Oʻzbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi

0
133
marta koʻrilgan.

Qadrli yurtdoshlar!

Qalblarimiz fayzu ilohiy shukuhga toʻlib turgan ushbu ulugʻ kunda yurtimizdagi barcha moʻmin-musulmonlarni, butun xalqimizni tinchlik, shukronalik, mehr-oqibat va saxovat ramzi boʻlgan muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklab, oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan gʻoyat mamnunman.

Fursatdan foydalanib, mana shu tabarruk ayyomni bayram qilayotgan yer yuzidagi barcha musulmon ummatiga, xorijiy doʻstlarimiz va hamkorlarimizga xalqimiz nomidan samimiy salom va tabriklarimizni yoʻllaymiz.

Bu yilgi Qurbon hayiti Vatanimiz mustaqilligining shonli 30 yillik tarixiy sanasi arafasida oʻtayotgani uning betakror ruhi va koʻrku tarovatini yanada ziyoda etmoqda.

Mustaqil yurtda buyuk maqsadlar bilan tinch va osoyishta yashash, halol mehnat qilish muqaddas dinimizning ezgu gʻoyalariga har tomonlama uygʻun va hamohangdir.

Soʻnggi yillarda el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan barcha soha va tarmoqlar qatori muqaddas dinimiz, milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, rivojlantirish va targʻib etish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Ulugʻ ulamolarimizning benazir ilmiy merosini chuqur oʻrganish, dinimizning insonparvarlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan ezgu anʼanalarini munosib davom ettirish maqsadida mamlakatimizning bugungi yangi taraqqiyot bosqichida islom maʼnaviyati rivojiga ulkan eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi va Mir Arab oliy madrasasi kabi yangi muassasalarning tashkil etilgani, hadis, kalom, fiqh va tasavvuf maktablariga asos solingani, oʻnlab yangi masjidlar va ziyoratgohlar qurilayotgani hamda taʼmirlanayotgani bu boradagi ishlar koʻlami nechogʻli keng ekanidan dalolat beradi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va erkinliklari qatorida diniy sohadagi talab va ehtiyojlari ham toʻliq taʼminlanmoqda. Bu haqda gapirganda, yaqinda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganini alohida taʼkidlash lozim.

Muhtaram vatandoshlar!

Barchamizga ayonki, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni mustahkam qaror toptirishning eng muhim tamoyillaridan biri ijtimoiy
va diniy bagʻrikenglikdir. Yurtimizda turli konfessiyalar vakillari yagona oila boʻlib, doʻstlik va hamjihatlik muhitida yashayotgani, jonajon Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgani bizning eng katta boyligimizdir.

Maʼlumki, xalqimiz asrlar davomida diniy va dunyoviy ilmlarni oʻzaro uygʻun rivojlantirish borasida noyob tajriba maktabini yaratgan. Bu fikrning amaliy tasdigʻini oʻzining beqiyos ilmiy kashfiyotlari, maʼnaviy-maʼrifiy tafakkuri bilan jahon ahlini hayratda qoldirgan ulugʻ olimlar va ulamolarimizning bebaho merosi misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Bugungi kunda ana shunday nodir maʼnaviy xazinani chuqur oʻrganish borasida yanada katta imkoniyatlar ochilmoqda.

Ishonchim komilki, ikki dunyo saodatiga erishishdek ulugʻ orzu-niyatlar bilan yashayotgan olijanob xalqimiz unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy barkamol etib tarbiyalashda ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, ulkan yutuqlarga albatta musharraf boʻladi.

Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!

Hozirgi murakkab pandemiya davrida diniy ibodatlarni uy sharoitida ado etish boʻyicha koʻpni koʻrgan ulamolarimiz tomonidan bildirilgan taklif, hech shubhasiz xalqimizning hayoti va salomatligini asrashga qaratilgan eng toʻgʻri qarordir.

Ushbu ulugʻ ayyom kunlarida barchamiz Qodir Allohdan butun insoniyat boshidan kechirayotgan bunday ogʻir sinovlarni yengib oʻtishda Oʻzi madadkor boʻlishini soʻraymiz.

Siz, azizlarni muborak Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga Alloh taolodan sihat-salomatlik, baxtu saodat, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.

Duogoʻy keksalarimizning ezgu tilaklari ijobat boʻlsin!

Yoshlarimizning baxtini, kamolini bersin!

Yurtimiz doimo tinch, xalqimiz hamisha sogʻ-omon boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.