Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi

0
116
marta koʻrilgan.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni, Yangi – 2022 yil bilan samimiy muborakbod etaman.  Shu quvonchli damlarda barchangizga tinchlik-osoyishtalik, sihat-salomatlik, baxtu saodat tilayman!

Bugun, Yangi yil ostonasida turib, oʻtayotgan yildan rozi boʻlsak, Yaratganga har qancha shukronalar aytsak, arziydi. «Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» hayotimizda yorqin iz qoldirmoqda. Yil davomida sizlar bilan birga ulkan ishlarni amalga oshirdik.

Pandemiya va global inqirozga qaramasdan, yurtimizda yuqori iqtisodiy oʻsish taʼminlandi. Koʻplab korxonalar, klaster va texnoparklar, zamonaviy infratuzilma tarmoqlari barpo etildi. Yangi-yangi uy-joylar, bogʻcha va maktablar, oliygoh va shifoxonalar, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirilmoqda.

Tadbirkorlik harakati, jumladan, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi jadal rivojlanmoqda. Dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilib, bu yil ham moʻl hosil yetishtirdilar. Shahar va qishloqlarimiz obod boʻlib, Yangi Oʻzbekistonning betakror qiyofasi shakllanmoqda.

Bilimdon va gʻayratli yoshlarimiz katta-katta yutuqlari bilan xalqimizni yanada quvontirmoqda. Mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora yuksalmoqda. Fursatdan foydalanib, xorijiy hamkorlarimiz, chet davlatlar xalqlarini Yangi yil bilan tabriklab, ularning barchasiga tinchlik va ravnaq tilaymiz.

Aziz doʻstlar!

Yurtimizda keng koʻlamli islohotlarimiz barqaror tus oldi. Ularni yanada rivojlantirish maqsadida biz  Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqdik.

Uning asosida «Inson qadri uchun», degan ulugʻvor gʻoyani amalga oshiramiz. Biz yangi yilga nom berishda, keng jamoatchilikning fikrlarini oʻrgandik. Ana shu takliflardan kelib chiqib, men Yangi – 2022 yilni mamlakatimizda «Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili» deb eʼlon qilishni taklif etaman.

Inson qadrini ulugʻlash – yurtimizda yashayotgan  har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi boʻlgan mahalla  hal qiluvchi oʻrin tutadi. Mahalla tinch boʻlsa, yurt tinch boʻladi. Mahalla obod boʻlsa, mamlakat obod boʻladi. Shu bois, bundan buyon har bir mahallada samarali  ish olib borish faoliyatimizning bosh mezoniga aylanadi. Bebaho boyligimiz boʻlgan tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

2022 yilda iqtisodiyotimiz tarmoqlari va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish eʼtiborimiz markazida boʻladi. Aholi daromadlarini koʻpaytirish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirishga qaratilgan muhim ishlarni davom ettiramiz.

Ijtimoiy sohalar, ayniqsa, sogʻliqni saqlash, taʼlim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirishga barcha resurslar jalb etiladi.

Muhtaram urush va mehnat faxriylarini, aziz ayollarimiz hamda yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash, koʻmakka muhtoj insonlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatishga alohida eʼtibor beramiz.

Yurtimizni yanada obod qilish, zamonaviy  uy-joylar, jumladan, barcha hududlarimizda «Yangi Oʻzbekiston massivlari«ni qurish asosiy vazifalarimizdan biri boʻladi.

Ishontirib aytamanki, xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli boʻlishi uchun bor kuch  va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Barchangizni Yangi – 2022 yil bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman! Yangi yilimiz qutlugʻ va barakali kelsin!

Keksalarimizning umrini, yoshlarimizning kamolini bersin!

Dilbar ayollarimizga doimo baxtu iqbol yor boʻlsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.