Muhtaram vatandoshlar!
Dunyodagi jamiki musulmon ummati uchun moʻtabar va qadrli boʻlgan shu saodatli, ulugʻ ayyomda siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha moʻmin-musulmonlar, butun xalqimizni Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Muqaddas dinimizning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari yanada yorqin namoyon boʻladigan ushbu shukuhli damlarda barchamiz, avvalo, Alloh taologa oilamiz, elu yurtimiz bilan birgalikda bugungi qutlugʻ va barokatli kunlarga yetkazgani uchun behisob shukronalar aytamiz.
Ramazon oyining fayzu tarovatidan bahramand boʻlib, jamiyatimizda oʻzaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, muhtaram nuroniylar, ayollar va bolalarga mehr va eʼtibor koʻrsatish, ehtiyojmand insonlarga begʻaraz yordam berish singari savobli ishlarni amalga oshirishga intilamiz.
Bunday olijanob maqsad va harakatlar mamlakatimizni taraqqiy topgan davlatlar qatoriga olib chiqish, xalqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan islohotlarimizning maʼno-mazmuniga har tomonlama uygʻun va hamohang ekani ayniqsa eʼtiborlidir.
Shu maʼnoda, necha yuz yillik tarix va madaniyatimiz, milliy oʻzligimizning ajralmas qismiga aylanib ketgan muqaddas dinimizni asrash, ajdodlarimizning bebaho maʼnaviy-maʼrifiy merosini oʻrganish va targʻib etish biz uchun oʻta dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda. Keyingi vaqtda mamlakatimizda shu yoʻnalishda katta ishlar amalga oshirilayotgani, tabarruk qadamjolar obod qilinib, yangi-yangi ilmiy, madaniy va diniy markazlar, taʼlim maskanlari tashkil etilayotgani barchangizga yaxshi maʼlum.
Bu yil muborak Ramazon kunlarida Termiz shahrida Hakim Termiziy, Toshkent shahrida Suzuk ota va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kabi ulugʻ ulamolarimizning nomlari bilan atalgan diniy majmualar, jome masjidlari foydalanishga topshirilgani, joylarda besh tashabbus va boshqa ijtimoiy-maʼnaviy dasturlarimiz doirasida el-yurtimiz, xususan, yoshlar va xotin-qizlar uchun qulay mehnat va turmush sharoitlari yaratilayotgani bu yoʻldagi yangi qadamlar boʻldi.
Oʻzbekistonning “Jaholatga qarshi – maʼrifat” degan tamoyil asosida jahon miqyosida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, vijdon erkinligi va dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlash, islom dinining insonparvarlik mohiyatini xalqimiz va dunyo ahliga yetkazish borasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Shu ulugʻ ayyom kunlarida uzoq va yaqin davlatlarda yashayotgan moʻmin-musulmon birodarlarimizni, barcha doʻst va hamkorlarimizni samimiy qutlab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot va farovonlik tilaymiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Goʻzal diyorimizda muborak Ramazon shukuhi kezib yurgan shu kunlarda bayram kayfiyati barcha shahar va qishloqlarimizga kirib borishi, bu ayyomni yanada mazmunli oʻtkazish uchun sharoit yaratish maqsadida 5-6 iyun mamlakatimizda dam olish kunlari deb eʼlon qilindi.
Buyuk bobomiz Imom Buxoriy hazratlaridan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Chinakam musulmon oʻziga ravo koʻrgan barcha yaxshiliklarni boshqa insonlarga ham ravo koʻradi”.
Darhaqiqat, hayotda ezgu va savob amallarni bajarib, oilasi, farzandlari, el-yurtining baxtu saodatini oʻylab, halol mehnat qilib yashash musulmon ahli uchun iymon-eʼtiqodning muhim sharti hisoblanadi.
Ishonchim komil, dinu diyonatimiz va zamon ruhini qalbimizga chuqur singdirib, bugungi hayotning oʻtkir talabi boʻlgan ilm-fan, innovatsiya va taraqqiyot yutuqlari bilan qurollanib, Vatanimiz ravnaqi yoʻlida astoydil xizmat qilsak, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga albatta yetamiz.
Siz, aziz vatandoshlarimni muqaddas Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Niyati pok, maqsadlari ulugʻ xalqimizning shu tabarruk kunlarda qilayotgan barcha ibodatlari, ezgu duolari ijobat boʻlsin!
Muqaddas ayyom – Ramazon hayiti barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti