Oʻzbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi

0
71
marta koʻrilgan.

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, muqaddas dinimiz buyurgan ibodat va amallarni muborak Ramazon oyida chin dildan, ixlos bilan ado etib, bugun hayit ayyomini katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan siz, azizlarni, yurtimizdagi jamiki moʻmin-musulmonlar, butun xalqimizni samimiy tabriklab, barchangizga oʻzimning yuksak ehtiromim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Shunday saodatli damlarga yetkazgani uchun Alloh taologa behisob shukronalar boʻlsin!

Sidqidildan qilgan duo va niyatlarimiz, ehson va amallarimizni Parvardigori olam oʻz dargohida qabul aylasin!

Inson qadrini ulugʻlaydigan savobli ishlarimiz bardavom boʻlsin!

Aziz yurtdoshlar!

Hammamizga ayonki, islom dini – tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dinidir. Muqaddas kitoblarimizda
“Tinchlik-omonlik, oʻzaro doʻstlik va ahillikka intilib yashash – chin moʻminga xos fazilatdir”, deb taʼkidlangani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Bu yilgi Ramazoni sharif kunlarida ana shu qadriyatlar hayotimizda yanada yorqin namoyon boʻldi. Mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar dinimizning asl mohiyati bilan, uning olijanob gʻoya va tushunchalari bilan uygʻun va mushtarak ekanini barchamiz yana bir bor chuqur his etdik.

Pok niyatlar ijobat boʻladigan ushbu oyda diyorimiz musulmonlari diniy amallarni emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bemorlar, nogiron va keksa insonlar, kam taʼminlangan oilalar, ehtiyojmand qatlamlarga mehr va eʼtibor yanada kuchaydi. Buni birgina misol, yaʼni koʻmakka muhtoj insonlar uchun 20 milliard soʻmdan ziyod moddiy yordam koʻrsatilib, mahalla va xayriya tashkilotlari tomonidan barcha hududlarimizda iftorlik va ehson marosimlari oʻtkazilgani ham tasdiqlaydi.

Ayniqsa, 25 mart oqshomida Namanganda Fargʻona vodiysidagi uchta viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirokida oʻtkazilgan, butun mamlakatimiz mahallalarini qamrab olgan iftorlik marosimlari koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqini bamisoli bir dasturxon atrofida birlashtirib, ushbu oyga xos ezgu fazilatlarning yana bir mujassam ifodasi boʻldi.

Qutlugʻ Ramazon kunlarida bir guruh ulamolarimiz xorijiy mamlakatlarga borib, vatandoshlarimizga xalqimizning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazib, ularni islom maʼrifatidan bahramand etganlari ayniqsa eʼtiborga sazovordir.

Hurmatli doʻstlar!

Yangi Oʻzbekistonda yurtimizdagi barcha millat va konfessiya vakillari uchun vijdon erkinligini taʼminlash, ularning tili, madaniyati va urf-odatlarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, yangi masjidlar barpo etilmoqda, ulugʻ allomalar, aziz-avliyolarimizning qadamjolari obod qilinmoqda, milliy va diniy qadriyatlarimiz tiklanmoqda. Muborak Haj va Umra ziyoratlari uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.

Mana, bu yil ham Ramazon hayiti munosabati bilan yurtimizda uch kunlik dam olish eʼlon qilindi. Bu esa bayramni yanada fayzli va mazmunli oʻtkazishga, oʻzaro mehr-muruvvat rishtalarini bogʻlashga xizmat qiladi, albatta.

Hech shubhasiz, bu boradagi ishlar kelgusida ham davom ettiriladi. Buning uchun hozir dunyoda yuzaga kelgan gʻoyat murakkab va tahlikali vaziyatda diyorimizdagi tinch va osoyishta hayotni koʻz qorachigʻidek asrab, yanada hamjihat boʻlib, xalq manfaatini taʼminlashga qaratilgan islohotlarimizni yangi bosqichga koʻtarish zarurligini, oʻylaymanki, barchamiz yaxshi anglaymiz.

Nuroniylar, diniy-maʼrifiy soha vakillari, koʻpmillatli doʻstlik jamiyatlarining namunali hamkorligi va ularning “Yashil makon” umummilliy loyihasidagi faol ishtiroklarini alohida mamnuniyat bilan qadrlaymiz.

Ayni vaqtda yoshlarimizni azaliy qadriyatlarimiz bilan birga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, Vatan tuprogʻini koʻziga toʻtiyo qilib yashaydigan insonlar etib tarbiyalash asosiy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz lozim. Jumladan, “Ezgulik – shiorimiz, maʼrifat – qurolimiz” degan shior asosida taʼlim maskanlari va mahallalarda olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarni kuchaytirishimiz kerak.

Bu borada Haj va Umra safarlariga borib kelgan yurtdoshlarimizning “mahalla yettiligi” va faollarimiz bilan birga alohida oʻrnak koʻrsatish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaymiz.
Yaratganning rahmati va magʻfirati ziyoda boʻlib turgan ushbu munavvar lahzalarda xorijdagi yurtdoshlarimizni, uzoq va yaqin davlatlardagi barcha musulmon ummatini Ramazon hayiti bilan sidqidildan muborakbod etamiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Qalblarimiz quvonchga toʻlgan mana shu moʻtabar ayyomda sizlarni muborak Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Ilohim, barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshsin!

Yaratganimizning oʻzi el-yurtimizni panohida asrasin!

Ramazon hayiti barchamizga muborak boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.