Oʻzbekiston xalqiga yangi yil tabrigi

0
151
marta koʻrilgan.

Qadrli vatandoshlar!

Siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

2022 yilda mashaqqatli va jasoratli mehnatimiz bilan taraqqiyot yoʻlida muhim marralarga erishdik. Inson qadrini ulugʻlash, xalqimizni rozi qilish borasida yangi qadamlar qoʻydik.

Dunyodagi gʻoyat murakkab vaziyat, global inqirozga qaramasdan, Oʻzbekiston iqtisodiyoti izchil rivojlanmoqda.

Mirishkor dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilib, moʻl hosil yetishtirdilar.

Sanoat, qurilish, raqamli texnologiyalar, turizm sohalari jadal rivojlanmoqda.

Shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimiz har tomonlama obod boʻlmoqda.

Yangi ish oʻrinlari tashkil etilib, aholi daromadlari va hayot darajasi oshmoqda.

Yoshlarimiz xalqaro maydonlarda isteʼdod va mahoratini namoyon etib, Vatanimizni dunyoga tanitmoqda.

Xalq ovozi boʻlgan mahallaning hayotimizdagi oʻrni va taʼsiri kuchaymoqda.

Eng muhimi, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo totuvlik hukm surmoqda.

Oʻzbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi obroʻ-eʼtibori yuksalmoqda.

Shu qutlugʻ ayyomda erishgan barcha yutuqlarimizning bunyodkori boʻlgan siz, aziz yurtdoshlarimga, butun xalqimizga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.

Muhtaram doʻstlar!

Mamlakatimizda 2023 yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nom berdik.

Yangi yilda insonni qadrlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan ishlarimizni yuqori bosqichga koʻtaramiz.

Farzandlarimiz sifatli taʼlim va tarbiya olib, barkamol shaxs boʻlishlari uchun boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz.

Muhtaram faxriylarimiz, aziz ayollarimiz, shuningdek, yordamga muhtoj insonlar uchun munosib sharoit yaratish eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Ilm-fan, tibbiyot, madaniyat va sanʼat sohalari vakillarini, oʻqituvchi va murabbiylarni qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Muxtasar aytganda, jonajon Vatanimizda hech bir inson jamiyatimiz va davlatimizning mehri va eʼtiboridan chetda qolmaydi. Buning uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Qalblarimiz pok niyatlarga toʻlib turgan ushbu quvonchli lahzalarda sizlarni, butun xalqimizni yangi – 2023 yil bilan yana bir bor chin dildan muborakbod etaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, oilaviy baxtu saodat tilayman.

Yangi yilning qadami qutlugʻ kelsin!

Barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev,           Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.