Oʻzbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi

0
295
marta koʻrilgan.

Qadrli va muhtaram vatandoshlar!

Sizlarni, yurtimizdagi barcha moʻmin-musulmonlarni, butun xalqimizni mehr-oqibat, ezgulik  va saxovat ayyomi – muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Bu qutlugʻ bayramda hammamiz avvalo shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani uchun Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.  

Oila, mahalla va jamiyat ahliga mehr va eʼtibor koʻrsatish, koʻmakka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga begʻaraz yordam berish, yaxshilik, sabru qanoat kabi ezgu fazilatlarni oʻzida mujassam etgan bu bayramning maʼno-mazmuni bugungi kunda Oʻzbekistonda olib borilayotgan siyosatga  gʻoyat uygʻun va hamohang ekanini, oʻylaymanki, shu saodatli damlarda har birimiz chuqur his etmoqdamiz. 

Ayni vaqtda muqaddas islom dinining ana shunday buyuk insonparvarlik tamoyillarini asrash, targʻib etish hozirgi shiddatli zamonda oʻta dolzarb vazifaga aylanib borayotganini barchamiz yaxshi tushunamiz. Mamlakatimizda keyingi paytda bu borada koʻp ishlar qilinayotgani sizlarga yaxshi maʼlum, albatta. Jumladan, ulugʻ allomalarimiz Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy markazlar, Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani shu yoʻldagi ulkan qadamlar boʻldi. 

Bugungi kunda butun insoniyat hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi jaholatga qarshi – maʼrifat asosida kurashish, dinimiz pokligini saqlash boʻyicha mamlakatimiz tomonidan nufuzli xalqaro minbarlardan qator amaliy tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” degan nom bilan maxsus rezolyusiya qabul qilish haqida bildirgan taklifimiz jahon miqyosida keng qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Shu ulugʻ ayyom kunlarida uzoq va yaqin musulmon mamlakatlarning xalqlarini, barcha doʻstlarimizni samimiy qutlab, ularga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tilashdan behad mamnunmiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Oʻzbekistonimiz yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻyib, barcha sohalarda oʻzgarish va yangilanishlar kuchayib borayotgani, Ramazon hayiti munosabati  bilan yurtimizda uch kunlik dam olish eʼlon qilingani bu yilgi bayramga alohida fayz va tarovat bagʻishlamoqda. 

Tabarruk ayyom arafasida ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan bir guruh shaxslarni avf etish toʻgʻrisida farmon qabul qilingani xalqimizga xos kechirimlilik, bagʻrikenglik va mehr-shafqat fazilatlarining yana bir yaqqol namoyoni boʻldi. 

Hech shubhasiz, bu huquqiy hujjat jamiyatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, sogʻlom ijtimoiy muhitni mustahkamlash, bilib-bilmay notoʻgʻri yoʻlga kirgan insonlarni kechirish, ularni oilasi bagʻriga, toʻlaqonli hayotga qaytarishga qaratilgan keng koʻlamli ishlarimizning uzviy davomidir.

Albatta, biz oʻz diniy qadriyatlarimizni ulugʻlab, eʼzozlab yashar ekanmiz, hozirgi yuksak texnologiyalar asrida mustahkam iymon-eʼtiqod bilan birga zamonaviy ilm-fan, kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallash, innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni chuqur oʻzlashtirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash barqaror taraqqiyotga erishishning eng muhim sharti ekanini yaxshi tushunamiz. 

Muborak hadislarda aytilganidek, ikki dunyo saodatini oʻylab yashagan inson, xalq hech qachon kam boʻlmaydi. 

Barchangizni muqaddas Ramazon hayiti bilan yana bir bor tabriklayman.

El-yurtimizning shu muborak oyda qilgan ibodatlari, ezgu niyatlari ijobat boʻlsin!

Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizda tinchlik, ahillik, fayzu baraka bardavom boʻlsin!

Ezgu ishlarimiz, intilishlarimizda Yaratganning Oʻzi madadkor boʻlsin! 

 

                                                                                                                                                                  Shavkat Mirziyoyev,
                                                                                                                                                    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.