Oʻzbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi

0
181
marta koʻrilgan.

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha moʻmin-musulmonlarni, butun xalqimizni muborak Ramazon hayiti – Iyd al-Fitr bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Qalblarimiz quvonchga va ezgu niyatlarga toʻlgan ushbu saodatli va munavvar damlarda avvalo shunday tabarruk kunlarga yetkazgani, bayramni tinch va osuda muhitda, oilamiz, el-yurtimiz bilan hamjihatlikda kutib olayotganimiz uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.

Xalqimiz asrlar davomida buyuk diniy qadriyat, saxovat va mehr-oqibat ramzi sifatida eʼzozlab kelayotgan bu ulugʻ ayyom keyingi paytda ijtimoiy hayotimizda yanada mustahkam oʻrin egallab borayotgani albatta barchamizni xursand qiladi.

Ayniqsa, bu yilgi Ramazon bayrami “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan olijanob gʻoyani oʻzida mujassam etgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida keng koʻlamli islohotlarimiz yanada yuksak bosqichga koʻtarilayotgan tarixiy sharoitda oʻtayotgani uning fayzi va shukuhini keskin oshirmoqda.

Chindan ham, dunyo ahlini oʻzaro doʻst va birodar boʻlib, totuvlik va hamkorlikda yashashga daʼvat etadigan Ramazon hayiti inson qadrini ulugʻlashning yorqin namunasi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Hech shubhasiz, biz inson qadrini uning diniy sohadagi huquq va manfaatlari bilan uzviy bogʻliq holda koʻramiz. Shuning uchun soʻnggi yillarda mamlakatimizda diniy qadriyatlarimizni tiklash, bebaho ilmiy-maʼnaviy merosimizni oʻrganish va targʻib etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Buxoroda – yetti ulugʻ pir, Surxondaryoda – Imom Termiziy ziyoratgohlari, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy, Toshkent viloyatida – Zangi ota, Namanganda – Sulton Uvays Qaraniy, Toshkent shahrida – Suzuk ota yodgorlik majmuasi kabi moʻtabar maskanlar har tomonlama obod qilingani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Hozirgi kunda ana shu xayrli amallarimizning mantiqiy davomi sifatida Buxoroda – Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda – Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda Toshkent shahrida – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida keng koʻlamli qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

Muhtaram yurtdoshlar!

Maʼlumki, dunyo boʻylab tarqalgan koronavirus pandemiyasi tufayli muborak Haj va Umra amallarini ado etish uchun baʼzi cheklovlar kiritilgan edi. Qanday ogʻir boʻlishiga qaramay, joriy yilning yanvar oyidan boshlab fuqarolarimizning Umra ziyoratiga borishlarini qayta yoʻlga qoʻydik va qisqa vaqt ichida 35 mingga yaqin yurtdoshlarimiz qulay sharoitlarda orziqib kutilgan bunday ezgu amallarini bajarish imkoniyatiga ega boʻldi.

Yana bir xursandchilik – bu yil muborak Haj ibodatini amalga oshirish uchun imkoniyat paydo boʻlganini siz azizlarga yetkazishdan gʻoyat mamnunman. Bu – sinovli kunlarda sabr-toqat va matonat bilan barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtgan vatandoshlarimiz uchun Alloh taoloning yana bir marhamati, desak, toʻgʻri boʻladi.

Hurmatli doʻstlar!

Hozirgi paytda dunyodagi vaziyat qanday shiddat bilan oʻzgarib borayotganini barchamiz koʻrib-bilib turibmiz. Ayrim mintaqalardagi mojarolar tez alanga olib, tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid tugʻdirmoqda. Bularning barchasi oldimizga muhim vazifalarni qoʻyib, doimo hushyor va ogoh, zamon bilan hamnafas boʻlib yashashni taqozo etmoqda.

Muqaddas dinimiz ham chin musulmon odam har qanday sinov va muammoga hamisha tayyor turishi zarurligini, pok niyat, ezgu amallar bilan yashaydigan bandalarga albatta yuksak ajru mukofotlar ato etilishini uqtirib keladi.

Shu maʼnoda, yurtimizda barqarorlikni taʼminlash, oʻzaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash, qadimiy va oʻlmas qadriyatlarga tayangan holda taraqqiyot sari jadal odimlash – davr talabidir.

Ana shunday aniq maqsadlarni koʻzlab, doimo oldinga intilgan taqdirdagina biz bugun – kechagidan, ertaga – bugungidan koʻra katta yutuqlarga erishmogʻimiz, obod va farovon hayot kechirmogʻimiz mumkin boʻladi.

Barchamizning umidimiz va tayanchimiz boʻlgan yoshlarimizning qalbi va ongida ana shu muhim fazilatlarni uygʻunlashtirib, ularni jahon maydonida raqobatbardosh yetuk avlod etib tarbiyalashimiz shart.

Hech qachon unutmaylik, dunyodagi oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan eng katta boylik bu – bilim va tarbiyadir.

Bu borada boy milliy anʼanalarimiz asosida shakllangan oʻzbekona tarbiya bilan birga bizga yaqin doʻst va xayrixoh boʻlgan davlatlardagi ilgʻor hamda zamonaviy taʼlim tajribalaridan oqilona foydalansak, koʻzlagan ulugʻ maqsadlarimizga albatta yetamiz.

Fursatdan foydalanib, dunyoning uzoq va yaqin mamlakatlaridagi barcha musulmonlarni Ramazon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularga tinchlik, bardavom taraqqiyot va ravnaq tilaymiz.

Aziz vatandoshlar!

Ushbu muborak kunlarni xonadon va mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda mazmunli va koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazish uchun Ramazon hayiti munosabati bilan yurtimizda dam olish kunlari eʼlon qilinganidan xabaringiz bor.

Oʻylaymanki, bunday qulay sharoit bayramning fayzu tarovatini, qadr-qimmatini yanada oshiradi. Binobarin, ushbu hordiq kunlari – moʻtabar ota-onalarni ziyorat qilish, bemorlar va muhtojlar holidan xabar olish, yaqinlar bilan diydor koʻrishish uchun yaxshi imkoniyatdir.

Ishonchim komil, jamiyatimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash, har bir insonning, avvalo, yoshlarning hayotda munosib oʻrin egallashiga koʻmaklashishga qaratilgan insonparvarlik ruhidagi ishlarimizning ahamiyatini xalqimiz albatta yaxshi tushunadi va ularni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

Muhtaram yurtdoshlarim!

Sizlarni, butun xalqimizni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan muborak Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, oilalaringizga xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Bayram shukuhidan qalblarimiz yanada nurafshon boʻlsin!

Ona yurtimiz tinch, hayotimiz farovon boʻlsin!

 Shavkat Mirziyoyev 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                         

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.