Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni ulugʻ ayyom – Oʻzbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Albatta, keyingi yillarda mamlakatimizda yangicha ruhda keng nishonlanayotgan bu bayramning alohida fayzi va shukuhi borligini barchamiz yaxshi bilamiz. Ushbu qutlugʻ sanada milliy qadriyatlarimiz gultoji boʻlgan ona tilimizning tariximiz va taqdirimiz, bugungi hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini, uni rivojlantirish borasida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni yanada chuqur his etamiz.
Aziz doʻstlar!
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga koʻtarilayotganidan xabardorsiz. Buning tasdigʻini oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish boʻyicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol koʻrish mumkin.
Ana shunday saʼy-harakatlarimiz natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham oʻzining munosib oʻrni va mavqeiga ega boʻlib bormoqda. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, doʻstlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi samarali faoliyat koʻrsatib, gʻoyat muhim bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib kelmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida amaliy filologiya va kompyuter lingvistikasi boʻyicha yangi yoʻnalishlar ochilib, oʻzbek tilini turli sohalarda qoʻllashga oid tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Oliygoh qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi, 6 ta maxsus oʻquv kursi hamda Alisher Navoiy xalqaro jamgʻarmasi tashkil etilgani ham ayni shu maqsadlarga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.
Ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida yaqin kelgusida asosiy vazifasi chet ellarda oʻzbek tili, madaniyati va milliy anʼanalarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat boʻlgan Alisher Navoiy xalqaro instituti faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻtgan qisqa davrda oʻzbek tilini chuqur oʻrganish va oʻrgatishga xizmat qiladigan 16 ta kitob, jumladan, 9 ta lugʻat nashr qilinganini alohida qayd etish lozim. Ayni vaqtda 5 jilddan iborat “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” fundamental tadqiqoti vazirlik va idoralar, taʼlim-tarbiya maskanlariga, mamlakatimizning chet eldagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalariga yetkazildi. Shuningdek, chet el fuqarolari va yurtdoshlarimizga oʻzbek tilini oʻrgatadigan onlayn platforma,
oʻzbek tili izohli lugʻatining mobil ilovasi, xorijdagi vatandoshlarimiz uchun maxsus veb-sayt yaratilgani ham albatta muhim ahamiyatga ega.
Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻlgani Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, oʻzbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti taʼsis etilgani buyuk ajdodimiz xotirasi va bebaho merosiga, shunday ulugʻ zotlarni voyaga yetkazgan xalqimizga boʻlgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.
Bugungi kunda mamlakatimizda 150 ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, oʻzbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat koʻrsatayotgani, maktablarimizda taʼlim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekanini taʼkidlash oʻrinlidir. Yurtimizda chet tillarga ixtisoslashgan hamda oʻquv mashgʻulotlari xorijiy tillarda oʻtiladigan taʼlim maskanlari soni ortib borayotgani ham shu sohadagi muhim oʻzgarishlar natijasidir.
Muhtaram vatandoshlar!
Oʻzbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi oʻrni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va masʼuliyatli vazifalar turganini barchamiz yaxshi anglaymiz.
Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillari va chet el fuqarolarida oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqish va eʼtibor ortib borayotganini hisobga olib, ular uchun maxsus darslik, lugʻat va qoʻllanmalar, video va audiomateriallar hajmini oshirish boʻyicha ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur.
Oʻzbek tili jonajon Vatanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun aziz va qadrli tilga aylanishi, uning jozibadorligini oshirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishimiz, bu maqsadda nafaqat maʼnaviy, shu bilan birga, moddiy ragʻbatlantirish choralarini ham keng qoʻllashimiz darkor. Xususan, tilshunos va lugʻatshunos olimlarimizning, shoir-adiblarimizning ushbu sohadagi mashaqqatli va sharafli mehnatini munosib qadrlash, ularning ilmiy tadqiqotlari, darslik va qoʻllanmalari, kitob va risolalarini davlat buyurtmasi shaklida nashr etish va keng jamoatchilikka yetkazib berish uchun alohida dastur ishlab chiqib, amalga oshirishimiz zarur.
Davlat tiliga oid barcha maʼlumotlarni oʻzida jamlagan Oʻzbek tili milliy korpusini yaratishni tezlashtirish, ona tilimizni Internet global tarmogʻida ommalashtirish va ushbu makonda mustahkam oʻrin egallashini taʼminlash, dasturiy mahsulotlarning oʻzbekcha ilovalarini yaratish ishlarini jadallashtirish ham oldimizda turgan dolzarb vazifadir.
Aziz va muhtaram yurtdoshlarim!
Hozirgi kunda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga koʻtarilmoqda. Bu yoʻlda milliy oʻzligimiz, gʻurur-iftixorimiz timsoli boʻlgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.
Ana shunday hayotiy eʼtiqod va buyuk maqsad bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon boʻlsin!
Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, fayzu baraka tilayman.
Ona tilimiz mangu yashasin!
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti