Qadrli oʻgʻil-qizlarim!
Siz, azizlarni mamlakatimiz hayotidagi qutlugʻ ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Biz oʻz oldimizga qoʻygan ulkan maqsadlarimiz ijobatini, Yangi Oʻzbekiston kelajagini butun el-yurtimiz qatori sizdek azmu shijoatli farzandlarimiz bilan bogʻliq holda koʻramiz. Shu bois, yoshlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularni kamol toptirish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda.
Bu haqda soʻz yuritganda, soʻnggi yillarda yurtimizda yoshlar bilan ishlash boʻyicha dunyoda oʻxshashi kam boʻlgan vertikal boshqaruv tizimi yaratilganini taʼkidlash lozim. Bu esa mahallalardagi Prezident vakillari boʻlgan yoshlar yetakchilari orqali qancha-qancha yigit-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq koʻplab masalalarni quyi boʻgʻinning oʻzida hal etish imkonini bermoqda.
Ayniqsa, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar balansi” platformasi asosida olib borayotgan keng koʻlamli ishlarimiz natijasini oʻgʻil-qizlarimiz oʻz hayotida aniq his etmoqda.
Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish boʻyicha joriy etilgan yangi tizim tufayli bu yilning oʻzida “mahalla yettiligi” tavsiyasi bilan 156 ming yoshga 60 ming gektar yer maydoni 30 yil muddatga ijaraga berilgani ham shu yoʻldagi muhim qadamdir.
Albatta, yoshlarning mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda muhim yutuqlarga erishayotgani barchamizni xursand qiladi. Birgina oʻtgan oʻquv yilida maktab oʻquvchilarimizdan 55 nafari matematika, kimyo, biologiya, fizika va informatika fanlari boʻyicha nufuzli xalqaro olimpiadalarda 8 ta oltin, 15 ta kumush, 32 ta bronza medalini, madaniyat va sanʼat sohasidagi nufuzli xalqaro tanlovlarda esa yoshlarimizning 383 nafari bosh sovrinni, 1 ming 359 nafari 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Yaqinda Qatarda boʻlib oʻtgan futbol boʻyicha Osiyo kubogi oʻyinlarida Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi mamlakatimiz tarixida ilk bor Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritgani ham barchamizga cheksiz gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Mana, bizning qanday isteʼdodli, bilimli va matonatli yoshlarimiz bor! “Yangi Oʻzbekiston yoshlari” degan sharafli nomga har tomonlama munosib boʻlgan bunday yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir.
Qadrli navqiron doʻstlarim!
Oʻzbekistonda yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar dunyo miqyosida tan olinmoqda. Oʻtgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga koʻra, Oʻzbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb eʼtirof etilgani ham shundan dalolat beradi. Shuningdek, BMT tomonidan “Yoshlar strategiyasi – 2030”ni namunaviy tarzda amalga oshirish boʻyicha tanlab olingan 10 ta mamlakatdan biri aynan Oʻzbekistondir. 2022 yilda Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, 2024 yilda esa azim Toshkentimiz – Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mintaqasida birinchi yoshlar poytaxti deb eʼlon qilindi.
Shu kunlarda mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan Butunjahon yoshlar festivali ham Oʻzbekistonga boʻlgan yuksak eʼtibor namunasi, desak, toʻgʻri boʻladi. Ushbu anjumanda 92 ta mamlakatdan 700 nafardan ziyod chet ellik yoshlar, 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning vazirlik va idoralaridan rahbar va masʼul xodimlar ishtirok etmoqda. Eng muhimi, yurtimiz yoshlarining butun dunyoda doʻstlari, hamkorlari koʻpaymoqda, bilim va kasb oʻrganish, global muloqot va almashuvlarda ishtirok etish imkoniyatlari kengaymoqda.
Aziz oʻgʻil-qizlarim!
Farzandlari bilimli, isteʼdodli, oʻzining kuchi va salohiyatiga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning istiqboli albatta yorugʻ boʻladi. Biz Oʻzbekiston yoshlarini ana shunday ezgu fazilatlar sohiblari etib tarbiyalash uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Hech qachon unutmang, sizlar yoshlikning har bir daqiqasini gʻanimat bilib, doimo bunyodkorlik va ijodkorlik hissi bilan, Vatanga cheksiz mehr va sadoqat tuygʻusi bilan yashasangiz albatta kam boʻlmaysiz.
Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, oʻz oldingizga qoʻygan maqsadlarga erishishda barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, omad va zafarlar tilayman.
Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz oʻgʻil-qizlarim!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti