Siz, aziz oʻgʻil-qizlarimni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni yurtimizda keng nishonlanayotgan Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Ushbu qutlugʻ ayyomda barchamiz yoshlik inson umrining naqadar goʻzal va begʻubor fasli, ulkan orzu-umidlar, beqiyos imkoniyatlar davri ekanini yanada chuqur his qilib, siz, navqiron farzandlarimizga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Oʻtgan qisqa davrda jamiyatimiz hayotidan mustahkam oʻrin egallagan bu bayram davlatimiz, xalqimiz oʻz farzandlarining baxti va kamoli uchun hech narsani ayamasligini, mamlakatimiz yoshlari ham Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilishni oʻz hayotining mazmuni deb bilishini yaqqol ifoda etmoqda.
Haqiqatan ham, yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash yurtimizda davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda.
Buni keyingi ikki yilda shu sohaga oid 3 ta qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining oʻnlab farmonlari, qaror va farmoyishlari qabul qilingani hamda shu asosda ulkan ishlar amalga oshirilgani ham yaqqol tasdiqlaydi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, hududlarda esa hokimlar raisligida Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengashlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya va “Yoshlar klubi” ish boshladi.
Yigit-qizlarimizning biznes loyihalari uchun “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan bugungi kunga qadar 692 milliard 400 million soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratilib, 25 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratilgani, respublikamiz boʻyicha 125 ta “Yoshlar mehnat guzari”, 19 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi foydalanishga topshirilgani ayniqsa eʼtiborlidir.
Yurtimizda tashkil etilayotgan yangi-yangi bogʻchalar, maktablar, oliy oʻquv yurtlari, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari, madaniyat va sport inshootlari, “Temurbeklar maktabi”, “Prezident maktablari”, “Ijod maktablari” deb nom olgan mutlaqo yangi namunadagi taʼlim maskanlari bugungi globallashuv sharoitida raqobatga qodir boʻlgan etuk kadrlarning yangi avlodini tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Keyingi paytda umumxalq harakatiga aylanib borayotgan besh ijobiy tashabbusning mazmuni va ahamiyatini yoshlarimiz chuqur tushunib, uni amalga oshirishda faol ishtirok etayotganini biz albatta yuksak baholaymiz. Bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan katta qurilish va obodonchilik ishlari bilan birga, “Yoshlar kutubxonasi” turkumidagi 470 mingta badiiy adabiyotlar respublikamizdagi barcha maktablar hamda Yoshlar ittifoqining mahalliy kengashlariga bepul tarqatilgani muhim ahamiyatga ega.
Yosh avlodning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun yaratilgan sharoitlar ham bugun oʻzining amaliy natijasini bermoqda. Buning tasdigʻini yosh sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib, 520 ta oltin, 544 ta kumush, 588 ta bronza medaliga sazovor boʻlganida ham koʻrish mumkin.
Azmu shijoatli, navqiron yigit-qizlarimizning oʻz sohasida, jamoat ishlarida erishayotgan yutuqlarini munosib ragʻbatlantirishga davlatimiz tomonidan katta ahamiyat berilmoqda.
Masalan, oʻtgan yili ana shunday vatanparvar, fidoyi yuzlab yoshlarimiz “Doʻstlik” ordeni va “Shuhrat” medali, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Kelajak bunyodkori” medali, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti bilan taqdirlandi. Yana 28 nafar azamat yigitlarimiz yangi taʼsis etilgan “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Bugun ularning saflariga yana bir guruh faol yoshlarimiz qoʻshilayotgani barchamizni quvontiradi.
Aziz farzandlarim!
Yoshlarimiz oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini mustahkamlash, ayniqsa, ularning qariyb 50 foizini tashkil etadigan qiz bolalarni hayotga tayyorlash, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, oilaviy ajrimlar, oʻsmirlar orasida jinoyatchilik holatlarining oldini olish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.
Joriy yilning oʻtgan davrida yoshlar jinoyatchiligi 2018 yilga nisbatan 37 foizga kamaygani, adashib xato yoʻlga kirgan, oʻz qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlgan 599 nafar shaxs Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida sud zalidan ozod qilinib, ularga yengil jazo turlari tayinlangani jamiyatimizda kechirimlilik, mehr-oqibat va oʻzaro ishonch muhitini kuchaytirish yoʻlidagi yangi qadamdir.
Biz yoshlarning mamlakatimiz hayotidagi demokratik jarayonlarda faol ishtirok etishiga, ularning siyosiy va ijtimoiy salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim.
Bu borada oʻz saflarida 7 million 680 ming aʼzoni birlashtirgan Yoshlar ittifoqi tomonidan joylarda olib borilayotgan ishlarni eʼtirof etgan holda, ularni yanada kuchaytirish zarurligini taʼkidlash joiz. Ayniqsa, bu yil mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga boʻladigan saylovlarda chuqur bilim, qatʼiy grajdanlik pozitsiyasiga ega boʻlgan yoshlarimiz faol qatnashib, vakillik organlarida munosib oʻrin egallasa, bu nafaqat yosh avlodning, balki butun xalqimiz manfaatlarini taʼminlashga katta hissa boʻlib qoʻshiladi.
Qadrli yosh doʻstlarim!
Bugungi notinch va tahlikali zamonda yoshlarning ongi va qalbini egallashga qaratilgan turli xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotganini barchangiz yaxshi bilasiz. Ularga qarshi kurashishda xalqimizning boy tarixi va madaniyati, buyuk ajdodlarimiz jasorati, jonajon Oʻzbekistonimizning milliy manfaatlari biz uchun kuch-qudrat manbai boʻlib xizmat qiladi.
BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston tomonidan “Yoshlar huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiyani ishlab chiqish tashabbusi ilgari surilgani jaholatga qarshi – maʼrifat tamoyili asosida olib borayotgan keng koʻlamli ishlarimizning uzviy bir qismi boʻlib, u yer yuzidagi ikki milliarddan ziyod yoshlarning haq-huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga egadir.
Biz Oʻzbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga mahkam bel bogʻlagan ekanmiz, bu ulugʻ ishni ertaga emas, bugun boshlashimiz, buning uchun avvalo navqiron yoshlarimizga zarur sharoitlarni aynan bugun yaratib berishimiz kerak.
Shu munosabat bilan sizlarni ishontirib aytmoqchiman: biz yoshlarning orzu-intilishlari, ilgʻor gʻoya va tashabbuslarini roʻyobga chiqarish maqsadida boshlagan ishlarimizni nainki davom ettiramiz, balki ularni yangi, yanada yuksak bosqichga koʻtaramiz.
Aziz oʻgʻil-qizlarim!
Bugun biz oʻz oldimizga qoʻygan ulkan va masʼuliyatli vazifalar butun xalqimiz kabi sizlardan ham har tomonlama katta tayyorgarlik va safarbarlikni talab etmoqda.
Ishonchim komil, sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot choʻqqilarini egallab, oʻz amaliy ishlaringiz, gʻayrat-shijoatingiz bilan jonajon Vatanimizga munosib, sadoqatli farzandlar boʻlasiz.
Sizlarni Yoshlar kuni bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, shaxsiy va ijtimoiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti