Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha moʻmin-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi boʻlgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlugʻ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.
Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uygʻun boʻlgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu gʻoya asosida amalga oshirilayotganini koʻplab misollarda koʻrish mumkin.
Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi boʻlgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasiga eʼtiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan saʼy-harakatlar tobora kengayib borayotganini taʼkidlash lozim.
Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Pok niyatlar ijobat boʻladigan ushbu qutlugʻ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik va hamkorlik barqaror boʻlishini chin dildan soʻrab, duolar qilamiz.
Yer yuzidagi barcha moʻmin-musulmon birodarlarimizni, doʻst va hamkorlarimizni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Aziz vatandoshlar!
Ramazoni sharifni oila va yaqinlar davrasida katta xursandchilik bilan kutib olayotgan siz muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ushbu muqaddas oyda qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallarni Parvardigori olam oʻz dargohida qabul etsin!
Xalqimizning ezgu orzu-intilishlari roʻyobga chiqsin!
Ramazon oyi barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti