Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi

0
52
marta koʻrilgan.

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, ushbu qutlugʻ ayyomda siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni 8 dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Hech shubhasiz, bu yilgi Konstitutsiya bayramining alohida ruhi va shukuhi borligini bugun barchamiz chuqur his etib, anglab turibmiz. Bu, birinchi navbatda, mazkur ayyomning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda katta oʻzgarishlar amalga oshirilayotgan tarixiy bir sharoitda oʻtayotgani bilan bogʻliq, desak, toʻgʻri boʻladi. 

Ayniqsa, shu yil 27 oktyabrda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga ochiqlik va raqobat ruhida oʻtgan saylovlar yangilangan Asosiy qonunimizni hayotga tatbiq etish yoʻlida gʻoyat muhim qadam boʻlganini yana bir bor taʼkidlash lozim.
Mehnatkash, olijanob va bagʻrikeng xalqimizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi xohish-irodasi, birligi va hamjihatligi, siyosiy madaniyati yaqqol namoyon boʻlgan ushbu saylovlar natijalariga koʻra, yurtimizda konstitutsiyaviy huquq va vakolatlari kuchaygan, masʼuliyati bir necha karra ortgan yangi vakillik tizimi shakllangani albatta barchamizni mamnun etadi.

Yana bir muhim jihati – hokimlar bir paytning oʻzida mahalliy kengashlarga ham rahbarlik qilib kelgan amaliyotdan ushbu organlarga ilk bor deputatlar orasidan saylangan kengash raisi boshchilik qiladigan yangi tizimga oʻtilmoqda. 
Bundan tashqari, hokimlarning 30 dan ziyod vakolatlari mahalliy kengashlarga oʻtkazilgani ijtimoiy hayotimizda demokratiya, xalqparvarlik tamoyillari tobora keng oʻrin olayotganidan dalolat beradi. 

Biz “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy prinsipga amal qilgan holda, parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarini kengaytirish, ularning faolligini yanada oshirish, samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, bir soʻz bilan aytganda, ularni chinakam xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizni qatʼiy davom ettiramiz. 

Hurmatli doʻstlar!

Inson qadrini ulugʻlash, uning huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha Asosiy qonunimizda muhrlab qoʻyilgan ustuvor tamoyillarni hayotimizga izchil tatbiq etish borasida yurtimizda keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan soʻnggi yillarda iqtisodiyotimiz 2 karra oʻsgani, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad 3 ming dollarga yetgani, kambagʻallik darajasi 23 foizdan 11 foizga tushgani, maktabgacha taʼlimda qamrov 74 foizdan, oliy taʼlimda esa 39 foizdan oshgani, hech shubhasiz, tarixiy natijadir.

Islohotlarni jadal davom ettirib, yangilangan Konstitutsiyamiz normalarini hayotga tatbiq etish maqsadida tadbirkorlikni rivojlantirish, shu asosda aholi daromadlarini oshirish, oila va mahallalarda oʻzaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, keksa avlod vakillari, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash vazifasi bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻladi. 

Shuningdek, Asosiy qonunimizda Oʻzbekiston ijtimoiy davlat sifatida belgilanganidan kelib chiqib, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yangi uy-joylar, tibbiyot, taʼlim, madaniyat, sanʼat va sport maskanlarini barpo etish, yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Jumladan, sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablagʻlar hajmi 2 barobar koʻpaytirilib, tibbiy sugʻurta tizimiga oʻtish va aholini kafolatlangan tibbiy xizmatlar bilan toʻliq taʼminlash ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi. 

Taʼlim sohasidagi dasturlarimiz doirasida yaqin yillarda oliygohlarda qamrov 50 foizga yetkaziladi. Birgina 2025 yilda bogʻcha va maktablarni taʼmirlash va yangilarini qurish uchun davlat byudjetidan 4 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi.

Yana bir muhim yoʻnalish – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash uchun jami 46,5 trillion soʻm mablagʻ sarflanib, 1 million fuqaroni kambagʻallikdan chiqarish rejalashtirilmoqda.

Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiylashuvini oshirish va umuman jamiyatimizda inklyuzivlikni taʼminlash boʻyicha ishlar ham yangi bosqichga koʻtariladi. Pensiya tizimini isloh etish boʻyicha ham zarur choralar koʻriladi. 

Maʼlumki, yangilangan Bosh qomusimizda fuqarolarning ekologiya sohasidagi huquqlari konstitutsiyaviy darajada belgilanib, davlatning atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlashga qaratilgan majburiyatlari alohida mustahkamlab qoʻyildi. 

Kirib kelayotgan 2025 yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb eʼlon qilganimiz va bu borada katta vazifalarni aniq belgilab olganimiz ana shu konstitutsiyaviy qoida va prinsiplarni amalga oshirish uchun muhim asos boʻladi, deb ishonaman. 

Fursatdan foydalanib, siz, aziz yurtdoshlarimni, butun xalqimizni ushbu yil boʻyicha Davlat dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqiraman. 

Hech qachon unutmaylik: tabiatni asrash – bu insonni, kelajakni asrash demakdir. Bebaho boyligimiz boʻlgan serhosil dalalarimiz, zilol buloqlarimiz, daryo va koʻllarimiz, togʻ va adirlarimizni asrab, bogʻu rogʻlar, yashil maskanlarni koʻpaytirsak, Oʻzbekistonimiz yanada goʻzal diyorga aylanadi, avlodlarga bizdan ozod va obod Vatan qoladi. 

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini taʼminlashda doimo ishonchli kafolat boʻlib kelgan va bundan buyon ham shunday boʻlib qoladi. 

Shu maʼnoda, xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi boʻlgan Asosiy Qonunimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. 

Bu noyob qomusning har bir moddasi va qoidasini oʻrganish, ularga hurmat, mehr va eʼtibor bilan munosabatda boʻlib, toʻlaqonli ijro etish barchamiz uchun muqaddas burch va mezonga aylanishini istardim. 

Aminmanki, ana shunday yuksak masʼuliyat bilan astoydil mehnat qilib, islohotlarimiz samarasini yanada oshiramiz va oldimizga qoʻygan ulugʻvor maqsadlarga albatta yetamiz.

Siz, aziz yurtdoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Vatanimizning obroʻ-eʼtibori, shonu shuhrati ziyoda boʻlsin!

Barcha yutuq va gʻalabalarimizning ijodkori boʻlgan xalqimiz omon boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.