Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi

0
110
marta koʻrilgan.

Qadrli vatandoshlar!

Siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni 8 dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Konstitutsiya milliy davlatchiligimiz, suverenitetimiz, shu kunga qadar erishgan barcha yutuq va marralarimiz, demokratik huquqiy davlat barpo etish yoʻlidagi saʼy-harakatlarimizning mustahkam poydevori hisoblanadi. Asosiy Qonunimizning jonajon Oʻzbekistonimiz taraqqiyotidagi beqiyos ahamiyatini yuksak qadrlaymiz.

Albatta, bu yilgi bayram ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, mamlakatimiz rivojida alohida maʼno-mazmunga ega. Bu, avvalo, shu yil 30 aprelda milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilingani bilan bogʻliq, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Hech shubhasiz, tom maʼnoda xalqchil qomus boʻlgan Asosiy qonunimiz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati boʻlib xizmat qiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekistonning besh ustuni, yaʼni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi, uning mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob va moddalar bilan boyitildi.

Biz oʻz oldimizga qoʻygan ezgu maqsadlarga yetishda Asosiy qonunimizda muhrlangan barcha qoida va tamoyillarni amalga oshirmoqdamiz. Jamiyatimizda Konstitutsiya va qonun ustunligini taʼminlash, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitga mos holda yoʻlga qoʻyishning ahamiyatini chuqur anglagan holda, bu borada tizimli ishlarni boshladik. Xususan, Asosiy qonunimizdan kelib chiqib, amaldagi qonunlarimizni yangi konstitutsiyaviy normalar bilan uygʻunlashtirish yuzasidan jadal ishlar olib borilmoqda.

Bu haqda soʻz yuritganda, qisqa muddatda 30 dan ziyod qonun va qonunosti hujjatlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilganini taʼkidlash lozim.

Konstitutsiya va qonun ustunligi tamoyili – bu barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni. Soʻnggi yillarda barcha islohotlarimizni ayni shu tamoyil asosida amalga oshirdik.

Yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi oxirgi 6 yilda 1,5 martadan ortiq, tadbirkorlar soni 2 barobar va sanoatdagi oʻsish 40 foizdan ziyod oshgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Shuningdek, joriy yilda ijtimoiy sohaga ajratilgan mablagʻlar 134 trillion soʻmni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 5,6 barobar koʻpaydi.

Keng koʻlamli va tizimli islohotlarimiz natijalari xalqaro maydonda ham keng eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Korrupsiyaga murosasiz munosabat boʻyicha xalqaro indeksda 32 pogʻonaga, Matbuot erkinligi indeksida 28 pogʻonaga, Huquq ustuvorligi indeksida 13 pogʻonaga koʻtarildi.

Aziz doʻstlar!

Biz inson qadr-qimmati va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha boshlagan islohotlarimizni yangi konstitutsiyaviy makonda yanada qatʼiy davom ettiramiz. Xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda oʻz aksini topgan tamoyillarni toʻliq roʻyobga chiqarishimiz va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishimiz lozim.

Shu munosabat bilan oldimizda turgan eng muhim ustuvor vazifalarni qayd etmoqchiman.

Birinchidan, Konstitutsiyamizda xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir, deyilgan. Ana shu qoidadan kelib chiqib, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlarimiz izchil davom ettiriladi.

Ikkinchidan, Konstitutsiyani jamiyat hayotining barcha jabhalarida toʻgʻridan-toʻgʻri va bevosita qoʻllash amaliyotiga oʻtishimiz zarur. Shundagina xalqimiz Asosiy qonunimizning hayotbaxsh kuchi va taʼsirini teran his etadi.

Bu borada barcha davlat idoralari, jumladan, sudlar faoliyatida konstitutsiyaviy normalarni toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllashni joriy etish boʻyicha amaliy choralar koʻriladi.

Uchinchidan, sud-huquq islohotlari yangi konstitutsiyaviy makonga uygʻunlashtiriladi. Bu jarayonda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yoʻnaltirish ustuvor vazifa boʻlib hisoblanadi.

Toʻrtinchidan, huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashda mutanosiblikni taʼminlash boʻyicha konstitutsiyaviy prinsipni roʻyobga chiqarish maqsadida qonun hujjatlaridagi 150 dan ortiq ana shunday choralar toʻliq qayta koʻrib chiqiladi. Jumladan, ayrim qilmishlarni jinoyatlar toifasidan chiqarish va jazo turlarini oʻzgartirish, fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan maʼmuriy javobgarlikni bekor qilish borasida huquqiy islohotlar amalga oshiriladi.

Beshinchidan, Konstitutsiyamizda qatʼiy belgilab qoʻyilganidek, insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsiz boʻlib, uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid keladigan har qanday harakatlarga qarshi kurashish, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifalarimizdan biridir.

Ushbu yoʻnalishda asosiy eʼtiborimiz bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni joriy etishga, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili, Bolalar ombudsmani va boshqa inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirishga qaratiladi.

Oltinchidan, barcha islohotlarimizda inson va uning manfaatlari markaziy oʻrinda turishi va xalqimiz farovonligi hamda qulay hayot kechirishini taʼminlash davlat organlari uchun bosh maqsad boʻlishi lozim. Soʻnggi yillarda shu maqsadda 300 ga yaqin davlat xizmatlari toʻliq raqamlashtirildi va aholiga 50 milliondan ortiq xizmatlar koʻrsatildi.

Shu bois, fuqaro va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda mavjud byurokratik toʻsiqlarni keskin qisqartirish hamda ushbu jarayonlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha ishlarni izchil davom ettirishimiz kerak.

Yettinchidan, biz “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifiy jamiyat” konsepsiyasi asosida konstitutsiyaviy taʼlim masalasiga ham alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Parlament tomonidan Konstitutsiyani oʻqib-oʻrganish boʻyicha Milliy faoliyat dasturi qabul qilindi. Asosiy qonunimizni oʻrganishni bolalar bogʻchasidan boshlash, barcha darajadagi taʼlim muassasalari, aholining turli qatlamlari, ayniqsa, davlat xizmatchilari ushbu jarayonga toʻliq jalb etilishi lozim. Shuning uchun davlat xizmatiga ishga kirishda Konstitutsiya asoslari boʻyicha imtihonlar oʻtkazish tizimini amalda tatbiq etishimiz zarur.

Sakkizinchidan, Konstitutsiya va qonun ustunligini taʼminlashda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu masalada fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor beramiz. Xususan, soʻnggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlarning soni qariyb 40 foizga oshdi va ularni qoʻllab-quvvatlashga 700 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.

Shu bilan birga, fuqarolik jamiyatining muhim sharti boʻlgan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz lozim hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda ijtimoiy hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha aniq amaliy choralarni koʻrishda davom etamiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Dunyoning turli mintaqalarida ziddiyat va qarama-qarshiliklar, qurolli toʻqnashuvlar tobora avj olib bormoqda. Oldimizda yangi-yangi muammolar paydo boʻlmoqda. Hozirgi oʻta murakkab va tahlikali vaziyatda barchamiz yanada birlashishimiz kerak. Tanlagan yoʻlimizdan qatʼiy olgʻa borishimiz zarurligini asrlar davomida koʻplab ogʻir sinov va mashaqqatlardan munosib oʻtgan mard va donishmand xalqimiz albatta yaxshi tushunadi.

Aminmanki, Oʻzbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi biz uchun bu yoʻlda ulkan ishonch, kuch-gʻayrat va ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.

Biz Asosiy qonunimizga tayangan holda, mana shunday noyob Konstitutsiyamizning asosiy ijodkori boʻlgan koʻpmillatli, bagʻrikeng va olijanob xalqimiz bilan birga ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz!

Yangi Oʻzbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!

Siz, aziz vatandoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, hammangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin!

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev,  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.