Yoshlarni oilaga tayyorlash, erta nikohlarning oldini olish bugungi kunda dolzarb sanaladi. Ayni masala oilaning mustahkamligi, unga darz ketmasligida asosiy omildir. “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan oilalarni asrash, erta nikohlarning oldini olish boʻyicha qanday ishlar olib borilmoqda?
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti oilalar mustahkamligi, oilalarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, farzand tarbiyasi borasidagi masʼuliyatni oshirish, gender tengligi, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilishga oid turli uslubiy qoʻllanmalar tayyorlash, chop etish hamda targʻibot loyihalarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirishda samarali ish olib bormoqda.
Institut tomonidan doimiy ravishda oilalardagi turli salbiy holatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish borasida tavsiyalar, oʻquv qoʻllanmalar, ilmiy risolalar tayyorlanadi. Mahalla xotin-qizlar faollari ayni qoʻllanmalar asosida oʻz faoliyatini tashkil etadi. Institutda erta nikoh holatlarining oldini olish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, erta nikohning oldini olishga qaratilgan 3 ta amaliy va 1 ta innovatsion loyiha bajarildi. Loyihalar natijasida erta turmushning oldini olishga qaratilgan 3 ta ijtimoiy rolik, 2 ta animatsion filmlar yaratildi. Ular respublika va hududiy ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.
Erta nikohlarning oldini olish, ularning salbiy oqibatlari yuzasidan mahallalardagi “Ota-onalar universitetlari” uchun 9 ta, maktablar va professional taʼlim muassasalari uchun 7 ta, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari uchun 7 ta taqdimot tayyorlanib, amaliyotga tatbiq etildi.
Maktab yoshidagi oʻquvchilarning huquqiy ongini oʻstirish boʻyicha keyslar va testlar toʻplamidan umumtaʼlim maktablarining huquq fani oʻqituvchilari dars jarayonida foydalanishi uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga taqdim etildi.
Ota-onalar hamda yoshlar uchun “Erta turmush – yetti oʻlchab, bir kesing”, “Erta turmush – barchaga tashvish”, “Erta va yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohga qarshi birga kurashamiz” nomli ilmiy-uslubiy qoʻllanmalar yaratildi hamda ular “Kitoblar karvoni” loyihasi orqali barcha hududlarga yetkazildi.
Erta nikohning oldini olishga qaratilgan 12 ta tarqatma material (buklet va flayerlar) tayyorlandi va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.
Erta nikohlarning oldini olish yuzasidan uslubiy qoʻllanmalar, multimedia mahsulotlari, tarqatma materiallar 14 ta hududiy Oila va xotin-qizlar boshqarmalariga, 208 ta tuman, shahar boʻlimlariga, 185 ta yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlariga, yurtimizdagi 9 ming 370 ta mahallalarga jamoatchilik tuzilmalari va mahalla xodimlari tomonidan targʻibot ishlarini olib borishda foydalanish uchun yetkazildi.
Shuningdek, mahalladagi xotin-qizlar faollarining yigʻilishlarida institut tomonidan yaratilgan multimedia mahsulotlarining namoyishi tashkillashtirildi va mahallalardagi “Ota-onalar universitetlari”ga hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilotlariga yetkazildi.
Institut tomonidan erta turmush va erta tugʻuruq qayd etilgan hududlardagi oʻzgarishlarni elektron tarzda kuzatuv xaritasi yaratildi. Aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish va targʻibot tadbirlarini kuchaytirish maqsadida “Mening oilam” mobil ilovasi ishlab chiqildi. Mazkur ilovaga 50 dan ortiq aholi uchun foydali boʻlgan maʼlumotlar, videorolik, buklet va flayerlar joylashtirilgan. Xulosa qilib aytganda, institut tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar barqaror rivojlanish milliy maqsad va vazifalarga erishish, shuningdek oila, xotin-qizlar va gender tenglikka oid xalqaro indeks va reytinglarda Oʻzbekistonning oʻrnini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
N.Usmonova,
OʻzA