Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi

0
49
marta koʻrilgan.

Aziz vatandoshlar, muhtaram faxriylar!

Bugungi shonli bayram – 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk gʻalabaning 79 yilligi munosabati bilan moʻtabar faxriylarimizni, koʻp millatli butun xalqimizni samimiy muborakbod etib, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Ushbu qutlugʻ kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushda jasorat koʻrsatib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, gʻalabani taʼminlashga munosib hissa qoʻshgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltiramiz.

Jang maydonlaridan omon qaytib, mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona xizmat qilgan, bugungi kunda ezgu duolari bilan hayotimizning fayzu farishtasi boʻlib kelayotgan qadrli urush va mehnat faxriylariga cheksiz tashakkurimizni izhor etamiz.

Ayni vaqtda mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish hamda oʻz xizmat burchini ado etish yoʻlida halok boʻlgan jasur harbiylarimiz xotirasini minnatdorlik bilan esga olamiz.

Qadrli doʻstlar!

Bugun barcha shahar va qishloqlarimizda oʻtkazilayotgan tadbirlarda bu mudhish urush el-yurtimiz uchun qanday mislsiz talafot va musibatlar olib kelganini yana bir bor yodga olishimiz tabiiydir. Oʻsha ogʻir yillarda frontga safarbar etilgan 1 million 950 mingdan ziyod oʻzbekistonlik jangchilardan 538 mingdan koʻprogʻi halok boʻlgani, 158 mingdan ortigʻi bedarak yoʻqolgani, 870 mingdan oshigʻi turli jarohatlar olgani, 60 ming nafardan ziyodi esa nogiron boʻlib qaytgani bu gʻalaba biz uchun naqadar qimmatga tushganini yaqqol koʻrsatib turibdi. Ana shu qirgʻinbarot urush xalqimiz qalbida qoldirgan bitmas jarohatni, oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlsa-da, hamon unutib boʻlmaydi.

Urush davrida 214 ming askar va ofitserlarimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlangani, ularning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari uchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordeniga sazovor boʻlgani biz uchun, hech shubhasiz, buyuk gʻalabaning eng yorqin sahifalarini tashkil etadi.

Metin irodali xalqimiz oʻsha tahlikali yillarda front ortida sabot va matonat bilan mehnat qildi. Sanoat korxonalarining faoliyati front ehtiyojlari uchun yoʻnaltirildi. Urush alangasi ichida qolgan hududlardan mamlakatimizga 170 dan ortiq zavod va fabrika koʻchirib keltirildi va qisqa muddatda ularning faoliyati qayta tiklandi. El-yurtimiz front uchun juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarogʻ, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berdi.

Oʻzbekiston aholisi 1941-1943 yillarda mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablagʻni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani gʻalabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa boʻlib qoʻshildi.

Xalqimiz yuksak odamiylik fazilatini namoyon etib, urush hududlaridan evakuatsiya qilingan 1 million 500 mingga yaqin insonga boshpana berdi. Ota-onasidan judo boʻlgan 250 ming nafar yetim bolalarga mehr-oqibat koʻrsatib, soʻnggi burda nonini ham ular bilan baham koʻrdi.

Aziz vatandoshlar!

Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida xalqimiz jasoratining timsoli sifatida bunyod qilingan muhtasham “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi qisqa vaqt ichida qutlugʻ qadamjoga aylandi.

Shu kungacha bu yerga 2 million 200 ming nafardan ziyod ziyoratchi tashrif buyurib, uni katta qiziqish va eʼtibor bilan tomosha qilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Majmua jamoasi tomonidan ellikka yaqin kitob-albom va monografiyalar, noyob hujjatlar toʻplamlari yaratilib, hozirga qadar nomaʼlum boʻlgan yuzlab tarixiy faktlar aniqlanib, jamoatchilikka yetkazildi.

“Bobomni izlayman” loyihasi doirasida urushda ishtirok etgan 2 million nafarga yaqin vatandoshlarimiz roʻyxati shakllantirildi. Yurtdoshlarimizdan kelib tushgan 300 dan ziyod murojaatlar boʻyicha urushda bedarak ketgan 200 nafar jangchining taqdiriga oid muhim maʼlumotlar toʻplandi.

Muhtaram doʻstlar!

Bugungi bayram munosabati bilan jonajon Oʻzbekistonimizda xotira marosimlari, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, “uch avlod uchrashuvlari” oʻtkazilmoqda. Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining oila aʼzolariga tabrik va sovgʻalar topshirishga bagʻishlangan marosimlar tantanali vaziyatda oʻtkazilmoqda.

Muhtaram urush faxriylari xalqimizning doimiy eʼtibori va eʼzozida boʻlib kelmoqdalar. Jumladan, yolgʻiz yashayotgan urush va mehnat faxriylari, istiqlolimiz himoyasi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning uy-joylari taʼmirlanib, obod qilinmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga patronaj xizmati va zarur tibbiy muolajalar koʻrsatilmoqda. Ular oʻz xohishlariga koʻra sanatoriylarda davolanmoqda.

Hech shubhasiz, biz bugungi ozod va erkin hayot uchun aziz jonini ayamasdan kurashgan bunday ulugʻ insonlar oldida doimo qarzdormiz, ular uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib beramiz.

Hozirgi gʻoyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, farzandlarimizni turli zararli taʼsirlardan himoya qilish, bebaho boyligimiz boʻlgan tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo doʻstlik va ahillikni asrashdek oʻta muhim vazifalarni bajarishda qahramon faxriylarimizning jasorati, shonli anʼanalari biz uchun hamisha ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi. Biz ulardan ruh va kuch olib, Vatan himoyachilari, tinchlik posbonlari, Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari boʻlishdek yuksak burchimizni albatta sharaf bilan ado etamiz.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Siz, azizlarni bugungi ulugʻ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Yurtimiz tinch, xalqimiz doimo omon boʻlsin!

 

                 Shavkat Mirziyoyev,   Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.