Qadrli vatandoshlar!
Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq, har yil 3 dekabr sanasi butun dunyoda Xalqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanib kelmoqda.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini ijtimoiy hayotning barcha sohalarida himoya qilish, ularning muammolariga keng jamoatchilik eʼtiborini jalb etishdan iborat.
Ezgulik, mehr-oqibat, insonparvarlik timsoli boʻlgan ushbu ayyomda mamlakatimizdagi bir millionga yaqin imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan fuqarolarimizga hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Mehr-muruvvatli va bagʻrikeng xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishni jamiyatda tinchlik, doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan eng muhim qadriyatlardan biri sifatida eʼzozlab keladi.
Ana shunday ezgu anʼanalarimizni bugungi zamon talablari asosida rivojlantirish maqsadida soʻnggi yillarda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni qoʻllab-quvvatlash, ular uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Buning tasdigʻini “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingani, mamlakatimiz Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyaga qoʻshilgani, sohada mustahkam qonuniy baza yaratilgani misolida koʻrish mumkin.
Shu asosda imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatdagi mavjud imkoniyatlardan foydalanish, harakatlanish, sogʻliqni saqlash, taʼlim, bandlik, reabilitatsiya, siyosiy-ijtimoiy hayotda ishtirok etish bilan bogʻliq huquqlari taʼminlanmoqda.
Bu borada “Inson qadri uchun” tamoyili asosida Yangi Oʻzbekistonda inklyuziv rivojlanish, yaʼni aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani muhim rol oʻynamoqda.
Biz ushbu yoʻnalishda nogironligi boʻlgan insonlar – jamiyatning toʻlaqonli aʼzolari, degan tamoyilga amal qilgan holda izchil ish olib bormoqdamiz.
Chindan ham, biz barpo etayotgan yangi, erkin va demokratik davlatda jamiyatning har bir aʼzosi bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash, oʻz isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqarish, mehnat bilan band boʻlish uchun zarur imkoniyatlarga ega boʻlishi shart.
Biz uchun nogironligi boʻlgan insonlarni ijtimoiy hayotimizning barcha sohalariga jalb etish ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Yaqinda boʻlib oʻtgan Prezident saylovida shu masalalarga alohida eʼtibor qaratilib, nogironligi boʻlgan shaxslar saylov uchastkalariga kelib-ketishlari uchun zarur sharoit yaratilgani, Brayl alifbosida saylov byulletenlari tayyorlangani, saylov uchastkalari panduslar bilan jihozlangani ularning siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishlarini taʼminlash yoʻlida muhim qadam boʻlganini xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ham eʼtirof etdilar.
Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirganda, soʻnggi ikki yilda pensiya va nafaqa oluvchi nogironligi boʻlgan shaxslar soni 100 ming nafarga koʻpayib, ularning miqdori qariyb 2 barobarga oshirilganini taʼkidlash lozim. Shuningdek, barcha hududlarda “Saxovat va koʻmak” umummilliy harakati doirasida hamda “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni hayotga moslashtirish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish borasida ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, keyingi yillarda 27 ta tibbiy-ijtimoiy muassasalar rekonstruksiya qilinib, zamonaviy talablarga mos boʻlgan 1,5 mingta davolash-reabilitatsiya oʻrinlari foydalanishga topshirildi.
Ana shunday fuqarolarimizga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining roʻyxati 22 turdan 27 tagacha koʻpaytirildi. Xususan, joriy yilning oʻzida nogironligi boʻlgan bolalarning hayot sifatini yaxshilash maqsadida ular byudjet mablagʻlari hisobidan qariyb 40 milliard soʻmlik protez-ortopediya va reabilitatsiya moslamalari, koxlear implantlar hamda boshqa maxsus buyumlar bilan taʼminlandi.
Bundan tashqari, xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish dasturini amalga oshirish ishlari boshlandi, 300 dan ortiq maktablarda imkoniyati cheklangan bolalarning bilim olishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Haqiqiy matonat egasi boʻlgan nogiron yigit-qizlarimizning jahon maydonlarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritib, Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarib kelayotganlari barchamizga cheksiz gʻurur-iftixor bagʻishlaydi. Jumladan, shu yil Tokioda oʻtkazilgan Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston vakillari 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgani har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.
Taʼkidlash joizki, 3 dekabr sanasi butun dunyoda paralimpiyachilarni sharaflaydigan ayyomga aylanib bormoqda. Shuning uchun ham azmu shijoatli paralimpiyachi sportchilarimizni yana bir bor chin dildan qutlab, ularga xalqaro maydonlarda yuksak choʻqqilarni zabt etishda yangi muvaffaqiyatlar tilab qolaman.
Hayotning boshqa sohalarida ham yuksak marralarni egallashga qodir boʻlgan yoshlarimiz oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini toʻliq namoyon etishi, hayotda oʻzining munosib oʻrnini topishiga koʻmaklashish – bundan buyon ham biz uchun ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Shu maqsadda hamda nogironligi boʻlgan shaxslar oʻzlarini jamiyatning ajralmas qismi sifatida his etib yashashlari uchun ularga qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan alohida dastur qabul qilib, uni albatta amalga oshiramiz.
Ushbu dasturning mazmun-mohiyati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang boʻlib, unda nogironlikni belgilashda tibbiy yondashuvdan ijtimoiy yondashuvga oʻtish asosiy vazifa sifatida belgilanadi.
Endi nogironligi boʻlgan shaxslar – “muammosi bor insonlar” degan qarashdan voz kechib, ularning imkoniyatini kengaytirish uchun, avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy tizimni takomillashtirish yoʻlidan borishimiz zarur.
Shuning uchun dasturda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Birinchidan, nogironligi boʻlgan yoshlarga barcha darajada sifatli taʼlim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratiladi.
Jumladan, kelgusi oʻquv yilidan boshlab alohida taʼlim olishga ehtiyoji bor bolalarning 24 foizi, 2025 yilda esa 40 foizi oddiy maktablarda oʻqishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, inklyuziv taʼlimning resurs markazlari soni 14 barobarga koʻpayib, 200 tadan oshadi.
Ikkinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslarni kasb-hunarga oʻqitish va ular uchun munosib ish oʻrinlarini yaratish orqali ularning daromadini koʻpaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yanada kuchaytiriladi. Bu borada ularni zamonaviy kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha maxsus dasturlar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, har bir inson uchun davlat hisobidan kasb-hunar oʻrganish imkoniyati yaratiladi, shu maqsadda ajratiladigan mablagʻlar 2 barobarga oshiriladi.
Barcha darajadagi davlat idoralariga imkoniyati cheklangan fuqarolarni ular uchun mos keladigan ishga qabul qilishda ustunlik va imtiyoz beriladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarning nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilish borasidagi tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanib, ularni ragʻbatlantirish choralari koʻriladi. Jumladan, bunday tadbirkorlar va ishga qabul qilingan fuqarolarga qoʻshimcha soliq imtiyozlari beriladi va davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi.
Uchinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslarning salomatligini asrash, ularga tibbiy xizmatlar koʻrsatish ishlari tizimli ravishda davom ettiriladi.
Nogironligi boʻlgan bolalarni sogʻlomlashtirish uchun Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi va uning hududiy filiallari tashkil etiladi.
Shuningdek, har yili 2 ming nafar bolada tugʻma yurak nuqsoni va bosh miyadagi patologik oʻzgarishlar boʻyicha jarrohlik amaliyotini oʻtkazish belgilanmoqda.
Toʻrtinchidan, imkoniyati cheklangan fuqarolar mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida faol qatnashishi uchun “toʻsiqsiz muhit”, yaʼni, qulay sharoit yaratiladi.
Jumladan, yangi barpo etiladigan davlat idoralari binolari, ijtimoiy obyektlar, bogʻ va parklar, jamoat transportida maxsus infratuzilma yaratish, davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirish boʻyicha choralar koʻriladi, ular uchun maxsus axborot portallari, telekoʻrsatuvlar, adabiyotlar va kutubxonalar soni koʻpaytiriladi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida nogironligi boʻlgan shaxslarga uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun subsidiya va imtiyozli kreditlar beriladi.
Eng muhimi, barcha darajadagi rahbarlar va davlat idoralari masʼullari tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarning muammolarini oʻrganish va hal qilish boʻyicha doimiy muloqot tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Bir fikrni alohida taʼkidlab aytmoqchiman: jamiyatimizning eng ehtiyojmand qatlamlaridan biri boʻlgan nogironlar bilan bogʻliq faoliyatimizni tanqidiy qayta koʻrib chiqar ekanmiz, bu insonlar ham mamlakatimiz fuqarolari, bizning yurtdoshlarimiz ekanini, binobarin, hech qachon oʻzlarini yolgʻiz his etmasliklari, ijtimoiy va iqtisodiy hayotimizda faol ishtirok etishlari uchun bundan buyon ham barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonda hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi.
Ishonchim komil, 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida mustahkam oʻrin egallab, jamiyatimizda ezgulik, mehr-oqibat, gumanizm gʻoyalarini yanada chuqur qaror toptirishga xizmat qiladigan muhim sanalardan biri boʻlib qoladi.
Biz bu borada siz, azizlarga – koʻpni koʻrgan otaxon va onaxonlarimizga, hurmatli xotin-qizlarimizga, hayotga dadil kirib kelayotgan navqiron yoshlarimizga, doimo ezgu va savob ishlar qilib yashashga intiladigan butun xalqimizga tayanamiz.
Millati, tili va dinidan qatʼi nazar, inson qadr-qimmati va shaʼnini ulugʻlash, har bir fuqaro haqida eʼtibor va gʻamxoʻrlik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik biz qurayotgan Yangi Oʻzbekiston jamiyatining hayot qoidasi boʻlib qoladi.
Barchangizni ana shunday olijanob ishlarda faol ishtirok etishga daʼvat etaman.
Chuqur hurmat-ehtirom bilan,
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti