Muhtaram vatandoshlar!
Siz, azizlarni, butun xalqimizni tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik fazilatlaridan tobora obod va munavvar boʻlayotgan yurtimizga kirib kelgan Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu saodatli damlarda barchamiz bu ulugʻ ayyomning ruhi va shukuhini chuqur his etib, el-yurtimiz bilan birgalikda shunday yorugʻ kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.
Xalqimiz hayotida ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik ramzi sifatida mustahkam qaror topgan Qurbon hayiti bugungi kunda biz uchun barcha sohalarda inson qadri yetakchi oʻringa chiqayotgan Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar mazmuniga naqadar uygʻun va hamohang ekani bilan yanada ahamiyatli boʻlib bormoqda.
Ayniqsa, mahalla va xonadonlarimizda tinchlik-osoyishtalik, doʻstlik va ahillik muhitini mustahkamlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar, kam taʼminlangan oilalar haqida gʻamxoʻrlik qilish, hech kimni mehr va eʼtibordan chetda qoldirmaslikka qaratilgan ezgu ishlarimizda muqaddas dinimiz, uning insonparvarlik mohiyatini oʻzida yaqqol ifoda etadigan ushbu fayzli bayram biz uchun ibrat maktabi, kuch-gʻayrat manbai boʻlib xizmat qiladi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Aziz doʻstlar!
Qalblarimiz quvonchga toʻlgan ushbu yorugʻ kunlarda keyingi yillarda mamlakatimizda azaliy diniy qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas qadamjolarni obod qilish borasidagi ulkan ishlar, yurtimiz moʻmin-musulmonlarining ibodat arkonlarini, jumladan,
haj va umra ziyoratlarini erkin amalga oshirishlari uchun yaratib berilayotgan qulay sharoitlar haqida soʻz yuritishimiz tabiiydir.
Qisqa muddatda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy markazlari tashkil etildi. Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Sulton Uvays Qaraniy, Suzuk ota yodgorlik majmualari tubdan obod qilindi. Yangitdan barpo etilayotgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazida qurilish va jihozlash ishlari jadal davom ettirilmoqda. Shular qatorida shahar va qishloqlarimizda koʻplab muhtasham masjidlar barpo etilmoqda.
Keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtimiz musulmonlari haj amallarini bajardilar. Shu kunlarda yana 15 ming nafar vatandoshimiz ikki muqaddas shahar – Makka va Madina ziyoratiga borib, oʻzlarining ezgu orzularini amalga oshirmoqdalar.
Pok niyatlar ijobat boʻladigan mana shunday ilohiy lahzalarda ularning barchasiga chin dildan haj ibodatlarini toʻliq ado etib, yurtimizga sogʻ-omon qaytib kelishlarini tilaymiz.
Hayit bayrami arafasida Makkai mukarramada boʻlib turgan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, hurmatli muftiyimiz shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali boʻlgan muloqotimizda yurtdoshlarimizning muqaddas haj ibodatini mukammal ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini u kishi alohida taʼkidlab oʻtdilar. Umid qilamizki, hojilarimiz Vatanimizga qaytgach, jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi hamda oilalar totuvligini kuchaytirishda ibrat va namuna koʻrsatadilar.
Muhtaram yurtdoshlar!
Mana shu qutlugʻ lahzalarda turli zaruratlar bilan xorijiy ellarda boʻlib turgan vatandoshlarimizni ham samimiy tabriklab, ularga sogʻlik-omonlik, baxt va omad tilaymiz.
Dunyoning uzoq-yaqin mamlakatlaridagi dindoshlarimizga ham qizgʻin qutlovlar yoʻllab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz.
Ilohim, jahonning turli mintaqalarida davom etayotgan urush va janjallar tezroq barham topsin! Yer yuzida doimo tinchlik va osoyishtalik barqaror boʻlsin!
Aziz va qadrli doʻstlar!
Bugun biz koʻpmillatli xalqimiz bilan birga Yangi Oʻzbekistonni barpo etmoqdamiz. Yangi Oʻzbekiston – bu yangi hayot, yangi taraqqiyot, baxtli kelajak degani.
Barchamiz hamjihat boʻlib, boshlagan islohotlarimizni yanada qatʼiy davom ettirsak, bu ulugʻ maqsadga soʻzsiz yetamiz.
Farzandlarimizni albatta bilimli, hunarli, odobli insonlar, chinakam vatanparvar avlod etib voyaga yetkazamiz.
Shu yoʻlda barchamizga baxt va omad yor boʻlsin!
El-yurtimizni Yaratganning oʻzi panohida asrasin!
Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Ulugʻ ayyom barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti