda muhim omil boʻladi.

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan vatanparvar oʻgʻil-qizlarimizning salohiyati yordamida “Vikipediya” xalqaro internet ensiklopediyasidagi oʻzbekcha maʼlumotlar hajmi keskin koʻpayib, davlat tilida eʼlon qilinayotgan maqolalar hajmi boʻyicha Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi mamlakatga aylangani eʼtiborlidir.

Oʻtgan davrda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida turli tashkilot va idoralarda mehnat qilayotgan 33 mingdan ortiq xodim oʻqitildi. Shuningdek, oʻzbek tilini oʻrganish istagida boʻlgan vatandoshlarimiz uchun ushbu markaz va uning hududiy boʻlimlarida bepul oʻquv kurslari yoʻlga qoʻyildi.

Shu oʻrinda bagʻrikeng diyorimizda ahil-inoq yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillarining tili, anʼana va qadriyatlarini asrab-avaylash boʻyicha ham muhim ishlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. Jumladan, respublikamiz maktablarida taʼlim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 160 ga yaqin milliy madaniy markaz hamda qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman tillaridagi ommaviy axborot vositalari faoliyat koʻrsatmoqda.

Markaziy teleradiokanallar orqali oʻzbek tilini oʻrganishga bagʻishlangan koʻrsatuv va eshittirishlarning muntazam berib borilayotgani yurtimizda yashayotgan boshqa millat vakillarining davlat tilini oʻzlashtirishiga katta hissa qoʻshmoqda.

Aziz doʻstlar!

Oʻzbek tilining beqiyos imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, uning jahon miqyosida nufuzi va jozibadorligini oshirish uchun hali oldimizda koʻplab vazifalar turibdi.

Avvalo, yuksak taraqqiy etgan demokratik davlatlarda boʻlgani kabi davlat tili butun jamiyatni, tili va millatidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarni yagona xalq sifatida birlashtirishga xizmat qilishi zarur. Bu borada har qanday xalq uchun oʻta hassos va taʼsirchan boʻlgan til masalasida ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilmasdan, uzoqni oʻylab, vazminlik bilan ish tutish kerakligini hammamiz yaxshi anglaymiz.

Zero, davlat tili faqatgina soha mutaxassislarining emas, balki koʻpmillatli butun xalqimizning birgalikdagi saʼy-harakatlari, aql-zakovati, maʼnaviy-maʼrifiy salohiyati, vatanparvarlik fazilatlari bilan ravnaq topadi.

Mamlakatimizda qonunga hurmat va itoat muhitini taʼminlash, jumladan, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunni hayotimizga izchil tatbiq qilishda barchamiz yuksak madaniyat va oʻzaro bir-birini anglash tuygʻusini namoyon etishimiz lozim. 

Bu borada barcha taʼlim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti fanlarini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish orqali taʼlim sifatini oshirishga erishish muhim ahamiyatga ega.

Teleradiokanallar va internet saytlarida davlat tilini oʻrganishga yordam beradigan dasturlarning soni va efir vaqtlarini koʻpaytirish, mustaqil til oʻrganuvchilar uchun qoʻshimcha adabiyotlar, lugʻat va qoʻllanmalar nashr etish doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Raqamli makonda davlat tilini keng joriy etishga moʻljallangan ishlarni yangi bosqichga koʻtarish, oʻzbek tilini axborot texnologiyalari sohasidagi yirik dasturlar tili qatoriga kiritish choralarini koʻrish ham dolzarb vazifamiz boʻlib qoladi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Sizlarni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sogʻliq, ishlaringizda yangi yutuqlar, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Oʻzbek tilimizning boyligi, kuch-qudrati yanada ziyoda boʻlsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.