Muhtaram vatandoshlar!
Siz, azizlarni, koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqini yangi – 2025 yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, oʻtayotgan yil mamlakatimiz uchun qutli va barakali boʻldi. Buning uchun har qancha shukrona aytsak, arziydi.
Mehnatkash xalqimizning fidokorona mehnati, siyosiy-ijtimoiy faolligi bilan Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi real voqelikka aylanmoqda.
Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtgan saylovlar demokratik islohotlarning yangi davriga qadam qoʻyganimizni yana bir marta tasdiqladi.
Yurtimizda yuqori texnologiyali yangi sanoat majmualari, infratuzilma va logistika tarmoqlari, avtomobil va temir yoʻllar barpo etildi. Biznes, IT va turizm sohalari izchil rivojlanmoqda. Aholi daromadlari va turmush sifati oshmoqda.
Mirishkor dehqon va fermerlarimiz, klasterlarimiz ishchi-xizmatchilari mardona mehnat qilib, moʻl hosil yetishtirdilar.
Yangi uy-joylar, bogʻcha va maktablar, oliygohlar, madaniyat va sport maskanlari qad koʻtarmoqda. Yurtimiz tobora obod qiyofa kasb etmoqda. Minglab yurtdoshlarimiz Yangi yilni yangi uylarda kutib olmoqda.
Bilimli va shijoatli, navqiron yoshlarimiz ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Ayniqsa, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida erishilgan rekord natijalar milliy sportimiz tarixida yangi sahifa ochdi.
Fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, mahallaning roli va taʼsiri kuchaymoqda. Maʼnaviy yuksalish jarayonlari hayotimizda yangi kuch, yangi harakatga aylanmoqda.
Global ahamiyatga ega tashabbuslarimiz jahon hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Xalqaro maydonda Oʻzbekistonning raqobatbardosh mamlakat, ishonchli hamkor sifatidagi obroʻ-eʼtibori yuksalib bormoqda.
Hech shubhasiz, bularning barchasi diyorimizdagi barqarorlik, doʻstlik va hamjihatlik natijasidir.
Bugungi shukuhli oqshomda siz, azizlarga, olijanob va bunyodkor xalqimizga halol mehnatingiz, ona yurtga sadoqatingiz uchun samimiy minnatdorchilik izhor etaman.
Qadrli doʻstlar!
Biz 2025 yilga mamlakatimizda Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb nom berdik. Asosiy maqsadimiz – inson va tabiat muvozanatiga asoslangan tizim yaratishdir.
Yangi yilda biznes uchun yanada keng imkoniyatlar yaratiladi. Xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish ishlarini qatʼiy davom ettiramiz.
Ijtimoiy sohalar, ish haqi, pensiya va stipendiyalar, nafaqalar miqdorini oshirish eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Farzandlarimizning zamonaviy bilim va kasb-hunar egalari, barkamol boʻlib tarbiya topishlari uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼat, sport sohalariga eʼtibor yanada kuchaytiriladi.
Muhtaram faxriylarimiz, xotin-qizlar va yoshlarga gʻamxoʻrlik qilish, ijtimoiy himoya samarasini oshirish ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi.
Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash ishlarini yangi bosqichga koʻtaramiz.
Muxtasar aytganda, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob maqsadni barchamiz birgalikda amalga oshiramiz.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Barchangizni, chet ellardagi vatandoshlarimiz, xorijiy hamkor va doʻstlarimizni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Yangi yil har bir inson, har bir oilaga, jonajon yurtimizga katta-katta yutuq va omadlar olib kelsin!
Hamma ezgu niyatlarimiz roʻyobga chiqsin!
Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti