Aziz vatandoshlar!
Jonajon diyorimizga yangi – 2024 yil kirib kelmoqda.
Mana shu shukuhli damlarda duogoʻy otaxon va onaxonlarimizni, mehribon opa-singillarimizni, barcha soha va tarmoqlar vakillarini, azmu shijoatli yoshlarimizni, chet ellardagi qadrli vatandoshlarimizni – koʻpmillatli butun xalqimizni ushbu qutlugʻ ayyom bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Muhtaram doʻstlar!
Albatta, hayot bor ekan, uning yutuq va quvonchlari, tashvish va muammolari ham boʻlishi tabiiydir. Ammo inson va xalq aql-zakovati, halol mehnati, mustahkam irodasi bilan har qanday sinovlardan munosib oʻtishga qodir.
Shu maʼnoda, 2023 yil el-yurtimiz uchun qut-barakali va omadli keldi. Eng muhimi, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, turli millat vakillari oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlik hukm surmoqda.
Tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik. Kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishni boshladik.
Koʻplab nufuzli anjumanlarni yuqori saviyada oʻtkazdik.
Xalqaro maydonda muhim tashabbuslarni ilgari surdik.
Barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolishga erishdik.
Respublikamizda yuqori texnologik zamonaviy sanoat korxonalari, logistika va infratuzilma tarmoqlari, bogʻcha va maktablar, madaniyat va sport obyektlari barpo etildi. Yangi-yangi ish oʻrinlari ochilmoqda. Shahar va qishloqlarimiz obod boʻlib, aholi hayot darajasi yuksalib bormoqda.
Birgalikdagi mehnatimiz tufayli Yangi Oʻzbekiston orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Barcha erishgan yutuqlarimiz uchun siz, aziz vatandoshlarimga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Muhtaram doʻstlar!
Inson qadrini ulugʻlash, aholimiz manfaatlarini taʼminlash, buning uchun kuchli iqtisodiyot barpo etish bizning asosiy vazifamizdir. Shu maqsadda 2024 yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”, deb eʼlon qildik.
Yangi yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytiramiz. Ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.
Yangi ish oʻrinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish eʼtiborimiz markazida boʻladi. Ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori koʻpaytiriladi. Xotin-qizlar va nuroniylarni, yordamga muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida ahamiyat beramiz. Ijtimoiy sohalar rivojini mutlaqo yangi bosqichga koʻtaramiz.
Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi.
Muxtasar aytganda, yangi hayotni, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni toʻliq safarbar etamiz.
Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!
Sizlarni Yangi yil bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.
Har bir oila, har bir mahalla, butun yurtimiz farovon boʻlsin!
Goʻzal Vatanimizni Yaratganning oʻzi panohida asrasin!
Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti