Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni qutlugʻ ayyom – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Butun dunyo qatori yurtimizda ham davom etayotgan koronavirus pandemiyasi sababli bu yil ham Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan tantanali marosimlarni keng miqyosda oʻtkazishning, afsuski, imkoni boʻlmayapti. Lekin bu bayram qalblarimizga quvonch va shukuh bagʻishlab, oilalarimizda, mehnat jamoalari, taʼlim maskanlari, mahallalarda shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda.
Muhtaram doʻstlar!
Hayotimiz qomusi boʻlgan Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori boʻlib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Aynan Konstitutsiyamizga tayanib, biz bundan besh yil oldin mamlakatimizda Harakatlar strategiyasini qabul qildik va Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha keng koʻlamli islohotlarni boshladik. Oʻtgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy manzarasi butunlay oʻzgardi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yoʻnalishiga aylandi.
Biz Konstitutsiyamizda muhrlab qoʻyilgan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish gʻoyasiga sodiq qolib, shu yoʻlda keng koʻlamli ulkan ishlarni amalga oshirdik, katta bilim va tajriba toʻpladik.
Avvalo, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy qoidadan kelib chiqib, xalq bilan doimiy muloqot qilish faoliyatimiz mezoni etib belgilandi, davlat idoralari rahbarlari fuqarolar oldida hisobot beradigan samarali tizim yoʻlga qoʻyildi.
Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha mansabdor shaxslar quyi boʻgʻinga, mahalla darajasiga tushib, aholi bilan bevosita uchrashib, ularning muammolarini joyida hal etmoqda.
Muhim qaror va qonunlar loyihalarini, byudjet mablagʻlaridan oqilona foydalanish, davlat xaridlari masalalarini muhokama qilish jarayonida bugun fuqarolarimiz faol ishtirok etmoqda. Shu asosda davlat tashkilotlari va fuqarolik institutlari oʻrtasidagi hamkorlik va jamoat nazorati yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Yurtdoshlarimiz uchun mamlakatning xohlagan hududida emin-erkin yashash, uy-joy va koʻchmas mulk sotib olish, fuqarolikka ega boʻlish, bilim olish, mehnat qilish, tadbirkorlik bilan shugʻullanib, daromad topish, turli davlat xizmatlaridan foydalanishga oid keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Eng muhimi, bunday oʻzgarishlarni har bir inson kundalik hayotida koʻrmoqda, his etmoqda.
Ayniqsa, davlat tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklarini chet ellarda ham taʼminlash boʻyicha boshlagan ishlarimiz xorijda yashayotgan yurtdoshlarimizning Vatanimizga boʻlgan mehri va ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bunday natijalarga erishishda Konstitutsiya va qonunlarimiz talablaridan kelib chiqib, iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini uy-joy bilan taʼminlash, tibbiyot va taʼlim sohalaridagi muammolar, majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambagʻallik, korrupsiyaga qarshi kurash masalalari keng jamoatchiligimiz ishtirokida hal etilayotgani muhim rol oʻynamoqda.
Mamlakatimizda ijtimoiy muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy etilgan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimlari dastlabki ijobiy natijasini berayotganini taʼkidlash lozim. Ayniqsa, muhtaram faxriylarimiz, xotin-qizlar, yoshlar, aholining yordamga muhtoj qatlamlarining huquq va manfaatlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mahalliy kengashlar faoliyati ham jonlanmoqda. Shu yilning oʻzida ushbu tuzilmalar orqali fuqarolarning 29 mingdan ziyod muammolari ijobiy hal etilgani, oʻz vazifasini masʼuliyat bilan ado etmayotgan rahbarlarga nisbatan tegishli qonuniy choralar koʻrilayotgani ham shundan dalolat beradi.
Inson huquqlarini himoya qilishda muhim oʻrin tutadigan sud tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, nazorat instansiyasi bekor qilinib, fuqarolar va advokatlarning shikoyatlari ham, xuddi prokuror protesti kabi, toʻgʻridan-toʻgʻri koʻriladigan tartib oʻrnatildi.
Ilk bor mansabdorlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turadigan maʼmuriy sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ular orqali joriy yilning oʻzida 6,5 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorning huquqlari tiklandi. Iqtisodiy va fuqarolik sudlarida prokurorning ishtiroki cheklandi, jinoyat ishlarini asossiz ravishda suddan chaqirib olish bilan bogʻliq amaliyotga barham berildi. Xorijiy investorlar huquqlarining himoyasini kuchaytirish maqsadida Xalqaro tijorat arbitraji faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Advokatlarning vakolatlari kengaytirilmoqda, Oliy Majlis huzuridagi Inson huquqlari boʻyicha vakil – Ombudsman tomonidan tashkil etilgan jamoatchilik guruhlari oʻz vazifasini samarali amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Bu yil 4 mingdan ortiq shaxs sud zalidan ozod qilinib, 8 mingga yaqin fuqaroga nisbatan asossiz qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarilgani, 859 nafar shaxs oqlangani sud-tergov sohasidagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Xalqimizga xos kechirimlilik, bagʻrikenglik va olijanoblik tamoyillariga amal qilgan holda, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslarga nisbatan afv instituti muntazam qoʻllanmoqda. Shu boradagi ishlarimizning davomi sifatida Konstitutsiya kuni arafasida yana bir farmonga imzo chekdim. Unga koʻra, shu toifaga mansub 182 nafar shaxs muddatidan oldin ozod qilinib, erkin hayotga qaytarilmoqda.
Mamlakatimizda soʻz va vijdon erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalarini jamoatchilik fikrini ifoda etadigan “toʻrtinchi hokimiyat”ga aylantirish borasida muhim qadamlar qoʻyilmoqda.
Turli millat va diniy konfessiyalar vakillarining oʻz tili, urf-odat va anʼanalarini rivojlantirishlari uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ayni vaqtda biz Konstitutsiyamiz normalarini hayotga toʻla tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali taʼminlash borasida hali koʻp ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz. Oldimizda turgan vazifalarni amalga oshirish uchun Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida keng koʻlamli islohotlarimizni izchil davom ettiramiz.
Avvalo, Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalarni hayotga joriy etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratib, demokratik yangilanishlarni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratamiz. Parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarini yanada kengaytirish, ijro organlari ustidan vakillik nazoratini kuchaytirish, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ayniqsa, hududlarni rivojlantirishda mahalliy kengashlar rolini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratish eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Maʼmuriy islohotlar dasturini amalga oshirish borasida davlat organlarining huquqiy maqomini aniq belgilash, ixcham boshqaruv apparatini shakllantirish va ish yuritishni raqamlashtirishga alohida ahamiyat qaratiladi.
Yana bir muhim vazifa amaldagi jinoyat qonunchiligini qayta koʻrib chiqishdan iborat.
Hozirgi kunda koloniyalardagi mahkumlarning qariyb 80 foizi mehnatga jalb etilgan boʻlsa-da, ularning ishlagan yillari umumiy mehnat stajiga qoʻshib hisoblanmaydi va pensiya tayinlashda inobatga olinmaydi. Ijtimoiy adolat tamoyiliga toʻgʻri kelmaydigan bunday cheklovning bekor qilinishi mahkumlar tomonidan moliyaviy muhtojlik tufayli takroran jinoyat sodir etishning oldini olishga xizmat qilgan boʻlur edi. Shuningdek, jazoni oʻtab boʻlgan fuqarolarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish uchun “dastlabki yordam paketi” tizimi joriy etiladi. Xususan, oʻzining aniq tadbirkorlik loyihasini taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan sobiq mahkumlarga Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamgʻarmasidan 10 million soʻmgacha bir martalik moddiy yordam beriladi.
Taraqqiyot kushandasi boʻlgan korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda uning har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirishga qaratilgan siyosatni izchil davom ettiramiz. Bu borada davlat idoralari bilan birga, keng jamoatchilik, ayniqsa, fuqarolik jamiyati institutlarining kuch va salohiyatidan samarali foydalanishga jiddiy eʼtibor qaratamiz.
Aziz doʻstlar!
Taraqqiyot strategiyasida oʻz aksini topayotgan, adolatli va xalqparvar davlat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalarni amalga oshirish uchun, avvalo, yangi konstitutsiyaviy makon hamda yanada mustahkam qonunchilik bazasi kerak boʻlishini, oʻylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Shu maʼnoda, Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantigʻiga moslashtirish, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahqam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifaga aylanmoqda.
Shu yil Prezident saylovi oldidan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda fuqarolarimiz, keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar vakillari tomonidan bildirilgan takliflarda ana shu masala alohida qayd etilgani konstitutsiyaviy islohotlarni obyektiv zarurat sifatida kun tartibiga qoʻymoqda.
Bu, ayniqsa, quyidagi holatlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Birinchidan, ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb oʻzgartirish, uni milliy qonunchiligimiz va huquqiy amaliyotimizda mustahkamlash zarur.
Ikkinchidan, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini taʼminlash bosh mezon boʻlishi kerak. Bu – xalqparvar davlat barpo etishning eng muhim shartidir.
Uchinchidan, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu gʻoya doirasida Asosiy qonunimizda fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash ham davr talabidir.
Toʻrtinchidan, Bosh qomusimizda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash boʻyicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qoʻyishimiz zarur.
Beshinchidan, farzandlarimiz Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan bugungi kunda Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla taʼminlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, oʻgʻil-qizlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada oʻz aksini topishi kerak.
Oltinchidan, hozirgi kunda Oʻzbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi, deb oʻylayman.
Yettinchidan, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyamizda bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari ham oʻz aksini topishi zarur.
Sakkizinchidan, hozirgi vaqtda koʻplab rivojlangan davlatlar, tabiatdagi global oʻzgarishlarni hisobga olib, oʻz konstitutsiyasiga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritmoqda. Oʻzbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor oʻrin egallashi lozim.
Toʻqqizinchidan, Uchinchi Renessansning toʻrt uzviy halqasi boʻlmish bogʻcha, maktab, oliy taʼlim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyish ham maqsadga muvofiqdir.
Albatta, Konstitutsiyani yangilashdek gʻoyat muhim, strategik vazifani hal etishda biz yetti marta emas, yetmish marta oʻylab, xalqimiz bilan har tomonlama maslahatlashgan holda, yurtimiz va jahondagi ilgʻor tajribalarni chuqur oʻrganib, aniq qaror qabul qilishimiz zarur.
Oliy Majlis palatalari, hurmatli deputat va senatorlarimiz, muhtaram nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar jamoatchiligi, huquqshunos va siyosatshunos olimlarimiz, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilarimiz, butun xalqimiz bu masalada oʻzining aniq fikr va qarashlarini bildiradilar, deb ishonaman.
Atoqli davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning “Yaxshi boʻlish uchun – oʻzgarish kerak, yaxshilarning yaxshisi boʻlish uchun esa yanada koʻproq oʻzgarish kerak”, degan soʻzlarida, oʻylaymanki, teran hayotiy maʼno mujassam.
Darhaqiqat, bugungi shiddatli davr bizdan zamonga mos harakat va oʻzgarishlarni talab etmoqda. Ana shunday talabga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega boʻlish uchun Asosiy qonunimizning yangi loyihasini tayyorlashimiz, uni umumxalq muhokamasiga qoʻyib, bildirilgan takliflar asosida takomillashtirish, ushbu muhim siyosiy hujjatni 2022 yil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yillik bayrami nishonlanadigan kunlarda qabul qilish, oʻylaymanki, milliy davlatchilik anʼanalarimizga, xalqimiz manfaatlariga munosib ish boʻladi.
Aziz va qadrli vatandoshlar!
Mana shu ulugʻ ayyomda xalqimizning dilidagi bir fikrni yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman: Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar endi hech qachon ortga qaytmaydi.
Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi el-yurtimizning ulkan intilish va irodasi bilan umumxalq harakatiga aylanmoqda. Barchamiz ana shu ulugʻ maqsad yoʻlida yanada jipslashib, gʻayrat-shijoat va masʼuliyat bilan fidokorona mehnat qilsak, koʻzlagan yuksak marralarimizga albatta yetamiz.
Ishonchim komil, oradan yillar, asrlar oʻtadi, lekin gʻoyat qiyin va murakkab, ogʻir sinovli yillarda Yangi Oʻzbekistonni bunyod etishga munosib hissa qoʻshgan insonlarni kelgusi avlodlar minnatdorlik bilan eslaydi.
Barchamizga ana shunday buyuk baxt va sharaf yor boʻlsin!
Jonajon Oʻzbekistonimiz doimo gullab-yashnasin!
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin!
Siz, aziz vatandoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti