Oʻzbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi

0
46
marta koʻrilgan.

Qadrli vatandoshlar!

Dunyodagi jamiyki islom ummati qatori yurtimiz moʻmin-musulmonlari ham katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan ulugʻ ayyom – Ramazon hayiti bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va samimiy tilaklarimni bildirishdan gʻoyat mamnunman.

Qalblarimiz quvonch va ezgulik nuriga toʻlib turgan ushbu saodatli damlarda avvalo mana shunday qutlugʻ va munavvar kunlarga el-yurtimiz bilan birgalikda sogʻ-omon yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.

Xalqimiz azaldan insonparvarlik, mehr-oqibat, xayru saxovat va bagʻrikenglik ramzi sifatida qadrlab, eʼzozlab keladigan Ramazoni sharifga bu yil ham puxta tayyorgarlik koʻrilib, uni munosib oʻtkazish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu esa moʻmin-musulmonlarimiz uchun barcha diniy ibodatlarni fayzli va mazmunli oʻtkazib, ushbu muborak oyning shafoat va fazilatlaridan toʻla bahramand boʻlish imkonini berdi. Ayniqsa, minglab yurtdoshlarimiz ikki muqaddas shahar – Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga borib, aynan Ramazon kunlarida Umra amallarini ado etish baxtiga musharraf boʻlganlari eʼtiborlidir.

Biz bularning barchasini dinu diyonatini pok saqlab, sof niyatlar bilan yashab kelayotgan xalqimizga Alloh taoloning cheksiz marhamati sifatida qabul qilamiz.

Aziz yurtdoshlar!

Yangi Oʻzbekistonni qurish jarayonida hayotimizning barcha sohalari qatori diniy yoʻnalishdagi ishlarimiz ham yangi bosqichga koʻtarilib bormoqda. Keyingi yillarda sizlar bilan birga bu borada ulkan ishlarni amalga oshirayotganimiz xalqimiz, jamoatchiligimizga yaxshi maʼlum, albatta.

Ayniqsa, yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ish boshlagani, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasiga, Samarqandda Hadis ilmi maktabiga asos solingani, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy, Namanganda Sulton Uvays Qaraniy qadamjolari, Toshkent shahrida Suzuk ota majmuasi yangitdan bunyod qilingani, oʻnlab muhtasham masjidlar, diniy bilim muassasalari barpo etilgani, ziyoratgoh maskanlar obod qilingani maʼnaviy-ruhiy hayotimizda alohida yorqin sahifa boʻlib qoladi.

Eng muhimi, bunday keng koʻlamli ishlarimiz Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi singari muazzam obidalar qurilishi misolida jadal davom ettirilmoqda.

Moʻmin-musulmonlarimizga ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda. Bu haqda soʻz yuritganda, umra ziyorati boʻyicha kvota bekor qilingani, haj ziyoratiga boruvchilar soni 3 barobar oshirilganini qayd etish zarur. Xususan, birgina joriy yilning oʻtgan davrida 31 ming nafardan ortiq vatandoshlarimiz Makka va Madinada muqaddas ibodatlarni bajarib, el-yurtimiz haqqiga ezgu duolar qilib qaytganlarini taʼkidlash oʻrinli.

Ayni vaqtda yurtimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan tabarruk qadamjolar obod qilinib, ehtiyojmand kishilar, kam taʼminlangan oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilayotgani ham Ramazon oyining ahamiyati va fayzu shukuhini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bularning barchasi mamlakatimizda vijdon erkinligini taʼminlash, diniy-maʼnaviy qadriyatlarni tiklash va eʼzozlash yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlarning amaliy ifodasi boʻlib, biz bunday savobli ishlarni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.

Muhtaram doʻstlar!

Biz jonajon Vatanimizda tinchlik va osoyishtalik, ahillik va hamjihatlikni saqlash, xalqimiz hayotini yanada erkin, obod va farovon etishni maqsad qilgan ekanmiz, oʻtgan davr mobaynida erishgan barcha yutuqlarimiz, jumladan, vijdon va eʼtiqod erkinligini taʼminlash borasidagi ijobiy oʻzgarishlarni har tomonlama mustahkamlab borishimiz kerakligini, buni hozirgi va kelgusi taraqqiyotimiz taqozo etayotganini hammamiz yaxshi anglaymiz, albatta.

Fursatdan foydalanib, bugun Oʻzbekistonda olib borilayotgan, inson qadri, uning huquq va erkinliklari, hayotiy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan islohotlarimizning yanada samarali va bardavom boʻlishi uchun jon kuydirib, oʻz taqdiri va kelajagiga chuqur masʼuliyat hamda daxldorlik tuygʻusi bilan yashab, fidokorona mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizga, koʻpmillatli butun xalqimizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.  

Aziz va qadrli vatandoshlar!

Ushbu shukuhli lahzalarda dunyo moʻmin-musulmonlarini, doʻst va hamkorlarimizni Ramazon bayrami bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik-barqarorlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

Oila davrasida, mahallalarda muborak Iyd-al-fitr ayyomini xursandchilik bilan kutib olayotgan siz, muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Niyati pok, maqsadlari ulugʻ xalqimizning ezgu orzu-intilishlari roʻyobga chiqsin!

Ramazon hayiti barchamizga muborak boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev,   Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.