Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari, ekspertlar guruhi hamda OAV vakillari ishtirok etgan brifingda Konstitutsiyaviy komissiyaning uchinchi tashkiliy yigʻilishida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan maʼlumot berildi.
Taʼkidlanganidek, fuqarolardan kelayotgan takliflarni qabul qilish, oʻrganish, umumlashtirish keng qamrovda va tizimli tashkil etilmoqda. Xususan, komissiya huzuridagi Takliflar bilan ishlash guruhi tomonidan 24 soat davomida fuqarolarimizdan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish boʻyicha takliflar qabul qilinmoqda.
Hozirgi kunga qadar Konstitutsiyaviy komissiyaga boshqa hududlarga nisbatan Toshkent shahri, Andijon, Fargʻona, Surxondaryo, Jizzax viloyatlaridan koʻproq takliflar kelib tushgan. Ularning 70 foizdan ortigʻi 30 yoshgacha boʻlgan fuqarolardan kelgani esa ularning bu jarayonga faol ekanligini koʻrsatmoqda.
Brifingda taʼkidlanganidek, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari, ayniqsa siyosiy partiyalar, mahallalar hamda ilmiy-tadqiqot institutlarining faolligi yaqqol sezilayapti. Fuqarolik jamiyati institutlari bir tomondan Konstitutsiyani boyitish maqsadida asoslantirilgan jamoaviy takliflarni berishda jonbozlik koʻrsatayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan xalqimiz orasida konstitutsiyaviy islohotlarning targʻibotida ham faol ishtirok etmoqda.
Shuningdek, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati, Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Fanlar Akademiyasi tarkibidagi tadqiqot institutlari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Akademiyasi, Sudyalar oliy maktabi kabi institutlar Konstitutsiyaviy komissiyaga jamoaviy takliflar yuborishda yetakchi oʻrinlarda turibdi.
Brifingda oʻtgan vaqt ichida kelib tushgan takliflarning mazmun-mohiyati haqida ham maʼlumot berildi. Qayd etilishicha, fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan takliflarning salmoqli qismini inson shaʼnini hamma narsadan ustun qoʻyish, sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, taʼlimni rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash, xususiy mulk himoyasini muhofaza qilish, tadbirkorlik va investitsiyaviy muhitni yaxshilashga doir masalalar tashkil etmoqda.
Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berilarkan, fuqarolarimizga konstitutsiyaviy islohotlarga oid oʻzgartish va qoʻshimchalar mazmun-mohiyati haqida tezkor, xolis va toʻlaqonli axborot yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari, jumladan, televideniye, radio, gazeta va jurnallar hamda internet nashrlari bilan oʻzaro hamkorlik oʻrnatilgani taʼkidlandi.
Komissiya oʻz faoliyatini boshlangan kundan boshlab hozirga qadar jami 626 ta lavhalar, intervyular, informatsion va maxsus koʻrsatuvlar efirga uzatildi. Davlat va nodavlat radiokanallarida jami 343 ta informatsion va maxsus eshittirishlar tashkil qilindi .
Shuningdek, markaziy va hududiy bosma nashrlarda 100 dan ortiq maqolalar chop etilgan boʻlsa, internet nashrlarida esa 415 ta, “Telegram”, “Facebook”, “Instagram”, “YouTube” kabi ijtimoiy tarmoqlarda jami 3 789 ta axborot materiallari eʼlon qilingan.
Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida 145 dan ortiq axborot materiallari joylashtirildi. Qolaversa, konstitutsiyaviy islohotlarni targʻib qilishga qaratilgan 50 dan ortiq reportaj, videoroliklar tayyorlanib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishi taʼminlanmoqda.
Brifingda joriy yilning 3-8 iyun kunlari barcha mobil aloqa operatorlari orqali fuqarolarning Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol boʻlishi uchun sms-xabarnomalar yuborilishi tashkil qilingani yuzasidan ham maʼlumot berildi.
Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmati