Xalqimiz butun musulmon ummati bilan birgalikda katta shodu xurramlik ila kutib olayotgan Qurbon hayiti bilan sizlarni, goʻzal diyorimizdagi barcha moʻminlarni chin qalbimdan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Asrlar davomida el-yurtimizning maʼnaviy hayotida beqiyos oʻrin egallab, jamiyatimizda oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va bagʻrikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlab kelayotgan ushbu qutlugʻ bayram barchamizga muborak boʻlsin!
Mana shunday shukuhli va saodatli ayyomda hammamiz avvalo Alloh taboraka va taologa beadad shukronalar aytishimiz tabiiydir.
Siz, azizlarga yaxshi maʼlumki, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, eʼtiqod erkinligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, turli millat va elatlar oʻrtasida totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhiti tobora yuksalib bormoqda.
Ayniqsa, xalqimizning islom madaniyati va sivilizatsiyasiga qoʻshgan ulkan hissasini mamlakatimiz va dunyo jamoatchiligiga yetkazish, tabarruk qadamjolarni obod qilib, ziyoratgohlarga aylantirish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va targʻib etish borasida boshlagan xayrli ishlarimiz ilmu maʼrifatning qadriga yetadigan el-yurtimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Fuqarolarimiz uchun yaratilgan yangi imkoniyat va sharoitlar tufayli ushbu moʻtabar va ulugʻ ayyom kunlarida Makkai mukarramada muqaddas haj amallarini ado etayotgan 7 mingdan ziyod vatandoshlarimiz bugungi tinch-osoyishta, erkin hayot uchun Parvardigori olamga hamdu sanolar aytib, yurtimizga ravnaq, xalqimizga xayr-baraka soʻrab, duoi fotihalar qilishmoqda.
Hojilarimizning barchasini samimiy muborakbod etib, ularning ona diyorimizga sogʻ-salomat qaytib kelishlarini tilaymiz. Ular oʻzlarining ibratli fazilatlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan yosh avlodimizni el-yurtga sadoqatli va fidoyi, hidoyat yoʻlidan boradigan halol va pok insonlar etib tarbiyalashga munosib hissa qoʻshadilar, deb ishonamiz.
Yaratganning neʼmatlari ziyoda boʻlayotgan va shukronalik hislari qalblarimizni nurafshon qilayotgan ushbu ayyomda uzoq va yaqin hududlarda joylashgan barcha musulmon mamlakatlarining xalqlarini, xorijiy doʻst va hamkorlarimizni qutlab, ularga tinchlik, bardavom taraqqiyot va farovonlik yor boʻlishini tilaymiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Qurbon hayitining mamlakatimizda mustaqillik bayrami arafasida keng nishonlanishi xalqimizning ruhi va kayfiyatini yanada koʻtarmoqda.
Ayni shu kunlarda el-yurtimizga xos boʻlgan mehr-muruvvat, shafqat va saxovat tuygʻulari yaqqol namoyon boʻlib, barchamizni ehtiyojmand, kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan oilalar, nogironlar, yolgʻiz keksalarning holidan xabar olish, ularga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va qabristonlarni obod qilish kabi savobli ishlarga daʼvat etmoqda.
Bunday xayrli amallar mamlakatimizda ijtimoiy hayotning turli sohalarida roʻyobga chiqarilayotgan, insonni aziz va mukarram deb bilishga, jamiyatimizda qonun va adolat ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarimizga har tomonlama uygʻun va hamohangdir.
Biz ularning zamirida islom dinining insonparvarlik mohiyati va qudratini koʻramiz, buyuk maʼnaviy meros vorislari ekanimizdan haqli ravishda faxrlanamiz.
Hurmatli vatandoshlar!
Barchangizni Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.
“Diling – Allohda, qoʻling – mehnatda boʻlsin”, degan olijanob eʼtiqod bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon boʻlsin!
Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan xotirjamlik, ahillik, fayzu baraka hech qachon arimasin!
Ezgu intilish va ishlarimizda Yaratganning oʻzi hamisha madadkor boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti