Oʻzbekiston yoshlariga bayram tabrigi

0
127
marta koʻrilgan.

Qadrli yoshlar, aziz oʻgʻil-qizlarim!

Sizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni mamlakatimizda birinchi marta nishonlanayotgan qutlugʻ ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mana shunday quvonchli kunda avvalo yurtimizda keyingi paytda yoshlar bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani, oʻgʻil-qizlarimizning ijtimoiy faolligi, Vatan va  xalq taqdiriga daxldorlik hissi kuchayib borayotganini, zamonaviy, demokratik Oʻzbekiston davlatini barpo etishda navqiron avlodimizning munosib ishtirok etayotganini barchamiz minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz. 

Kelajagimiz egalari boʻlgan yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish biz olib borayotgan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishi boʻlib, bu yoʻlda ulkan ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi maʼlum, albatta.

Oʻtgan bir yilning oʻzida yoshlar hayotiga bevosita taalluqli boʻlgan 20 dan ziyod qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Ayniqsa, sizlarning tashabbusingiz bilan bundan bir yil muqaddam Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgani yoshlarimiz, butun el-yurtimiz hayotidagi muhim voqea boʻldi.

Albatta, bir yil – tarix uchun juda qisqa fursat. Shunga qaramasdan, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi oʻtgan qisqa davrda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yoʻlida davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik qiladigan muhim ijtimoiy tuzilmaga aylandi. 

Shu asosda yosh avlodimizning grajdanlik pozitsiyasi va faolligini kuchaytirish, uni mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallab, xalqaro maydonda raqobatga kirisha oladigan barkamol shaxslar etib tarbiyalash boʻyicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, yoshlar bilan doimiy muloqot olib borish, ularning bandligini taʼminlash, hayotda oʻz oʻrnini topishi, jamiyatning munosib aʼzolariga aylanishi, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash vazifasi barchamizning kundalik faoliyatimiz mezoniga aylanib bormoqda.

Buning amaliy tasdigʻini koʻplab misollarda koʻrish mumkin. Xususan, yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, yosh tadbirkorlarga, ayniqsa, qizlarimizga hunarmandlik bilan shugʻullanishlari uchun kreditlar ajratish, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish, fermerlikni qoʻllab-quvvatlash, farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasi, ularni sogʻlomlashtirish va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha muhim qadamlar qoʻyilmoqda.

Faqat bir yil davomida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tavsiyasi bilan 4 ming 300 ga yaqin yigit-qizlarimizga banklar tomonidan 216 milliard soʻm imtiyozli kreditlar berilgani, 184 ming 300 dan ziyod farzandlarimiz ish bilan taʼminlangani eʼtiborga loyiq. 

Mamlakatimizda markaziy va mahalliy hokimlik idoralari, deputatlar korpusi, sud-huquq sohasi rahbarlarining yoshlar bilan ochiq muloqotlar olib borishi ijobiy anʼanaga aylanib bormoqda. Bunday muloqot va uchrashuvlarda yoshlarni qiynayotgan koʻpgina muammolar joyida hal etilmoqda, ularga amaliy yordam, malakali maslahat va yoʻllanmalar berilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish, uni innovatsion asosda rivojlantirish, oʻz oldimizga qoʻygan koʻp qirrali va murakkab vazifalarni amalga oshirish maqsadida biz zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, har qanday vaziyatda ham masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir boʻlgan, gʻayrat-shijoatli, intellektual salohiyati yuksak, vatanparvar  yosh kadrlarga davlat va jamiyat boshqaruvida muhim vazifalarni ishonib topshirmoqdamiz. 

Bu borada yosh, istiqbolli kadrlar uchun tajriba va mahorat maktabini oʻtayotgan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi saflarida toblangan, zamonaviy bilim va koʻnikmaga, yetakchilik salohiyatiga ega boʻlgan koʻplab yoshlar vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va banklar, xoʻjalik birlashmalariga masʼul lavozimlarga tayinlanayotgani hayotimizga yangicha ruh va mazmun bagʻishlamoqda.

Bugungi kunda Harakatlar strategiyasi doirasida “Yoshlar – kelajak bunyodkori”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Aqlli shahar” kabi keng qamrovli dasturlarni amalga oshirishda aynan ana shunday tashabbuskor, har bir masalaga yangicha yondashadigan oʻgʻil-qizlarimiz faol ishtirok etayotgani, hech shubhasiz, barchamizni xursand qiladi. 

Ishonaman, bunday ulkan bunyodkorlik jarayonlari yoshlarimiz ilgari surayotgan loyiha va tashabbuslarni yuzaga chiqarishda, ularning el-yurtimizga fidoyi rahbar va mutaxassis, haqiqiy shaxs va grajdan boʻlib shakllanishida beqiyos oʻrin tutadi.

Jonajon Vatanimizning yangi qiyofasini yaratishda oʻz mehnati, tashabbuskorligi va maʼnaviy fazilatlari bilan boshqalarga oʻrnak va namuna boʻlayotgan azmu shijoatli yoshlarimiz uchun “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti hamda “Kelajak bunyodkori” medalini taʼsis etganimiz va bugun sizlarning orangizda shu mukofotlarning ilk sovrindorlari borligi barchamizga mamnuniyat bagʻishlaydi.

Oʻtgan bir yil mobaynida oʻgʻil-qizlarimizdan 266 nafari respublika, 80 nafari xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari boʻlgani, sportchilarimizdan 12 nafari jahon, 93 nafari Osiyo chempionatlarida, 150 nafardan ziyodi xalqaro musobaqalarda yuksak shohsupalarga koʻtarilganini ana shunday ezgu ishlarimizning dastlabki natijalari sifatida qabul qilamiz. 

Yoshlarimizning milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida, har tomonlama sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishi uchun taʼlim-tarbiya sohasida ulkan oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, maktabgacha taʼlim muassasalarining zamonaviy tizimi  yaratilmoqda, umumtaʼlim maktablarida 11 yillik taʼlim joriy etilmoqda. Oliy taʼlim tizimida yangi, zamonaviy bilim maskanlari, jumladan, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, soha faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda. 
Yurtimizda Temurbeklar harbiy litseylari, Muhammad Xorazmiy va Mirzo Ulugʻbek maktablari, atoqli adiblarimiz nomidagi ijod maktablari tashkil etilgani unib-oʻsib kelayotgan farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib avlod etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Biz bu boradagi ishlarni kelgusida ham albatta izchil davom ettiramiz. Xususan, iqtidorli yoshlarimizni dunyoning eng yetakchi universitetlari, ilmiy markazlarida davlat homiyligida oʻqitish, malakasini oshirish boʻyicha samarali tizim yaratish – oldimizda turgan muhim vazifadir.

Yoshlarni, yosh oilalarni ijtimoiy himoya qilish masalasi ham biz uchun eng muhim va ustuvor yoʻnalishga aylanib bormoqda. Bu borada mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Yoshlar uylarini barpo etish dasturi hayotga izchil joriy etilayotganini taʼkidlash lozim. 

Qadrli oʻgʻil-qizlarim!

Bugungi bayram kunida barchamizning umid va ishonchimiz boʻlgan siz, aziz yoshlarning erishgan yutuqlaringiz bilan birga yangi vazifalar, yechimini kutib turgan kamchilik va muammolar hamda ularni bartaraf etish yoʻllari haqida soʻz yuritishimiz tabiiydir. 

Bu haqda gapirganda, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining navqiron yigit-qizlarni ish bilan taʼminlash, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, farzandlarimiz oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligini taʼkidlash lozim. 

Afsuski, yoshlarimiz hayotidagi katta-kichik har bir muammoga jiddiy qarab, aniq amaliy yechim topish, yoshlar bilan bevosita ishlash, doimiy muloqot qilish oʻrniga dabdabali tadbirlar oʻtkazish, kampaniyabozlikka berilishdek yaroqsiz ish usulidan hali ham butunlay qutulganimiz yoʻq. 

Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz barchamiz endigina bir yillik shakllanish yoʻlini bosib oʻtgan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tezroq ulgʻayishi, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy tizimida, yoshlarimiz hayotida oʻzining mustahkam va munosib oʻrnini topishini istaymiz va buning uchun zarur amaliy yordam berishga tayyormiz. 

Balki bugungi quvonchli ayyomda bunday noxush holatlarni eslash joiz emasdir. Lekin biz oʻz faoliyatimizni tanqidiy baholab, muammolarimizni oʻzimiz bartaraf etmasak, hech kim chetdan kelib ularni biz uchun  hal qilib bermaydi. 

Yoshlarimizning hayotiy muammolariga yanada koʻproq eʼtibor qaratish, ularga mos boʻlgan zamonaviy ish oʻrinlarini koʻpaytirish, ezgu intilish va tashabbuslari, innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, yosh avlodimizning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash bundan buyon ham barcha darajadagi davlat idoralarining eng asosiy, hal qiluvchi vazifasi boʻlib qoladi.
Yoshlar oʻrtasida tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun Yoshlar tadbirkorligi hududlari, Toshkent shahrida Yoshlar innovatsion texnoparkini tashkil etish, shuningdek, Fanlar akademiyasiga qarashli ilmiy laboratoriyalar va markazlar negizida yosh olimlarning ilmiy tadqiqotlarini yoʻlga qoʻyish kabi ishlarni sizlarning faol ishtirokingiz bilan yaqin kelajakda amalga oshiramiz.

Kuni kecha qabul qilingan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etilgan maxsus jamgʻarma mamlakatimiz iqtisodiyotida zamonaviy  texnologiyalarni qoʻllash, yoshlarni bu jarayonga keng jalb etishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugungi kunda Oʻzbekistonda olib borilayotgan yoshlarga doir davlat siyosati va uning amaliy natijalari jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotmoqda. Mamlakatimiz tomonidan bu borada ilgari surilayotgan tashabbuslar, jumladan, BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga murojaati va uni amalga oshirish boʻyicha Harakatlar dasturini qabul qilish va amalga oshirish borasidagi takliflarimiz xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Hammamiz koʻrib, kuzatib turibmiz – bugungi shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi ufq va imkoniyatlar ochish bilan birga, ularni ilgari koʻrilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor etmoqda. 

Diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” kabi tahdidlar qancha-qancha oilalar, mamlakatlar boshiga ogʻir kulfatlar olib kelmoqda, gʻarazli kuchlar hali ongu tafakkuri toʻla shakllanib ulgurmagan bolalarni oʻz ota-onasi, Vataniga qarshi qoʻyib, ularning hayotiga zomin boʻlmoqda. Shuning uchun biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-koʻy bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirib, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat aytganidek, bu dunyo haqiqatan ham kurash maydoniga, sogʻlom tan, oʻtkir aql va yaxshi axloq esa bu kurashning quroliga aylanib borayotganini chuqur anglab, shu borada jaholatga qarshi maʼrifat asosida ish olib borishimiz zarur.

Xalqimizga xos bagʻrikenglik, kechirimlilik va olijanoblik fazilatlaridan kelib chiqib, bilib-bilmay jinoyatga qoʻl urgan, toʻgʻri yoʻldan adashgan, oʻz qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlgan yoshlarni kechirish va tinch hayotga qaytarishga  yurtimizda katta eʼtibor qaratilmoqda. 

Ana shunday amaliy ishlarimiz tufayli yuzlab yoshlar – Oʻzbekiston fuqarolari ota-onasi, oilasi bagʻriga qaytgani jamiyatimizda sogʻlom ijtimoiy muhitni, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻlayotganini alohida taʼkidlash lozim.

Hurmatli doʻstlar!

Biz – barchamiz, qayerda boʻlmaylik, yagona Oʻzbekiston farzandlari ekanimizni anglab, shu buyuk tuygʻuni eʼzozlab yashasak, albatta kam boʻlmaymiz. 

Shuning uchun biz chet ellarda turli sohalarda jiddiy yutuqlarga erishgan vatandoshlarimiz tashabbusi bilan “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tuzilganini qoʻllab-quvvatlaymiz. Xorijiy davlatlarda oʻqib, mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimiz, birinchi navbatda yoshlarimizning bilimi va imkoniyatlarini Vatanimiz ravnaqi yoʻlida birlashtirish biz oʻz oldimizga qoʻygan maqsadlarga toʻla javob beradi.

Ayni vaqtda Oʻzbekiston yoshlarining zamon bilan hamnafas boʻlib, dunyoning olis va yaqin mamlakatlaridagi tengdoshlari bilan samarali muloqot, doʻstlik va hamkorlik munosabatlari oʻrnatishi gʻoyat muhim, ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.

Shu kunlarda yurtimizda boʻlib oʻtayotgan Markaziy Osiyo yoshlari forumi ana shunday keng miqyosdagi muloqot yoʻlida dastlabki jiddiy qadamdir. 

Aziz yoshlar, qadrli farzandlarim!

Mana shu quvonchli kunda sizlarni, koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqini ishontirib aytmoqchiman: biz yoshlarga doir davlat siyosatini hech ogʻishmasdan, qatʼiyat bilan  davom ettiramiz. Nafaqat davom ettiramiz, balki bu siyosatni ustuvor vazifa sifatida bugun davr talab qilayotgan yuksak darajaga koʻtaramiz. Sizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab, hayotda oʻz mustahkam oʻrningizni topishingiz, baxtli boʻlishingiz uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz.

Siz, jondan aziz oʻgʻil-qizlarimizdan faqat bitta iltimosimiz, bitta tilagimiz bor: ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringiz, xalqimizning sizlardan kutayotgan orzu-umidlarini amaliy ishlar bilan roʻyobga chiqarish yoʻlida hormang, charchamang!

Oʻqish-oʻrganish, doimiy izlanish, ilm-fanga, taraqqiyot choʻqqilarini egallashga intilib yashash doimo hamrohingiz boʻlsin!

Men sizlarning har biringizga el-yurtimiz faxrlanadigan, jonajon Oʻzbekistonimizning munosib farzandi, haqiqiy inson boʻlish baxti nasib etishini tilayman.   
Sizlarni Yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga yangi yutuqlar, baxt va omad tilayman. 

Hamisha sogʻ-omon boʻling, aziz farzandlarim! 
 

                             Shavkat Mirziyoyev,
                 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.