Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi

0
110
marta koʻrilgan.

Muhtaram vatandoshlar! 

Siz, azizlarni jonajon yurtimizda keng nishonlanayotgan qutlugʻ ayyom – Oʻzbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. 

Hech shubhasiz, azaliy qadriyatlarimiz gultoji boʻlgan ona tilimiz asrlar sinovidan bezavol oʻtib kelayotgan buyuk va bebaho maʼnaviy boyligimizdir.

Mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi oʻrni va ahamiyatini oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish masalasini biz milliy oʻzligimizni anglash, millat ruhini saqlab qolish, yorugʻ kelajagimizni taʼminlashning eng muhim omili, deb bilamiz. Shu ezgu maqsad yoʻlidagi amaliy harakatlarimiz tufayli jamiyatimiz hayotida davlat tilining qoʻllanish doirasi tobora kengayib, u xalq dilining chinakam koʻzgusiga aylanmoqda. 

Ayniqsa, keyingi yillarda oʻzbek tili nufuzli xalqaro anjumanlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan muntazam yangrab kelayotgani barchamizga gʻurur-iftixor bagʻishlash bilan birga, dunyoda ona tilimizni oʻrganishga intilayotgan insonlar safini ham tobora kengaytirmoqda.

Hurmatli yurtdoshlar! 

Bugungi quvonchli ayyomda jahondagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tilining obroʻ-eʼtibori va nufuzini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlarimiz haqida soʻz yuritib, kelgusidagi muhim vazifalarimizni belgilab olishimiz tabiiydir. 

Bu haqda gapirganda, avvalo, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati zamon talablari asosida tashkil etilib, barcha sohalarda davlat tilida ish yuritish sifatini yaxshilash, xususan, axborot-kommunikatsiya yoʻnalishida uni faol qoʻllash borasida ijobiy natijalarga erishilayotganini taʼkidlash lozim. 

Maʼlumki, har qanday tilni oʻrganish va rivojlantirishda, birinchi navbatda, uning nazariy-metodik asoslari katta oʻrin tutadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, keyingi yillarda “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”, “Alisher Navoiy qomusi”, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”, “Falsafa” qomusiy lugʻati, “Oʻzbekiston yuridik ensiklopediyasi”, “Islom ensiklopediyasi”, “Maʼnaviyat: asosiy tushunchalar lugʻati”, “Pedagogika: ensiklopediya”, “Tarix atamalari lugʻati”, “Adabiyotshunoslik lugʻati”, “Yuridik atamalar lugʻati” kabi 40 dan ziyod fundamental kitoblar nashr etilgani bu yoʻldagi muhim qadam boʻldi. 

Shular qatorida oʻzbek tilining elektron milliy korpusi va dasturiy mahsulotlarning oʻzbekcha ilovalarini yaratish, oʻzbek tilini Internet tarmogʻida ommalashtirish va munosib oʻrin egallashini taʼminlash, davlat tilini oʻrgatishga hamda matn tahririga moʻljallangan dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish boʻyicha ham jiddiy ishlar olib borilayotganini qayd etish zarur. 

Mamlakatimizda oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash hajmi hamda ilmiy tadqiqotlar soni ortib bormoqda. Hozirgi kunda jami 33 ta oliygohda ushbu mutaxassislik boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda. Oliy taʼlim muassasalarida 7 ming nafardan ziyod fan nomzodlari va doktorlari, professor-oʻqituvchilar oʻzbek tili va adabiyotidan dars bermoqda.

Agar 1992–2012 yillarda, yaʼni 20 yil mobaynida bu ixtisoslik boʻyicha 730 ta ilmiy ish himoya qilingan boʻlsa, soʻnggi 10 yilda bu raqam 792 tani tashkil etdi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻrgatish va malaka oshirish markazida vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari oʻzbek adabiy tili meʼyorlari va imlo qoidalari boʻyicha muntazam oʻqitilmoqda. 

Universitetda tashkil etilgan “Oʻzbek maktabi”da esa yuzlab xorijlik fuqarolar ona tilimiz va milliy madaniyatimiz asoslarini katta qiziqish bilan oʻrganmoqda. Bu borada keyingi yillarda nashr etilgan oʻzbekcha-xitoycha, oʻzbekcha-inglizcha, oʻzbekcha-fransuzcha, oʻzbekcha-nemischa, oʻzbekcha-arabcha, oʻzbekcha-forscha lugʻat va soʻzlashgichlar muhim rol oʻynamoqda. 

Lotin grafikasi asosidagi alifbomizni takomillashtirish ishlari ham davom etmoqda. Ushbu masala yuzasidan xalqimiz, jamoatchiligimiz tomonidan bildirilgan barcha taklif va tavsiyalar jiddiy oʻrganilib, muhokamadan oʻtganidan soʻng tegishli qonun loyihasini yana bir bor koʻrib chiqib, parlamentga kiritish maqsadga muvofiqdir.

Aziz doʻstlar! 

Biz davlat tili taraqqiyotini jahondagi yetakchi xorijiy tillar va mamlakatimizdagi turli millat vakillarining tili va madaniyatini rivojlantirish bilan bogʻliq holda koʻramiz.

Bugungi kunda yurtimizda taʼlim 7 tilda olib borilmoqda. Respublikamizdagi mavjud 1453 ta ommaviy axborot vositasi hamda yuzlab veb-saytlar orqali qoraqalpoq, rus, qozoq, tojik, turkman, koreys, turk, arab, ingliz, nemis va boshqa tillarda ham materiallar eʼlon qilinmoqda.

Biz Oʻzbekistonni tenglik, doʻstlik va bagʻrikenglik diyoriga aylantirish maqsadida turli millatga mansub fuqarolarimizning til sohasidagi huquqlarini taʼminlashga qaratilgan ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz.

Muhtaram yurtdoshlar! 

Oʻtgan asr boshlarida maʼrifatparvar jadid bobolarimiz “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu gʻoya asosida maydonga chiqib, xalqimizni mustamlaka zulmidan xalos qilish, uni zamonaviy ilm-fan, kasb-hunar va madaniyatga oshno etish boʻyicha ulkan ishlarni amalga oshirgan edilar.

Ana shunday mushtarak maqsadlar, umummilliy birlik va ahillik bugun biz uchun har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi oʻta keskin va tahlikali zamonda faqatgina shu asosda oʻz milliy manfaatlarimizni qatʼiy himoya qilishga, jumladan, ona tilimizni asrab-avaylash va boyitish, uni ilm-fan, iqtisodiyot, taʼlim, tibbiyot, axborot-kommunikatsiya, diplomatiya va boshqa muhim yoʻnalishlarda taʼsirchan muloqot vositasiga aylantirib, taraqqiyot surʼatlariga uygʻun holda rivojlantirishga, xalqaro nufuzini munosib darajaga koʻtarishga erisha olamiz. 

Binobarin, ulugʻ shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, “Ona tili – umummillat mulki. Demak, til oldidagi masʼuliyat ham umummilliy boʻlib, bu yolgʻiz tilshunoslarning emas, butun millatning ishi” ekanini doimo yodda tutishimiz lozim.  

Fursatdan foydalanib, ana shu haqiqatni chuqur anglab, bu yoʻlda sidqidildan xizmat qilayotgan, oʻzbek tilining haqiqiy fidoyisi va doʻsti boʻlgan barcha zahmatkash va jonkuyar insonlarga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman. 

Qadrli vatandoshlar! 

Siz, azizlarni, butun xalqimizni 21 oktyabr – Oʻzbek tili bayrami bilan yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik tilayman.

Mana shunday buyuk maʼnaviy boylikni yaratgan xalqimiz doimo omon boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev, 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.