Muhtaram vatandoshlar!
Betakror diyorimizga yangi – 2021 yil kirib kelmoqda. Siz azizlarni, moʻtabar nuroniylarimiz, mehribon opa-singillarimiz, navqiron yoshlarimizni – koʻp millatli butun xalqimizni ushbu goʻzal ayyom bilan chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat va farovonlik tilayman.
Aziz doʻstlar!
Hammamiz guvohmiz, 2020 yil butun dunyo qatori yurtimiz uchun ham ogʻir va murakkab keldi. Koronavirus pandemiyasi, global inqiroz insoniyatni jiddiy sinovdan oʻtkazmoqda. Mana shunday murakkab vaziyatga qaramasdan, mard va olijanob xalqimizning matonati, fidokorona mehnati bilan barcha sohalarda katta oʻzgarishlarni amalga oshirdik.
Iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirishga erishdik. Yuqori texnologiyalarga asoslangan oʻnlab yangi korxonalar, transport tizimlari ishga tushirildi. Zamonaviy uy-joylar, yoʻl va koʻpriklar, bogʻcha va maktablar, shifoxonalar, madaniyat va sanʼat, sport maskanlarini barpo etdik.
Mirishkor dehqon va fermerlarimiz barcha qiyinchiliklarni mardona yengib, moʻl hosil yetishtirdilar. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun yanada keng imkoniyatlar ochildi. Yil davomida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar uchun minglab yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Oʻtib borayotgan yil jamiyatimizning maʼnaviy-maʼrifiy hayotida ham muhim voqealarga boy boʻldi. Xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstlik va hamkorlikni yanada kuchaytirdik. Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Qadrli yurtdoshlar!
Biz kirib kelayotgan 2021 yilga yaxshi niyat va katta rejalar bilan Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb nom berdik. Yangi yilda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda boshlagan keng koʻlamli islohotlarimizni izchil davom ettiramiz. Yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va elatlar oʻrtasidagi totuvlik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash asosiy vazifamiz boʻlib qoladi. Xalqimizning turmush farovonligini oshirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida ahamiyat beramiz.
Aziz yoshlarimiz, mehnatkash va oqila opa-singillarimiz, muhtaram keksalarimizning hayotiy manfaatlarini taʼminlash eʼtiborimiz markazida boʻladi. Sogʻliqni saqlash, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish masalalari yangi bosqichga koʻtariladi.
2021 yilda davlatimiz mustaqilligiga 30 yil toʻladi. Ushbu shonli sanani, inshoolloh, barchamiz birgalikda munosib nishonlaymiz. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, milliy yuksalish poydevorini yaratishga qaratilgan ulkan ishlarimizni qatʼiy davom ettiramiz.
Aziz vatandoshlarim, qadrdonlarim!
Shu goʻzal oqshomda barchamizning niyatimiz, tilagimiz bitta:yurtimizda yashayotgan har bir oila, har bir inson murod-maqsadiga yetsin! Jonajon Oʻzbekistonimiz gullab-yashnasin, dunyomiz tinch boʻlsin! Kirib kelayotgan 2021 yil ona diyorimizga fayzu baraka, yangi yutuq va zafarlar olib kelsin! Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat MIRZIYOYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti